18 noyabr sanasida “Xadichai Kubro” ayol-qizlar bilim yurtida “Buyuk va muqaddassan, Vatan!” mavzuida o‘qituvchi Xurshida Usmonova 1-kurs talabalariga mustaqillik darsi o‘tdi. Unda barcha o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Talabalar “Tinchlik” va “Taraqqiyot” guruhiga bo‘linishdi. Dars mustaqillik ne’matini qadrlash uchun, avvalo, moziyga nazar tashlash, bu yo‘ldagi qiyinchiliklar batafsil bayon qilindi. O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning vatan erki, xalq farovonligi uchun ko‘rsatgan jonbozliklari jonli misollar ila izohlandi.
So‘ng mustaqillik yillarida erishgan va erishib kelayotgan yutuqlarimiz, xususan, sport, fan, madaniyat, ta’lim, iqtisod, ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab sohalardagi marralarimiz slaydlar orqali namoyish qilindi. “Bilar edim. Bilmoqchiman. Bilib oldim” texnologiyasi asosida talabalarning fikrlari, mustaqillik sharofati tufayli erishgan yutuqlarimiz, darsdan olingan foydalar so‘raldi. So‘ng ikki jamoa guruh bo‘lib, mavzu yuzasidan test, muammoli vaziyat topshirig‘ini bajardilar. Taraqqiyotning o‘zbek modeli va uning ahamiyati sanab o‘tildi. Mustaqillik haqida videofilm namoyish etildi.
Bundan tashqari, Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti talaba qizlar amaliyot o‘tash uchun bilim yurtiga tashrif buyurishdi. Amaliyotchilar Qur’on, hadis, aqoid, fiqh, arab tili, siyrat, ma’naviyat kabi fanlardan bilim yurti o‘qituvchilariga biriktirildi. Qizlar ma’hadda olgan bilimlarini yanada mustahkamlash uchun o‘qituvchilardan kerakli tavsiya, maslahatlar olmoqdalar. Amaliyotchilar ma’rifiy tadbirlarda ham faol ishtirok etib, ma’naviyat fan oyligi uchun “Ma’naviyat yulduzi”, bayrog‘imiz qabul qilinganligiga 25 yil to‘lgani munosabati ila “Davlatmiz ramzlari” shiori ostida tadbir o‘tkazishdi.
Ziyoda ALMЕDOVA,
bilim yurti o‘qituvchisi
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati