Muhammad sollallohu alayhi vasallamga muhabbatni imonning bir bo‘lagi qilgan va U zotning sunnatlarini eng to‘g‘ri yo‘l qilib bergan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Nima uchun biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yib, u kishini sevamiz? Chunki, Alloh bizlarni zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga shu Zot tufayli olib chiqqandir. Zotan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning shariat qilib bergan dinini to‘la-to‘kis, Rabbimiz amr etgani kabi yetkazib, omonatini mukammal sizu biz ummatlariga topshirganlar. Bu ishlarni biz ummatlarini juda ham yaxshi ko‘rganlari va mehr-shafqatlarini go‘zal bo‘lganlaridan ado etganlar. Bas, shunday ekan Alloh taolo U zoti sharifni chiroyli mukofotlar bilan siylasin. O‘z Rasulini sevish va muborak izlaridan ergashishni bizga, farzandlarimizga va barcha insonlarga nasib etsin.
Payg‘ambarga sevgi-muhabbat deganda nimani tushinmoq kerak? Ya’ni, har bir musulmon kishi qalbini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga moil qilib, boshqa barcha narsalarning muhabbatidan U zotga bo‘lgan muhabbatni ustun ko‘yish demakdir. Aslida, muhabbat deganda - muhabbat qo‘yilgan narsaga muvofiq bo‘lgan xolatni tushuniladi. Moyillik esa - u bilan lazzat olish va ma’qul ko‘rish demakdir. Xuddi bir narsani suratini, ovozini yoki bo‘lmasa taomni suyganga o‘xshash. Inson o‘z aqli bilan lazzat olishi botiniy ma’no hisoblanib, bu solih, olim va fazl ahllarini muhabbatlaridir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatda bularning hammasi mujassam bo‘lmog‘i darkor. Bu muhabbat insonni zohiriy va botiniy go‘zallik, jami ulug‘lik xislatlarini kamoli, fazilatlarning barcha turi, eng to‘g‘ri yo‘lda mustaqim bo‘lishi, ne’matlarning davomiyligi va abadiy azobdan xalos bo‘lish kabi ma’nolarga ega qiladi.
Shunday ekan, biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga har taraflama rishtalarni bog‘lab, qalbimizni hissiy va ma’naviy, aqliy tomondan ma’rifat va ilm bilan, siyratlari va hadislarini yod olish hamda sunnatlariga ergashish orqali muhabbatlarimizni isboti bo‘lsa, sunnatlariga amal qilish a’zolarning muhabbati tasdig‘i bo‘ladi. Ammo sunnatlariga ergashsa bo‘ldi shuni o‘zi muhabbatga kifoya qiladi deyilgani emas, albatta. Balki muhabbat qalb va nafs bilan uyg‘unlashgandagina mukamal o‘z ifodasini topadi. Shundagina musulmon odam vijdonan qalb amallarini eng yaxshisini bajargan bo‘ladi. Shu sabab insonlarning muhabbat darajalari bir-biridan farqlanadi.
Muhabbatur-rasul vojib amal ekaniga quyidagi oyat dalolat qiladi:
قُلْ إِنْ كَانَ آَبَاؤُكُمْ وَأَبْنَاؤُكُمْ وَإِخْوَانُكُمْ وَأَزْوَاجُكُمْ وَعَشِيرَتُكُمْ وَأَمْوَالٌ اقْتَرَفْتُمُوهَا وَتِجَارَةٌ تَخْشَوْنَ كَسَادَهَا وَمَسَاكِنُ تَرْضَوْنَهَا أَحَبَّ إِلَيْكُمْ مِنَ اللَّهِ وَرَسُولِهِ وَجِهَادٍ فِي سَبِيلِهِ فَتَرَبَّصُوا حَتَّى يَأْتِيَ اللَّهُ بِأَمْرِهِ وَاللَّهُ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الْفَاسِقِينَ
“Ayting (ey, Muhammad): “Agar otalaringiz, farzandlaringiz, aka-ukalaringiz, xotinlaringiz, qarindoshlaringiz, mehnat bilan topgan mol-mulklaringiz, kasod bo‘lishidan qo‘rqqan tijoratingiz va yoqtirgan maskanlaringiz sizlar uchun Alloh va Rasulidan (Madinaga hijrat qilishdan), Uning (toati) yo‘lidagi jiddu-jahd qilishdan (ko‘ra) suyukliroq bo‘lsa, (unda) to Alloh o‘z amri (azobini) keltirguniga qadar kutib turingiz! Alloh (esa) fosiqlar qavmini hidoyat etmagay” (Tavba surasi, 24-oyat).
Mazur oyati karimada Alloh va payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamga muhabbat hamma narsalarning muhabbatidan oldin turishlikka da’vat qiladi. Boshqa oyati karimada:
النَّبِيُّ أَوْلَى بِالْمُؤْمِنِينَ مِنْ أَنْفُسِهِمْ ...
“Payg‘ambar mo‘minlarga o‘zlaridan ham haqliroqdir...” (Ahzob surasi, 6-oyat). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari boshqa barcha narsalarga qo‘ygan muhabbatdan ko‘ra ustunroq bo‘lmaguncha imonlari komil bo‘lmagay, deganidir.
Hadisi sharifda esa Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar (Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “mo‘min bo‘la olmaydi” deganlaridan murod, komil imonli mo‘min bo‘la olmaydi, deganlaridir. Shu bilan birgalikda bu hadis musulmon kishiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yish vojib ekanligiga dalolat qiladi. Shundagina, haqiqiy imon egasi, najot topuvchi kishiga aylanar ekan.
Ulamolarimiz kishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatining qanchalik chin ekanligiga kuyidagi o‘n ish dalolat qiladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasllam huzurlariga kelib: “Ey, Allohning rasuli! Qiyomat qachon bo‘ladi?”, deb savol qildi. “Sen qiyomatga nimani hozirlab qo‘yding?”, dedilar Payg‘ambar alayhissalom. Savol bergan kishi: “Men Alloh va uning Rasulini muhabbatidan boshqa arzigulik hech narsa tayyorlamadim”, deb javob qildi. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, sen o‘zing yaxshi ko‘rganlar bilan birgasan, har kim o‘zi yaxshi ko‘rganlar bilan birga bo‘ladi”, deb marhamat qildilar.
Anas roziyallohu anhu: “Biz islom kelgandan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlarini eshitganchalik xursand bo‘lmaganmiz”, dedi.
Alloh taolo barchalarimizning qalbimizga Rasulini muhabbatini jo qilsin. Qiyomatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “hamd” bayroqlari ostida turish va U zotning muborak shafoatlariga erishish hamda jannatda Rasuliga qo‘shni bo‘lish baxtini nasib etsin!
Jaloliddin Hamroqulov,
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
Toshkent shahar “Navza” jome masjidi imom xatibi
So‘nggi paytlarda yoshlar orasida energetik ichimliklar ichish odat tusiga kirdi. Shifokorlar tetiklashtiruvchi bunday ichimliklarni sog‘lik uchun juda xavfli ekanini ta’kidlashmoqda.
Energetik ichimliklar 1960 yili Yaponiyada tibbiyotda dori vositasi sifatida kashf qilingan. Dastlab inson salomatligi uchun zararsiz deb hisoblangan ichimlik asta-sekin ommalashib, tijoratga aylanib ketdi. So‘ngra uning tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalar qo‘shildi.
2014 yilga kelib Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda voyaga yetmagan o‘smirlarning energetik ichimlikni ko‘p iste’mol qilishi xavfli ekanini e’lon qildi. Shu sababdan ko‘p mamlakatlarda bu ichimlikka taqiq qo‘yildi.
Salomatlik uchun asosiy xavflar shakar va kofein miqdorining yuqoriligidir. Energetiklarda esa, kofein 100 ml uchun 30–50 mg bo‘ladi. Ba’zilarida 100 mggacha oshishi mumkin. Bu oddiy qahva (12 mg)dan 8 baravar ko‘p. Energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qilish tushkunlikka tushish ehtimolini oshiradi.
“Energetik ichimliklarni muntazam ravishda iste’mol qilish yurak xurujini oshiradi, asab tizimini susaytiradi va giyohvandlikka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, qon bosimini ko‘tarish xavfi bor. Masalan, bitta idishdagi energetik ichimlikda 27 choy qoshiq shakar bor. Agar siz bu ichimliklarni ichsangiz, kelajakda qandli diabet va boshqa og‘ir kasalliklarga duch kelishingiz muqarrar”, deydi mutaxassislar.
Ayrim ishlab chiqaruvchilar bu ichimliklarga hayvonlar aminokislotalariga o‘xshash bo‘lgan taurin moddasini qo‘shadi. Bu modda yurak mushaklarining ishlash jarayonini tezlashtiradi.
Energetik ichimliklar tarkibida shakar miqdori me’yoridan ancha yuqori. Shu bois bir shisha energetik ichimlik ichgan kishi jigari qattiq zo‘riqadi. Energetik ichimliklarni muntazam ichish jigar qurishiga olib keladi.