Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

OITS – inson hayoti uchun eng xavfli xastalik

02.12.2016   7768   2 min.
OITS – inson hayoti uchun eng  xavfli xastalik

OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi)  hozirgi vaqtda jahon jamoatchiligini tashvishga solayotgan eng xavfli xastalikdir. 1 dekabr – Umumjahon OITS (SPID)ga qarshi kurash kuni, deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan 29 noyabr kuni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda “Sog‘lom ona va bola yili” rejasiga muvofiq  “Sog‘lom bola – yurt tayanchi” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi. Ushbu tadbirga Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi mutaxassisi Akbarov Shuhrat Firdavsovich taklif etildi.

Dastlab, O‘zTV tomonidan ishlangan OITS kasalligi haqida ma’lumotlar beruvchi videorolik namoyish etildi. Mavzu bo‘yicha mutaxassis Shuhrat Akbarov  so‘zga chiqib, dastlab talabalar bilan interaktiv usulda savol-javob bilan boshladi. Talabalar ushbu mavzudagi o‘zlarida bor ma’lumotlar bilan javob berishdi. Shundan so‘ng har bir shaxs o‘z sog‘ligi haqida qayg‘urishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi. OITS kasalligi nafaqat bizning diyorimizda, balki butun jahonda global muammo va unga qarshi kurashish barcha uchun muhim vazifa ekanini ta’kidlab o‘tdi. Bu kasallik millat, hudud, jins tanlamaydigan xatarli kasallik ekanini talabalarga tushuntirib berdi.

Tadbir davomida yig‘ilganlarga giyohvandlik va OITS kasalligini aks ettiruvchi ma’lumotlardan iborat tarqatma materiallar (bukletlar) tarqatildi.

Mutaxassis Sh. Akbarov OITSning giyohvandlik bilan bog‘liqligi, hozirda giyohvandlik markazlari, OITS tarixi, uning respublikamizga kirib kelish bosqichlari va bu kasallikning tarqalish sabablarini  ham statistik ma’lumotlar asosida slaydlar  orqali keng yoritib berdi.

Shuningdek, OITS ga qarshi kurash bo‘yicha qabul qilingan xalqaro konvensiyalar, imzolangan shartnomalar  va qabul qilingan qonun va qonunosti  hujjatlari, ularning ahamiyati to‘g‘risida alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kasallikning yuqish yo‘llari, kasallikning dastlabki belgilari va alomatlarini ham aytib, bu kasallik keltirib chiqarayotgan yomon oqibatlar to‘g‘risida ham gapirib o‘tdi.  Fuqarolarning tibbiy xizmatdan foydalanishdagi huquq va burchlarini eslatib o‘tdi.

Davra suhbati qizg‘in bahs-munozaralar bilan davom etdi. Davra suhbati tinglovchilarining mavzuga doir va o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bergan savollariga  mutaxassis Sh. Akbarov aniq va keng qamrovli  tushunchalar berdi.

Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi

Yangiliklar
Boshqa maqolalar

Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

23.07.2025   4824   3 min.
Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

Hasan Basriy rahimahulloh Robbiga osiylik qilayotgan bir jamoani ko‘rdilar va ularga qarata bunday dedilar: “Alloh taoloning nazdida xor bo‘lishdi va U Zotga osiy bo‘lishdi. Bordi-yu, ular Alloh uchun qadrli bo‘lganlarida, Alloh ularni gunohdan saqlagan bo‘lur edi”.

Demak, Alloh taolo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa, uni gunohlardan saqlab qo‘yar ekan. Birortamiz gunoh qilib, Allohni unutib, Robbining nazdida haqir banda bo‘lishni istaymizmi?! Albatta, yo‘q! 

Nafsingiz sizni gunohga chorlagan paytda qilayotgan ishingizning oqibati haqida o‘ylang hamda Alloh taolo sizni ko‘rib turganini his eting. O‘zingizga o‘zingiz shu savolni bering: “Seni hurmatlab e’zozlovchi biror kim shu holingda ko‘rib qolsa, undan uyalgan bo‘larmiding?! Qanday qilib Robbing bo‘lmish Alloh taolodan uyalmaysan?!”.

Nafsingizga: “Sen ertaga boshingga bu gunohlarning balosi urishi va sharmanda bo‘lishdan omondamisan?” deng. Bir narsani yodingizdan chiqarmangki, siz qanday gunoh qilishingizdan qat’i nazar, Allohning ato etgan ne’matlaridan foydalangan holingizda gunohga qo‘l urgan bo‘lasiz. Alloh taolo sizga bergan, siz u bilan haromga nazar tashlayotgan ko‘zingizning o‘zi qancha ne’mat?! Haromga cho‘zayotgan qo‘lingizning o‘zi aslida qancha ne’mat?! Qanchadan-qancha talaffuzi halol bo‘lmagan narsalarni tilingizda aylantirasiz. Ato etilgan ne’matlar ila gunoh qilishingiz ne’mat ato etguvchi Zotga nisbatan minnatdorchilikmi, shukrmi?!

Zimiston tunda tosh ostidagi chumolini ko‘ra olgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi, buni yodingizdan chiqarmang!

Hikoyat. Bir kuni bir erkakka begona ayol bilan birga xilvatda qolishni shayton ziynatli qilib ko‘rsatibdi. Ayolning yoniga kirganida ko‘zlari olayganicha unga qarab: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” – debdi. Ayol: “Yo‘q, Allohdan boshqasi ko‘rmayapti”, debdi. Shu payt erkakning ko‘zlari yoshlanib: “Xudo haqqi, ko‘rayotganlar ichida Robbim buyukdir! Mabodo meni biror kichikroq bola ko‘rib turgan bo‘lsa-da, uning oldida bunaqangi ish qilishga jur’atim yetmaydi-yu, qanday qilib olamlar Rabbi bo‘lgan Zot ko‘rib turgan bo‘lsa, men bu kabi gunoh ishni qila olaman?!” – debdi va ayolning uyidan chiqgani holda Alloh taoloning: «(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni, qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur»[1], degan kalomini eslabdi.

Shoir aytadi:

Xilvat bir go‘shada qolsang-da yuz yil,
Holing ko‘rib turgan Xudo bor, bilgil. 

Oshkoru yashirin – baridan voqif,
Alloh hech ishingdan emasdir g‘ofil.

Gunohkorga qilayotgan ishi qanchalik kichik, arzimasdek ko‘rinsa-da, Allohning nazdida qilgan gunohi kattalashib boraveradi.

Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadilar: “Bandaning gunohni kichik deb hisoblashi – bu uning Allohga bo‘lgan jur’atidan. Boisi, banda ma’siyatni kichik deb hisoblasa, gunohga bepisand qaraydi, qalbida uni yengil qabul qiladi va gunohlarining ko‘payishidan parvosi falak ham bo‘lmaydi”.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu ham bu borada shunday dey­dilar: “Musulmon odam bir tog‘ning ostida turibman-u, mana shu tog‘ boshimga qulab ketay deyapti, deya gunohlarini tasavvur qilgan odamdir. Fojir esa gunohlarni burniga qo‘nib, keyin tezda uchib ketgan pashsha deya hisoblaydi”. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  G‘ofir surasi, 19-oyat.