Mashhur rossiyalik aktrisa Yelena Proklova Islom dinini qabul qildi. Yaqinda aktrisa 2006 yildan buyon BAAda istiqomat qiluvchi Tataristonlik tijoratchi Ismoil Shangariyevning uyida mehmon bo‘lgan edi.
Aktrisaning u yerda ko‘rgan-kechirganlari, dunyoqarashiga ta’sir qilgan omillar haqida Ismoil Shangariyev internet sahifasida ma’lum qildi.
— Yelena Islom tamadduni haqida gapirib, bizning dinimiz unga juda yoqishini aytdi, deydi Ismoil. Men unga Islom haqida batafsil ma’lumot berdim. Shunda u Islom ta’limoti asosida hayot kechirishni juda xohlashini, kelajakda tug‘iladigan farzandlari, nabiralari ham musulmon bo‘lishini orzu qilishini aytdi. Biz u bilan Shayx Zayd masjidiga bordik. Yelena o‘sha yerda: “La ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb Islomni qabul qildi. Shundan so‘ng, masjidda o‘tirib Yaratgandan o‘zi va yaqinlari haqida ezgu duolar qildi.
Aktrisaning aytishicha, musulmonlarning oilasi – bu eng mustahkam oila hisoblanadi. U islomni qabul qilarkan o‘zi uchun buyuk sinoatlar eshigi ochilganini aytdi. Jumladan, Islomda ta’qiqlangan narsalarning barchasi, tibbiy jihatdan ham insonga zararli ekaninini, alohida qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz aktrisa o‘tgan yili turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan edi. Uning aytishicha, yaqin kelajakda turmushga chiqadigan bo‘lsa ham faqatgina musulmon insonga turmushga chiqadi. Chunki u farzandlari va nabiralari musulmon bo‘lishini juda ham xohlaydi.
Ilhom MA’RUPOV
tayyorladi
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws