Mazkur masjid Toshkent shahri Chilonzor tumani “Katta Qozirobod” mahallasida joylashgan bo‘lib, 1990-1993 yillar davomida Qozirobod, Do‘mbirobod va Madaniyat aholisi tomonidan hashar yuli bilan qurilgan.
Keksalarning aytishicha, mahallaning “Katta Qozirobod” deb nomlanishiga sabab o‘tgan asrlarda shahar qozisining dala hovlisi shu yerda bo‘lib, atroflarini obod qilgan. Keyinchalik boshqa odamlar ham kelib dala hovli atrofiga hovli-joy bino qilishgan. So‘ngra dala hovlida qishlab qolganlar orasidagi vafot etganlar shu joylarga dafn kilingan. Sekin-asta qabrlar ko‘payib borgan. Masjidning qibla tomonida yuz yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan katta qabriston ham bor.
Masjidga o‘zi joylashgan mahalla nomidan kelib chiqib, “Katta Qozirobod” nomi berilgan. U 1998 yilda qayta ro‘yxatdan o‘tib, o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
2012 yilda masjid qayta ta’mirdan chiqarilib poytaxtdagi ko‘rkam ma’rifat maskanlaridan biriga aylandi. Namozxonlarga yetarli sharoitlar muhayyo qilish uchun zamon talablariga to‘liq javob beradigan hamma qulayliklarga ega tahoratxona barpo qilindi. Hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Undan tashqari namozxonlarga qulaylik tug‘dirish maqsadida avtoulov to‘xtash maydoni kengaytirildi, maydon o‘z ichiga bir vaqtning o‘zida 600 dan ziyod avtoulovni sig‘diradi.
Mana bir necha yildirki, Toshkent shahri aholisining diniy ehtiyojlarini qondirish, sof islom aqidalarini keng ommaga yetkazish va ilmu ma’rifat ziyosini ulashishda “Katta Qozirobod” jome masjidi o‘zining munosib hissasini qo‘shib keladi.
Masjidda Toshkent islom institutini tamomlagan Muhammadnazar domla Qayumov imom-xatib vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
O‘MI Masjidlar bo‘limi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).