frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Hofiza duosi

30.11.2016   15934   20 min.
Hofiza duosi

Har bir insonga Alloh taolo tomonidan turli xil zehn va xotira beriladi. Ba’zilar o‘zlarining hofizalari zaif ekanligini, yodlagan narsalari tez esdan chiqayotganligini shikoyat qiladilar. Ana shunday insonlar bunday holatdan hech afsuslanmasinlar. Chunki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham o‘z so‘zlarida u kishi ham unutib, esdan chiqarishlarini aytib o‘tganlar. Sahobalardan hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ham ushbu muammo bilan Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam oldilariga keldilar. Shunda Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam u kishiga va u kishi orqali butun ummatga agar ular tez unutadigan bo‘lib qolsalar nima qilishlarini bayon qilib berdilar. Sizga ushbu hadisni havola qilamiz. 

عَن ابنِ عَبّاسٍ أَنّهُ قالَ: "بَيْنَمَا نَحْنُ عِنْدَ رَسُولِ الله صلى الله عليه وسلم إذْ جَاءَهُ عَلِيّ بنُ أَبي طَالِبٍ فقالَ: بِأبِي أَنْتَ وَأُمّي تَفَلّتَ هَذَا القُرْآنُ مِنْ صَدْرِي فَمَا أَجِدُنِي أَقْدِرُ عَلَيْهِ، فقالَ لَهُ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: يَا أبَا الْحَسَنِ أَفَلاَ أُعَلّمُكَ كَلِمَاتٍ يَنْفَعُكَ الله بِهِنّ وَيَنْفَعُ بِهِنّ مَنْ عَلّمْتَه ويُثَبّتُ ما تَعَلّمْتَ في صَدْرِكَ؟ قالَ أَجَلْ يَا رَسُولَ الله فَعَلّمْنِي. قالَ: إذَا كانَ لَيْلَةُ الْجُمُعَةِ فَإِنِ اسْتَطَعْتَ أَنْ تَقُومَ في ثُلُثِ اللّيْلِ الاَخِرِ فَإِنّهَا سَاعَةٌ مَشْهُودَةٌ وَالدّعَاءُ فِيهَا مُسْتَجَابٌ وَقَدْ قالَ أَخِي يَعْقُوبُ لِبَنِيهِ {سَوْفَ أَسْتَغْفِرُ لَكُمْ رَبّي} ـ يَقُولُ حَتّى تَأْتِي لَيْلَةُ الْجُمُعَةِ ـ فَإِنْ لَمْ تَسْتَطِعْ فَقُمْ في وَسَطِهَا فَإِنْ لَمْ تَسْتَطِعْ فَقُمْ في أوّلِهَا فَصَلّ أَرْبَعَ رَكَعَاتٍ تَقْرَأُ في الرّكْعَةِ الأولَى بِفَاتِحَةِ الكِتَابِ وَسُورَةِ يَس، وَفي الرّكْعَةِ الثّانِيَةِ بِفَاتِحَةِ الكِتَابِ وحم الدّخَانَ، وَفي الرّكْعَةِ الثّالِثَةِ بِفَاتِحَةِ الكِتَابِ وألم تَنْزِيلُ السّجْدَةِ، وَفي الرّكْعَةِ الرّابِعَةِ بِفَاتِحَةِ الكِتَابِ وَتَبَارَكَ المُفَصّل. فَإِذَا فَرِغْتَ مِنْ التّشَهّدِ فاحْمَدِ الله وأحْسِنِ الثّنَاءَ عَلَى الله وَصَلّ عَلَيّ وَأَحْسِنْ وَعَلَى سَائِرِ النّبِيّينِ، وَاسْتَغْفِرْ لِلْمُؤْمِنينَ والمُؤْمِنَاتِ ولإخْوَانِكَ الّذِينَ سَبَقُوكَ بالإيمَانِ ثُمْ قُلْ في آخِرِ ذَلِكَ: 

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

 «Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir payt Aliy ibn Abu Tolib kelib: «Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Bu Qur’on mening qalbimdan chiqib ketyapti. Uni egallay olishimga ko‘zim yetmayyapti», dedi. Rasululloh solllallohu alayhi vasaalm: «Ey Abu Hasan, senga bir nechta kelimalarni o‘rgatmaymi, Alloh ular bilan senga ham, sen ularni o‘rgatganlarga ham manfaat beradi va o‘rganganing ko‘ksingda barqaror bo‘ladi?» dedilar. U: «Ha, ey Allohning Rasuli, o‘rgating», dedi.

 U zot: «Juma kechasi bo‘lganda, kechaning oxirgi uchdan birida tura olsang, bu guvoh bo‘linadigan vaqt. Undagi duo ijobat. Birodarim Ya’qub ham o‘g‘illariga: «Robbimdan sizlar uchun mag‘firat so‘rayman», deb, juma kechasi kelishini aytgan edi. Qila olamasang, kechaning o‘rtasida tur. Buni ham qila olmasang, avvalida tur. To‘rt rakat namoz o‘qi. Birinchi rakatda Fotihai Kitob va Yosin suralarini, ikkinchi rakatda Fotihai Kitob  va Duxonni, uchinchi rakatda Fotihai Kitob va Sajdani, to‘rtinchi rakatda Fotihai Kitob va Mulkni o‘qiysan. Tashahhudni tugatgach, Allohga hamd ayt va Allohga sano aytishni yaxshi qil. Menga yaxshilab salavot ayt va boshqa payg‘ambarlarga ham. Mo‘minu mo‘minalar va o‘zingdan oldin iymon bilan o‘tgan birodarlaring uchun mag‘firat so‘ra. Keyin ana shularning so‘ngidan shunday deb ayt: 

اللّهُمّ ارْحَمْنِي بِتَرْكِ المَعَاصِي أَبَداً مَا أَبْقَيْتَنِي، وارْحَمْنِي أنْ أَتَكَلّفَ مَا لاَ يَعْنِينِي، وارْزُقْنِي حُسْنَ النّظَرِ فِيمَا يُرْضِيكَ عَنّي، اللّهُمّ بَدِيعَ السّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ ذَا الْجَلاَلِ وَالإكْرامِ وَالعِزّةِ التي لا تُرَامُ أَسْأَلُكَ يا الله يا رَحمَنُ بجَلاَلِكَ ونورِ وَجْهِكَ أَنْ تُلْزِمَ قَلْبِي حِفْظَ كِتَابِكَ كَمَا عَلّمْتَنِي وَارْزُقْنِي أَنْ أتْلُوَهُ عَلَى النّحْوِ الّذِي يُرْضِيكَ عَنّي. اللّهُمّ بَدِيعَ السّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ ذَا الْجَلاَل والإِكْرَامِ والعِزّةِ التي لا تُرَامُ أَسْأَلُكَ يا الله يا رَحْمَن بجَلاَلِكَ وَنُورِ وَجْهِكَ أَن تُنَوّرَ بِكَتَابِكَ بَصَرِي وأنْ تُطْلِقَ بِهِ لِسَاني وَأَنْ تُفَرّجَ بِهِ عن قَلْبِي وَأَنْ تَشْرَحَ بِهِ صَدْرِي وأَنْتَغْسِلَ بِهِ بَدَنِي فإِنّهُ لا يُعِينُنِي عَلَى الحقّ غَيْرُكَ وَلاَ يُؤْتِيهِ إلاّ أَنْتَ وَلا حَوْلَ وَلاَ قُوّةَ إِلاّ بالله العَلِيّ العَظِيمِ. 

«Allohim! Meni boqiy qoldirganing muddaticha doimiy ravishda gunohlarni tark qilishim ila menga rahm qil. O‘zim uchun foydali bo‘lmagan narsaga o‘zimni urintirmasimdan menga rahm qil. Seni mendan rozi qiladigan narsaga yaxshi nazar solishni menga nasib et. Allohim! Osmonlaru yerni yo‘qdan bor qilgan Zot! Ey ulug‘lik, ikrom va ko‘z yetmas izzat sohibi! Ey Alloh! Ey Rohman! Ulug‘liging va Yuzingning nuri hurmatidan so‘rayman, qalbimni Kitobingni O‘zing o‘rgatganingdek yod olishda davomli qil! Uni Seni mendan rozi qiladigan tarzda tilovat qilishni menga nasib et. Allohim! Osmonlaru yerni yo‘qdan bor qilgan Zot! Ey ulug‘lik, ikrom va ko‘z yetmas izzat sohibi! Ey Alloh! Ey Rohman! Ulug‘liging va Yuzingning nuri hurmatidan so‘rayman, Kitobing bilan ko‘zimni munavvar qil, tilimni yengil qil, u bilan qalbimni och, ko‘ksimni keng qil, u bilan badanimni yuv! Zotan, O‘zingdan o‘zgasi haq ishda menga yordam bera olmas. Uni faqatgina Sen berasan. Oliy va buyuk Allohning yordamisiz na kuch bor, na qudrat bor». 

يَا أَبا الحَسَنِ فافعل ذَلِكَ ثلاثَ جُمَعٍ أَوْ خَمْساً أَو سَبْعاً تُجَبْ بِإِذْنِ الله والّذِي بَعَثَنِي بالحَقّ مَا أَخْطَأَ مُؤْمِناً قَطّ. 

 Ey Abu Hasan, buni uch, besh yoki yetti marta qilsang, Allohning izni bilan duoying ijobat bo‘ladi. Meni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, bu biror mo‘minni aslo chetlab o‘tmagan». 

قالَ عبد الله بنُ عَبّاسٍ فَوَالله مَا لَبِثَ عَلِيّ إلاّ خَمْساً أوْ سَبْعاً حتّى جَاءَ عليّ رَسولَ الله صلى الله عليه وسلم في مِثْلِ ذَلِكَ المَجْلِسِ فقَالَ: يا رَسُولَ الله إنّي كُنْتُ رجلاً فِيمَا خَلاَ لاَ آخُذُ إلاّ أَرْبَعَ آيَاتٍ أوْ نَحْوَهُنّ فإِذَا قَرَأْتُهُنّ عَلَى نَفْسِي تَفَلّتْنَ وَأنا أَتَعَلّمُ اليَوْمَ أَرْبَعِينَ آيَةً وَنَحْوَها فَإذَا قَرَأْتُهَا عَلَى نَفْسِي فَكَأَنّمَا كِتَابُ الله بَيْنَ عَيْنَيّ وَلَقَدْ كنْتُ أَسْمَعُ الحَديثَ فإِذَا رَدَدْتُهُ تَفَلّتَ وَأنا اليَوْمَ أَسْمَعُ الأحَادِيثَ فإِذَا تَحَدّثْتُ بِهَا لَمْ أَخْرِمْ مِنْهَا حَرْفاً، فقَالَ لَهُ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم عِنْدَ ذَلِكَ: مُؤْمِنٌ وَرَبّ الكَعْبَةِ يَا أَبَا الحَسَنِ". 

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: «Allohga qasamki, Aliy besh yoki yetti juma o‘tiboq, xuddi o‘sha majlisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Allohga qasamki, men ilgari faqat to‘rt yo shunga yaqin oyatni eslab qolardim. Ichimda o‘qib ko‘rsam, chiqib ketgan bo‘lardi. Bugun esa qirq yo shunga yaqin oyatlarni o‘rganyapman. Ichimda o‘qib ko‘rsam, go‘yo Allohning Kitobi ko‘z o‘ngimda turgandek. Men hadis eshitardim, qaytarib ko‘rsam, chiqib ketgan bo‘lardi. Bugun esa hadislarni eshityapman va ularni aytib bersam, undan biror harfni ham tushirib qo‘ymayapman», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ka’ba Robbiga qasamki, mo‘minsan, ey Abu Hasan!» dedilar».

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   64499   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati