OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) hozirgi vaqtda jahon jamoatchiligini tashvishga solayotgan eng xavfli xastalikdir. 1 dekabr – Umumjahon OITS (SPID)ga qarshi kurash kuni, deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan 29 noyabr kuni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda “Sog‘lom ona va bola yili” rejasiga muvofiq “Sog‘lom bola – yurt tayanchi” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi. Ushbu tadbirga Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi mutaxassisi Akbarov Shuhrat Firdavsovich taklif etildi.
Dastlab, O‘zTV tomonidan ishlangan OITS kasalligi haqida ma’lumotlar beruvchi videorolik namoyish etildi. Mavzu bo‘yicha mutaxassis Shuhrat Akbarov so‘zga chiqib, dastlab talabalar bilan interaktiv usulda savol-javob bilan boshladi. Talabalar ushbu mavzudagi o‘zlarida bor ma’lumotlar bilan javob berishdi. Shundan so‘ng har bir shaxs o‘z sog‘ligi haqida qayg‘urishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi. OITS kasalligi nafaqat bizning diyorimizda, balki butun jahonda global muammo va unga qarshi kurashish barcha uchun muhim vazifa ekanini ta’kidlab o‘tdi. Bu kasallik millat, hudud, jins tanlamaydigan xatarli kasallik ekanini talabalarga tushuntirib berdi.
Tadbir davomida yig‘ilganlarga giyohvandlik va OITS kasalligini aks ettiruvchi ma’lumotlardan iborat tarqatma materiallar (bukletlar) tarqatildi.
Mutaxassis Sh. Akbarov OITSning giyohvandlik bilan bog‘liqligi, hozirda giyohvandlik markazlari, OITS tarixi, uning respublikamizga kirib kelish bosqichlari va bu kasallikning tarqalish sabablarini ham statistik ma’lumotlar asosida slaydlar orqali keng yoritib berdi.
Shuningdek, OITS ga qarshi kurash bo‘yicha qabul qilingan xalqaro konvensiyalar, imzolangan shartnomalar va qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlari, ularning ahamiyati to‘g‘risida alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kasallikning yuqish yo‘llari, kasallikning dastlabki belgilari va alomatlarini ham aytib, bu kasallik keltirib chiqarayotgan yomon oqibatlar to‘g‘risida ham gapirib o‘tdi. Fuqarolarning tibbiy xizmatdan foydalanishdagi huquq va burchlarini eslatib o‘tdi.
Davra suhbati qizg‘in bahs-munozaralar bilan davom etdi. Davra suhbati tinglovchilarining mavzuga doir va o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bergan savollariga mutaxassis Sh. Akbarov aniq va keng qamrovli tushunchalar berdi.
Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.