Insonning zimmasida o‘z birodariga nisbattan bajarishi lozim bo‘lgan bir necha mas’uliyatlari bor. Bu mas’uliyatni hamma ham his qilib bajaravermaydi. Insonning buyukligi va azizligi o‘z birodari oldidagi mas’uliyatini bajarishi bilan belgilanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida: «Alloh nazdida do‘stlarning eng yaxshisi, o‘z do‘stiga yaxshilik qiladiganidir», deb marhamat qilganlar. (Imom Ahmad rivoyati)
O‘z do‘sti va yon atrofidagi birodarlarining haqqini to‘la to‘kis ado qilgan inson bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hisoblanadilar. U zot har doim ularga tabassum, ochiq chehra bilan qarar edilar. Boshqalar u kishiga bemalol murojat qilishi va dardini aytishi uchun o‘zlarini ular bilan yaqin tutar edilar. Hech ham birovga qo‘pol momilada bo‘lib, dag‘allik qilmas edilar. Baqir chaqir qilib yurmas edilar. Og‘izlaridan hech ham uyat so‘z chiqmagan. Ba’zi injiq odamlardek hamma narsadan ayb qidirmas edilar. Hech qachon birovni tahqirlamas, jerkimas va ayblamas edilar. Birovni kamchiligi va sirlarini bilishga qiziqmas edilar. Faqatgina savobli foydali so‘zlarni gapirar edilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini sahobalar bilan xuddi do‘stday tutar edilar. Ularga qattiqqo‘llik bilan muomalada bo‘lmas edilar. Ularni o‘zlaridan nafratlantirmas edilar. Ulardan hol ahvol so‘rab iliq munosabatda bo‘lar edilar.
Agar birga o‘tirib qolishsa, har birining hurmatini joyiga qo‘yib, ehtirom ko‘rsatar edilar. Agar biror kishi hojati chiqib biror narsa so‘rab kelsa, yonlarida bo‘lsa, uning so‘raganini berib hojatini chiqarar edilar. Agar u so‘rab kelgan narsani topa olmasalar, shirin so‘z bilan ko‘nglini ko‘tarar edilar. U zotning saxiyliklari va samimiyliklaridan hamma bahramand bo‘lardi. Alloh «Oli Imron» surasining 159 oyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamamning muloyim, mehribonliklarini maqtab marhamat qilib aytadi: «Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar».
Tavba surasining 128 oyatida esa: «Haqiqatan, sizlarga o‘zlaringizdan (chiqqan), qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan (hidoyat topishingiz bilan) qiziquvchi, mo‘minlarga mushfiq va rahmdil Rasul keldi», deb marhamat qilgan.
Sahobalarga ta’lim tarbiya berishlari
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z sahobalariga ta’lim tarbiya borasida ham alohida vaqt ajratib ularni ilmli va insonlarga manfa’ati tegadigan qilib tarbiyalar edilar. U zotning o‘zlari bu borada : «Men sizlarga ta’lim tarbiya berish borasida ota o‘rnidaman», deganlar. (Imom Ahmad rivoyatlari)
Agar sahobalaridan birortasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan so‘zlarini yaxshi tushunmaganini sezib qolsalar, unga o‘sha masalani qayta tushuntirib berar edilar. Tushuntirishdan hech ham malollanmas edilar. Shunng uchun namozini xato o‘qigan kishiga namozni ta’limini bergach haligi sahobiy: «Allohga qasamki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘ro halimroq va yaxshi muallimni uchratmaganman», degan ekan.
Sahobalari bilan maslahatlashishlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘zal xulqlaridan biri, bu u zotning bir ishni qilmoqchi bo‘lsalar, sahobalaridan o‘sha ish xususida maslahat so‘rashlari edi. Alloh « Oli imron » surasining 159 oyatida u zotni shu ishga buyurib: « Ular bilan kengashib ish qiling», deb marhamat qildi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu : «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek o‘z sahobalari bilan bir ish borasida ko‘p maslahatlashgan odamni ko‘rmadim», dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ba’zi zodagonlardek insonlarni tabaqaga ajratib, faqatgina o‘z tabaqasidagi boylar bilan o‘tirish kerak, degan tushuncha notog‘ri ekanligini o‘z hayotlarida amaliy ko‘rsatib berdilar. U zot kambag‘allar bilan birga o‘tirib, ularni ehtirom qilar edilar. Uylaridagi ovqatni ahli suffadagi kambag‘allar bilan birga baham ko‘rar edilar.
U zot yon atroflaridagi barcha sahobalarga e’tiborli edilar. Agar birorta sahobalarini jamoatda ko‘rmay qolsalar, u haqida so‘rab surishtirar, agar kasal bo‘lib qolgan bo‘lsa, uni ko‘rgani borar edilar.
Agar u zotning xislatlarini gapiradigan bo‘lsak qalam siyohi tugashi mumkinu, lekin u zotning xislatlari tugamaydi. Shu yerda xulosa qilib shuni aytamizki, har bir inson korxonadagi hamkasbi, yonidagi do‘sti, mahallasidagi qo‘shnisi, uyidagi ayoli va bola chaqasiga e’tiborli bo‘lsa, ular oldidagi o‘z vazifalarini mas’ulyatni his qilgan holda bajarsa, u inson o‘zidagi, oilasidagi va butun jamiyatdagi muammolarni osonlik bilan yechib, jamiyatimizni gullab yashnashiga xizmat qilgan bo‘ladi. Axir bejizga Atoqli faylasuf Shebol : "Muhammad(alayhissalom)ning odam bolasi bo‘lgani butun insoniyatga katta faxrdir. Chunki, u zot ummiy(o‘qish-yozishni bilmagan) bo‘lsa-da, o‘n to‘rt asr avval shunday qonun va asoslarni keltirdiki, biz ovrupaliklar ikki ming sanadan keyin ularning qiymati va haqiqatini anglab yetsak, eng baxtli, eng saodatli nasllar bo‘lamiz", demagan.
Nurmuhammedova Vasila
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati