Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

al-Hakim at-Termiziy buyuk siymo

25.11.2016   10642   12 min.
al-Hakim at-Termiziy buyuk siymo

Ko‘hna va doimo navqiron Surxon vohasi nafaqat o‘ziga xos qadimiy tarixi, urf-odat hamda milliy o‘zligiga ega diyor sifatida ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi balki Islom dunyosidagi buyuk Termiziy taxallusli allomalari bilan ham dong taratgan. Ana shunday allomalardan biri Hakim Termiziydir.

Hakim nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu ulug‘ olimning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir Hakim Termiziy “Mashoyixi Bibiorlardan”dir (Navoiy). U zotning "Hakim" deya ulug‘lanishining sababi shuki, u zot ilm-ma’rifatda juda yetuk bo‘lib, doimo hikmat bilan gapirar edilar. Bir manbada melodiy 820 yili Termiz shahrida tavallud topib, 932 yili 112 yoshida vafot etgani yoritilsa ikkinchi ma’lumotga ko‘ra (hijriy 245–320, milodiy 859–932) yillar deb keltiriladi. U zotning maqbarci Termiz shahri yaqini (Termiz tumani)da Amudaryo bo‘yida joylashgan.

Allomaning tarjimayi holi keltirilgan asarlari, shuningdek risolalari nomlarida ham u zot turli taxalluslar bilan nomlanganini ko‘ramiz. Jumladan; ash-Shayx, al-Olim, al-Alloma, muhaddis, az-Zohid, al-Hofiz, al-Imom taxalluslari bilan atalgan. Albatta, ushbu taxalluslar u zotning ilmiy salohiyati g‘oyatda yuksak, bo‘lganligi va bu hol ilm sohiblari tomonidan e’tirof etilganidan dalolat beradi. Termiziy asosan “al-Hakim” taxallusi bilan nomlanib, uning ma’nosini ba’zilar “tabib” degan.  Shunga ko‘ra, Termiziyni buyuk tabib deb hisoblaganlar.

Alloma aytadi: “Sha’bon oyida Makkaga qadam qo‘ydim. Hajga qadar Alloh menga u yerda istiqomat qilishni nasib etdi va tunlari menga duo eshigini ochib qo‘ydi. Ka’batullohda duolar mustajob bo‘ladigan makonda turib iltijolar qildim. Ko‘nglimda tavbani maromiga yetkazish, nafsimni maydu-chuyda narsalardan yiroq qilish, azimati paydo bo‘lib qolganini his etdim. Allohdan qalbimni to‘g‘ri yo‘lga boshlashini, dunyoda zohidlardan bo‘lishimga madad berishini, Qur’oni karimni tugal yod olishni menga nasib qilishini so‘radim. Vatanga qaytayotganimda ko‘nglimda Qur’oni karimni yod olishga ishtiyoq paydo bo‘lganini sezdim. Yo‘lda bir necha surani osonlik bilan yod olib qo‘ydim. Uyga kelganimdan so‘ng, sal kun o‘tmay uni boshidan oxirigacha xatm qildim”. Ushbu muborak safardan so‘ng allomaning hayotida yangi davr boshlanadi. U Allohning sifatlarini bayon qiladigan kitoblarni va tariqat yo‘liga boshlovchi komil bir pirni izlay boshlaydi. Ammo u zotning bu urinishlari zoye ketadi. Shundan so‘ng u zot bor kuchlarini ibodatga qaratadilar. Bu xususda shunday deydilar: “... Qo‘limga Antokiyning “Qalblar davosi” kitobi tushib qoldi. Go‘yo yo‘qotgan va qidirayotgan narsamni topib olganday bo‘ldim. U ham bo‘lsa nafs riyozati edi. Men nafsimni tarbiyat qilishga kirishdim. Bu sa’y harakatimda Alloh menga madadkor bo‘ldi. U menga nafsimni shahvoniy hirs-tuyg‘udan tiyish yo‘lini o‘rgatdi. Natijada asta-sekin qalbimni anglay boshladim... Qalbimda uyda uzlatda o‘tirish va sahrolarga chiqib ketish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Yurtimdagi xarobat, xilvat va mazoristonlarni aylandim. Bu hozirgacha mening kundalik odatim bo‘lib qolgan. To‘g‘ri so‘z odamlardan menga yordam qo‘lini cho‘zishlarini iltimos qilish xayolimga keldi. Ammo unday qilmadim, kimsasiz joylarni tavof qilishni davom ettirdim. Shunday kunlarning birida xuddi tush ko‘rayotgan kishidek payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom)ni ko‘rdim...”.

Ustozlari: Birinchi ustozlari otalari Ali ibn Hasan Termiziy bo‘lgan. Bu xususda Hakim Termiziy kitoblarining birida shunday hikoya qiladi: “Alloh taolo meni ustozim – otamdan judo qilganda men 8 yoshda edim. Men ilm olishga shunday berilib ketgan edimki, kitob mutolaa qilish men uchun asosiy mashg‘ulot bo‘lib qolgan edi. Vaholanki, mening tengqurlarim o‘yinlar bilan band bo‘lardilar. Otamning harakatlari tufayli men shu yoshimda “Ilmul-osor”(hadis ilmi) va “Ilmur-ray”(hanafiy mazhabi fiqhi) bilimlarini to‘liq egallab olgan edim...”. 

Keyingi ustozlari esa “Sihohi sitta” nomi bilan tanilgan olti mo‘tabar hadis to‘plami mualliflarining barchasiga ustozlik qilgan 9 shayxning biri Qutayba ibn Said Saqafiy Balxiy (vaf. 240/888y.), so‘ngra Solih ibn Abdulloh Termiziy, Utba Ibn Abdulloh Marvaziy, Yahyo ibn Muso, Sufyon ibn Vaki’, Abbod ibn Ya’qub Ravajniy, Hasan ibn Umar ibn Shafiq Balxiy, Ya’qub ibn Abu Shayba, Jarud ibn Maoz Sulamiy Termiziy, Iso ibn Ahmad Asqaloniy va boshqalar.

Shogirdlari: Abu Muhammad Yahyo ibn Mansur Qoziy(vaf. 350/961y.), Hasan ibn Ali Juzjoniy, Mansur ibn Abdulloh ibn Xolid Hiraviy, Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far ibn Haysam (vaf.360/971y.), Abu Bakr Muhammad ibn Umar Varroq Hakim  Termiziy (vaf. 294/906 – 907y.), Ahmad ibn Muhammad ibn Iso va boshqalar.

Ilmiy meroslari: Hakim Termiziyning ijodlari juda serqirra bo‘lib, u ko‘plab ilm sohalarini qamrab olgan. Alloma ko‘p sohalarda samarali ijod qilganlar jumladan: Tafsir, Hadis, Fiqh, Kalom, Tasavvuf va hokozo...

U zotning ijodlari haqida yozgan mualliflar asarlari sonini turlicha keltiradilar. Ba’zi tadqiqotchilar ularning sanog‘i 400 ga yaqin deb aytsalar, boshqalari 80 ta asar ta’lif etgan deb yozadilar. Abulfattoh Barakaning yozishicha, Hakim Termiziy 400 dan ortiq asar yozgan bo‘lib, ulardan 60 ga yaqini haqida bizgacha aniq ma’lumotlar yetib kelgan. Ba’zi tadqiqotlarda esa allomaning 60 ta kitob va 200 ta risola yaratgani haqida xabar qilinadi. Quyida manbalar asosida imkon qadar sanab o‘tishga harakat qildik.

  1. “Navodir al-usul fiy ma’rifat axbor Rosul” (“Rasullulloh xabarlarini bilishda nodir usullar”) Bu asar shuningdek “Salvat al-Orifiyn va bo‘ston al-Muvahhidiyn” (“Oriflar ovunchog‘i va Allohning yagonaligiga ishonuvchilar bo‘stoni”) nomi bilan ham ataladi.
  2. “Al-Amsol minal kitob vas-Sunna”
  3. “Kitob us-Solat va maqosiduha” (“Namoz va uning maqsadlari”)
  4. “Kitob ul-Haj va asrorihi” (“Haj va uning sirlari”)
  5. “Kitob ul-ihtiyotot” (“Ehtiyotkorlik yo‘llari”)
  6. “Kitob ul-jumal al-lozim ma’rifatiho” (“Bilish lozim bo‘lgan jumlalar”)
  7. “Kitob al-furuq va man’ ut-taroduf” (“farqlar va taroduf (ketma-ketlik) ni man’ qilish”)
  8. “Kitob haqiyqat ul-odamiyya” (“Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob”)
  9. “Kitob Urs ul-muvahhaddin” (“yakka Xudoga e’tiqod qilganlarning zavqi”)
  10. “Kitob ul-a’zo van nafs va yusammo kazalika g‘avr ul-umur” (“a’zolar va jon yoki ishlarning mohiyati haqida kitob”)
  11. “Kitob Manozil al-Ibod min al-ibadati” (“Bandalarning bandachilikdagi manzillari yoxud Ollohga intiluvchilarning manzillari haqida kitob”)
  12. “Kitob ul-aql val havo” (“Aql va havoyilik haqida kitob”)
  13. “Kitob ul-amsol min al-Kitob vas sunna” (“Qur’on va sunnatdagi masallar kitobi”)
  14. “Kitob al-manohiy” (“Raddiyalar haqida kitob”)
  15. “Kitob ul Akyos val mug‘tariyn” (“Ziyraklar va aldanganlar haqida kitob”)
  16. “Javob Kitob Usmon bin Sa’iyd bin ar-Ray” (“Raylik Usmon bin Sa’iydning maktubiga javob”)
  17. “Bayon ul-Kasb” (“Kasb hunarning bayoni”)
  18. “Masoil suila anho” (“Savol berilib so‘ralgan masalalar”)
  19. “Al-Masoil al-Maknuna” (“Yashirilgan masalalar”)
  20. “Tahsiyl nazoir al-Qur’an” (“Qur’on ibratlarini o‘rganish”)
  21. “Kitob radd ’alal Mu’attila” (“al-Muattiliylarga raddiya kitobi”)
  22. “Kitob ul-Furuq” (“Farqlar haqida kitob”)
  23. “Kitob ur-Riyozat” (“Riyozat haqida kitob”)
  24. “Muxtarot min kitob as-Safo” (“Kitob as-Safo asaridan tanlab olingan qismlar”)
  25. “Ilal ash-sharia yoki kayfiyyat as-solat va-l-vuzu va-s-sivak”
  26. “Adab un-Nafs” (“Insonning odobi”)
  27. “Masalat ul iymon va islom val ihson” (“Iymon, Islom va Ehson masalalari”)
  28. “Al-farq baynal oyat val karomat” (“Mo‘jiza va karomat orasidagi farq”)
  29. “Ilal al Ubudiyya” yoki “Ilal ash-Shari’a” (“Shari’at dalillari”) “Kitob us-Solat” ning qisqartirilgan shakli.
  30. “Ad-Dur al-maknun” (“bekitilgan marvarid”)
  31. “Odob ul-Muriydiyn” (“Muridlar odobi”)
  32. “Kitob ut-Tavhiyd” (“Ollohning yagonaligi haqida kitob”)
  33. “Azob ul-Qabr” (“Qabr azobi”)
  34. “at-Tafsir” (“Qur’on tafsiri”)
  35. “Kitob un-Nahj” (“Yo‘l-yo‘riqlar kitobi”)
  36. “Kitob ul-Mashoyix av at-tabaqot as-sufiyya” (“Mashoyixlar yoki so‘fiylar haqidagi kitob”)
  37. “Ar-raddu alar-rofiza”
  38. “Isbot al-ilal fil-amr van-nahy”
  39. “Bayonul-ilm”
  40. “Huquq”
  41. “Nahaj”
  42. “Anvo al maorif”
  43. “Ar-risola fil-futuvva”
  44. “Xatmul-avliyo”
  45. “Bayonul-farqi baynas-sadr val- qalb val-fuad val-lubb”

Yuqoridagi ma’lumotlardan ma’lum bo‘ladiki, bu buyuk siymo o‘z zamonalarining diniy ilmlari bilan birga dunyoviy ilmlarda ham chuqur ilmga ega bo‘lganlar. U zotning mukammal ilmlariga ko‘pchilik ulamolar yuksak baho berganlar. Jumladan; ulug‘ mutafakkir Abdurahmon Jomiy “Nafahot ul-Uns” asarida Alisher Navoiy esa “Nasoimul Muhabbat” asarida eng ulug‘ shayxlar qatorida zikr qilinib, mutasavviflarning ikkinchi bo‘g‘iniga kiritganlar.

“Muhammad bin Ali Hakim Termiziy – ikkinchi tabaqadandur. Kunyati Abu Abdullohdur. Mashoyixi kibordandur va Abu Turob Naxshabiy va Ahmad Hizravayh va ibni Jalla bila suhbat tutibdur va ko‘p hadisi bor va zohir karomati va tasonifi (yozgan asarlari) bor. Ul jumladin “Xatm ul viloya” kitobi va “Nahaj” kitobi, “Navodir ul usul” va bundan o‘zga ham kitoblari bor va zohir ulumida ham kutubi bor va bir tafsir (Qur’on tafsiri) ham ibtido qilg‘ondur. Ammo itmomig‘a (oxiriga) ular vafo qilmaydur...”. Xoja Bahouddin Naqshbandiy hazratlari ham Hakim Termiziy haqlarida “aziz avliyolarning peshvosi Xoja Muhammad ibn Ali Hakim Termiziyning ruhoniyyotiga tavajjuhim tushganda, har safar menga ta’rif va tavsifdan xoli tasavvuf namoyon bo‘ladi”.   

Hakim Termiziy maqbarasi o‘rni va tarixi: IX asrda qurilgan mazkur me’moriy inshoot Termizdagi qadimiy yodgorlikdir. Bu turli davr qurilishlari majmuasi bo‘lib, yaxlit bir obidani tashkil etadi. Obida eski Termiz qal’asining shimoliy-g‘arbida barpo etilgan. Bu yerda IX asrda yashagan so‘fiylik-hakimiylik yo‘nalishining tashkilotchisi, mashhur diniy-falsafiy asarlar muallifi, din arbobi, yirik zohid Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir Hakim Termiziyning hoki yotibdi. Maqbara qadimgi xonaqoh hujralaridan biriga qurilgan. Alloma shu yerda murid-shogirdlari va boshqa darveshlarni qabul qilgan, ular bilan suhbatlashgan. Vafot etgach esa, shu xonaqohda dafn qilingan. X-XI asrlarda maqbara atrofiga ibodatxonalar qurilgan. Maqbaraning shimolida uch gumbazli ayvon, g‘arbiy devorida pishiq g‘isht bilan qoplangan mehrobdan iborat duo-ta’ziya masjidi barpo etilgan. Maqbara bir necha bor qayta ta’mirlangan. Chingizxon vayron qilgunga qadar, XII asrda ham ta’mir qilingan. XIII asr oxirlarida mo‘g‘ul bosqini vayronagarchiligi asorati tugatilganidan so‘ng majmua yana kengaytirilgan. XV asr boshlarida Amir Temurning nabirasi Xalil Sulton Termizga hukmronlik qilgan davrda maqbaraning shimoliy-sharqiy qismida hashamatli xonaqoh qurilgan. Bu esa oldingi binolarga nisbatan boshqacha ko‘rinishda bo‘lgan.

Termiziy maqbarasi xalq orasida ulug‘lanib avliyo qabri, ziyoratgoh sifatida e’zozlangan. Uning ichki qismidagi bo‘rtma yozuv, sopol shakllar, o‘yma ganch bezaklar o‘ziga xos. Uning ichidagi oq marmar sag‘ana temuriylar davridagi tosh o‘ymakorligi san’atining yuksak namunasidir. Sag‘anadagi yozuvlarda Termiziy hayoti va faoliyati aks ettirilgan. Abdullaxon hukmronligi davri (XVI asr)da esa hovli hududida 9 gumbazli masjid qurilgan. XIX asrda mazkur masjid o‘rnida 4 gumbazli masjid bunyod etilgan. Janubdan kiraverishda yana bir maqbara qurilib, ravoqli bo‘lmalar orqali Termiziy maqbarasi va xonaqoh bilan o‘zaro bog‘langan. 1955–57 yillarda XIV–XV asrlardagi ko‘rinishi qayta tiklangan. 1980–81 yillar va 2001–2002 yillarda maqbara va xonaqoh qayta pardozlangan.

 

 

“Ikki buyuk donishmand” asari va meros.uz, qadamjo.uz,

qadriyat.uz internet manbalari asosida Surxondaryo viloyati

vakili o‘rinbosari Abdusalom Fathullayev tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Eng afzal sadaqa - suv ulashish

18.06.2025   4303   1 min.
Eng afzal sadaqa - suv ulashish

Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh, onam vafot etdi. Onamning nomidan biror narsa sadaqa qilsam bo‘ladimi? Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: (odamlarga) Suv ulashish”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, "Yo Allohning Rasuli! Onam to‘satdan jon taslim qildi. Vasiyat qila olmadi. O‘ylaymanki, agar gapira olganida, sadaqa qilgan bo‘lar edi. Endi uning nomidan sadaqa qilsam, unga ajr bo‘ladimi?" dedi. U zot alayhissalom: "Ha", dedilar» (Imom Muslim rivoyati).