Xabaringiz bor, yaqinda Makka shahridagi Masjidul haromga maxsus marmardan yasalgan, balandligi besh metr, og‘irligi 5,5 tonna bo‘lgan, oltin zar hoshiyalar bilan bezatilgan naqshli minbar o‘rnatilgan edi.
Ushbu minbar o‘rnatilishi munosabati bilan Masjidul haromning bosh imom-xatibi shayx Abdurrahmon as-Sudays Masjidul harom hududida xizmat ko‘rsatish ishlari bosh direktori Faris bin Mu’oz as-Saudiyga yangi mikrofonlar jamlanmasini topshirdi.
As-Saudiyning aytishicha, yangi mikrofonlar tillorang bo‘lib, oldingi mikrofonlardan sifat jihatidan tubdan farq qiladi. Abdurrahmon as-Sudaysga minnatdorchilik bildirgan Faris bin Mu’oz as-Saudiy, endi bu mikrofonlar orqali namozxonlar juma mav’izalarini yanada aniq va sifatli eshitishlari mumkinligini alohida ta’kidladi.
Ilhom MA’RUPOV
tayyorladi
"...Ogoh bo‘ling, Allohni eslash bilan qalblar orom oladi" (Ra’d surasi, 28-oyat).
"Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod etaman..." (Baqara surasi, 152-oyat).
"...Allohni ko‘p eslovchi erkaklar va (Allohni ko‘p) eslovchi ayollar - ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir" (Ahzob surasi, 35-oyat).
"...Ey imon keltirganlar! Alloh doim yodingizda bo‘lsin" (Ahzob surasi, 41-oyat).
"Ey imon keltirganlar! Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg‘itib qo‘ymasin!.." (Munofiqun surasi, 9-oyat).
"Biron narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko‘rmang! Illo, "Inshaalloh (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so‘zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Robbingizni zikr qiling (ya’ni, "inshaalloh", deng) va: "Shoyad, Robbim meni bundan ham yaqinroq To‘g‘ri yo‘lga hidoyat etsa", deng!" (Kahf surasi, 23-24-oyatlar).
"...(Tongda uyqudan) turgan paytingizda, Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting! Shuningdek, tundan (ma’lum vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o‘girgach (botgan, saharda) ham, Unga tasbeh ayting!" (Tur surasi, 48-49-oyatlar).
"Ey imon keltirganlar! Biron to‘daga to‘qnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turingiz va Allohni ko‘p yod etingiz, shoyad (shunda) najot topsangiz!" (Anfol surasi, 45-oyat).
Sahih hadisda aytiladi: "Parvardigorini eslovchi bilan eslamaydigan odamning o‘xshashi huddi tirik bilan o‘lik kabidir".
Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: "Yolg‘iz holda qolganlar o‘zib ketdilar", dedilar. Sahobalar: "Ular kimlar, ey Allohning elchisi", deb so‘rashdi. Shunda u zot: "Allohni ko‘p eslaydigan erkaklar va ko‘p eslamaydigan ayollardir", deb javob berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga: "Sizlarga amallardan eng afzalining xabarini beraymi? Bu amal Rabbingiz oldida eng pok, sizlar uchun oltin-kumushni infoq qilishdan ham yaxshiroq, dushmanga, yo‘liqib, g‘azot qilishdan ham afzalroqdir", dedilar. Sahobalar: "Ha, ayting, yo Allohning elchisi", deyishdi. U zot: "Bu (amal) Allohni eslashdir", deb javob berdilar.
Yana bir hadisda: "Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Allohning elchisi, Islom buyurgan amallar menga ko‘plik qilmoqda. Yoshim ham ulg‘ayib qoldi. Shuning uchun men mahkam ushlashim kerak bo‘lgan amalni ayting", dedi. Shunda u zot alayhissalom: "Tiling doim Allohning zikri bilan nam bo‘lsin", dedilar.
"O‘kinma" kitobidan