Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Aprel, 2025   |   30 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:25
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:20
Xufton
20:42
Bismillah
28 Aprel, 2025, 30 Shavvol, 1446

Islom - bag‘rikeng din

17.11.2016   7660   11 min.
Islom - bag‘rikeng din

«Inson e’tiqodsiz, iymonsiz yashay olmaydi. Chunki komil va sobit e’tiqod jamiyat ma’naviy qiyofasini belgilaydi. Bu borada Islom dini katta ahamiyatga ega».

I.A. Karimov 

 «Islom» so‘zi  arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinganda «itoat va bo‘ysunish», «ixlos va turli ofatlardan salomat bo‘lish», hamda «sulh va omonlik» degan ma’nolarni bildiradi. Bu dinni Payg‘ambarning o‘zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor kilgan. Islom – bu Alloh yagona deb e’tiqod qilib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.

«Islom» deganda hozirgi kunda islamofobiyaning ta’siridan ba’zilar faqat urush, otish, garovga olish, odamlarni o‘ldirish deb, ba’zilar faqat namoz, ro‘za, tahorat, masjid deb, ba’zilar faqat salla, chopon, maxsi, kalish deb tushunadilar va hokazo... Vaholanki ushbu Islom dini QANDAY din ekani xususida muhtaram Birinchi Prezidentimiz nihoyatda serqirrali va to‘la-to‘kis tushuntirib beradilar:

«Biz Islom dini ota-bobolarimiz dini ekani, u biz uchun ham iymon, ham axloq, ham diyonat, ham ma’rifat ekanini doimo yuksak qadrlaymiz… Dinga hurmat va e’tiqod – biz uchun o‘lmas qadriyatdir».

«Bugungi kunda islom diniga nisbatan butun dunyoda qiziqish va intilish kuchayib, uning xayrixoh va tarafdorlari ko‘payib borayotgani hech kimga sir emas. Buning asosiy sababi muqaddas dinimizning haqqoniyligi va pokligi, insonparvarligi va bag‘rikengligi, odamzotni doimo ezgulikka chorlashi, hayot sinovlarida o‘zini oqlagan qadriyat va an’analarni ajdodlardan avlodlarga yetkazishdagi beqiyos o‘rni va ahamiyati bilan bog‘liq. Va xalqimizning ma’naviyatini shakllantirishga, har qaysi insonning Allox marhamat qilgan bu hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashi, umrning mazmunini anglashi, avvalambor, ruhiy poklanish, yaxshilik va ezgulikka intilib yashashida uning ta’sirini boshqa hech qanday kuch bilan qiyoslab bo‘lmaydi».

Bu din shunday bir dinki, nafaqat Islom dinini, hatto boshqa dinlarni ham inkor etuvchi shaxslarga nisbatan ham shirin suxan bilan chiroyli muomalada bo‘lishlikka undaydigan din.

«Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor,

Ko‘ngli qottig‘, dil ozordin Xudo bezor,

Alloh haqi, ondog‘ qulg‘a sijjin tayyor,

Donolardin eshitib, bu so‘z aydim mano».        

Muso alayhissalom va Horun alayhissalomlarga o‘zini «Xudoman», deb da’vo qilgan Fir’avndek zotga ham Alloh taolo yumshoq va muloyim so‘z bilan gapirishlikka buyuryapti:

“Ey, Muso! Sen o‘zing va birodaring Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u "Men – xudoman”, deb  haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa” (Qur’oni karim Toho surasi 42 – 44 oyatlar).                                     

Va holbuki, Xudoi taolo qodir edi Muso alayhissalomga: «Ey, Muso, Fir’avnni oldiga borganingizda asongizni ushlang, ajdahoga aylanib Fir’avnni yutib yuborsin», – deyishlikka. Lekin Xudoi taolo O‘zining eng ulug‘ payg‘ambarlaridan biri bo‘lgan, Alloh taolo bilan vositasiz gaplashgan, Qur’oni Karimda u kishining nomlari 136 marta zikr etilgan, alohida bir Muqaddas kitob nozil qilingan, sevimli payg‘ambarlaridan bittalari bo‘lgan bo‘lsalar-da, shirin so‘z va muloyimlik ila munosabat qilishni amr-farmon qiladi.

«Agar bo‘lsang ipak kabi muloyim,

Muloyim sen bo‘lsang, quling bo‘layin.

Qulog‘imga bergan panding olayin,

Kishiga qattiq so‘z aytuvchi bo‘lma». 

Alloh taolo insoniyat tarixida Yer yuzining qaysi joyida odamlar ichida yomon, razil, noxush, qabix ishlar ko‘payib ketgan zamonlarda O‘zining hikmati ilohiysi ila shularni isloh qilish uchun ogohlantiruvchi, isloh etuvchi payg‘ambar jo‘natgan… VI asrlarda Arabiston yarim orolida tarqoq qabila  tuzumida istiqomat qiladigan xalqlar butparastlik va jaholat botqog‘iga botib qolgan bir davrda, qabilalar o‘zaro tinmay janglar olib boradigan bir vaqtda, ijtimoiy va mulkiy tengsizlik chidab bo‘lmas darajaga yetgan bir paytda, jaholat shu darajaga borib, hatto ayrim qabilalarda qiz farzand dunyoga kelsa, uni tiriklayin ko‘mib yuboradigan bir zamonda Yer yuzining egasi bo‘lgan Alloh taolo payg‘ambar Muhammad alayhissalom orqali Islom degan dinni barpo etishni ixtiyor kildi.

Tarixdan ma’lumki,  Payg‘ambar alayhissalomning vatanparvarliklari, insonparvarliklari hammani lol qoldirgan. U zoti sharifda o‘tgan barcha payg‘ambarlarning yaxshi fazilatlari mujassam edi. Odam alayhissalomning yaxshi xulq-atvori, Sif alayhissalomning ilmu donishligi, Nuh alayhissalomning jasorati, Ibrohim alayhissalomning shafqati, Ismoil alayhissalomning fasohati, Is'hoq alayhissalomning kamtarligi, Lut alayhissalomning farosati, Yoqub alayhissalomning topqirligi, Yusuf alayhissalomning husn-jamoli, Muso alayhissalomning sabot-matonati, Yunus alayhissalomning halimligi, Dovud alayhissalomning xayrixohligi, Ilyos alayhissalomning olijanobligi, Yahyo alayhissalomning musaffoligi, Iso alayhissalomning taqvodorligi payg‘ambarimiz Muhammad rasululloh sallollohu alayhi va sallamda  mujassam bo‘lgan edi.

Payg‘ambarimizning turli qiyinchiliklari, tinimsiz mehnatlari, matonatli kurashlari, betakror bag‘rikengliklari va beqiyos mehrlari tufayli Islom dinining jo‘g‘rofiy doirasi  kengaydi, qo‘shni mamlakatlar xalqlari ham  islom diniga  o‘tib mo‘minu musulmon bo‘lishdi. Bu Islomning xalqchilligidan, ko‘pchilik mamlakat xalqlari o‘rtasida qozongan hurmatidan dalolat beradi.

Chunki yer yuzasidagi barcha mavjudotning eng ardoqlisi, ikki dunyo sarvari, Allohning suyukli xabibi bo‘lmish Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam xalqni zulmatu jaholatu qabohat dunyosidan saodatli yo‘lga yetakladi. Parvardigorning marhamati ila ul zoti oliy 23 yil mobaynida Islom dinini ommalashtirdi, targ‘ib va tashviq qildi, Qur’oni Karimni xalqqa  mash’al qilib tortiq etdiki, butun ahli Islom hozirgacha undan bahramanddir.

Yaxshilik va ezgulik, bag‘rikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli bo‘lish, qon to‘kmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, qo‘ni-qo‘shni haqlarini ado etish, boshqa din va o‘zga millat vakillariga chiroyli muomala qilish, ota-onaga ular hayot ekanlarida mehribon va saxiylik ila munosabatda bo‘lish, dunyodan o‘tganlarning haqlariga duo qilishga, Vatanni sevishga da’vat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa, mustaqillik yillarida o‘z qadrini hamda o‘zining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin ma’noda xizmat qilish imkoniyatini topdi. 

Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma’rifatparvar, ulug‘vor va donishmand xalqining Qur’oni Karim va hadisi shariflarga uyg‘unlashib ketgan urf-odatlari ham insonlarni diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikka targ‘ib etadi. Shu jannatmakon zaminning, buyuk allomalar yurtining tub xalqi bo‘lmish o‘zbekning ham fe’liy, ham qavliy jihatdan to‘la-to‘kis va mukammal etib, madhiyamizda ham «bag‘rikeng o‘zbekning o‘chmas iymoni» deb tavsiflab, bayon etiladi.

Ezgulikning yorqin namoyondasi, diniy bag‘rikenglikning ulug‘ timsoli va buyuk namunasi, dunyodagi har bir mo‘min-musulmonning eng katta ustozi bo‘lgan janob Payg‘ambarimiz har bir musulmon kundalik faoliyatida ishlatishi lozim bo‘lgan, har kungi hayotida tatbiq etishi darkor bo‘lgan mavzularni mehr-muruvvat ila marhamat qilganlar:

-Qo‘shnilaringiz sizni yaxshi odam deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz yaxshisiz. Agar ular sizni yomon odam deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz yomon odamsiz.

-Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir.

-Biror kishi bor aybingizni aytib  sizni haqoratlasa, siz uni unda  bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga bo‘lur.

-Kimniki Alloh Taolo do‘st tutsa, unga  odamlarning hojatlari tushadigan qilib qo‘yadi.

-Siz yaxshilikni unga munosib bo‘lganga ham, bo‘lmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz o‘zingiz ezgulik ahlidansiz.

-Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur.

-Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor o‘ldirsa, qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan:  Parvardigorim, bu bandadan so‘ragin, nima uchun meni behuda o‘ldirdi ekan? – deydi.

-Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi.

-Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, so‘ngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak.

-Butun umr ezgulikni tilanglar!

-Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar. Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar.

-Birodaringiz zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering! (zulm ildiziga bolta urish ham zolimga, ham mazlumga yordamdir.)

-Maslahatni aql egalaridan so‘ranglar, to‘g‘ri yo‘l topasizlar, ularning aytganidan chiqmang, pushaymon bo‘lasizlar.

-Kimki yaxshilik ko‘chatini qadasa, orzu qilgan hosilini yig‘ib oladi va kimki yomonlik urug‘ini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi. 

Dono xalqimiz islom dinimizdagi ko‘rsatmalarni o‘z tilida maqol sifatida ham ifoda etgan:

"Yomonlikka yaxshilik  er kishining ishidir.

Yomonlikka yomonlik  har kishining ishidir".

 *    *    * 

"O‘zingga ravo ko‘rmaganni,

O‘zgaga ham ravo ko‘rma".

"Agar sen qiblaga burmasang yuzni,

Besh mahal sajdayu namozing bekor.

Jannatga hyech qachon tikmagil ko‘zni

Agar bir mo‘minga yetkazsang ozor”.

 *   *   *

Makkaga yetti qat borgancha bo‘lur,

Boshini silasang o‘ksik insonni".

Islom dinimiz, ayniqsa, bizning zaminimizdagi Islom ezgulik dini ekanligini, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘rga hassa ushlatgandek muhtaram Birinchi Prezidentimiz o‘z kitoblarida o‘rgatyaptilar: «Ezgu odatimizga aylanib ketgan mehr-oqibat tushunchasini oladigan bo‘lsak, uning juda teran tarixiy, milliy, diniy ildizlari borligini ko‘rish mumkin. Bu avvalo insonning inson bilan, qo‘shnining qo‘shni bilan, qarindoshning qarindosh, oilaning oila bilan, eng muhimi, shaxsning jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashini, yetim-yesir, beva-bechora va nogironlarga, musofirlarga saxovat ko‘rsatish, sidqidildan, beg‘araz yordam berishni anglatadi va bunday xususiyat xalqimizning ma’naviy olamiga singib ketganini hech kim inkor eta olmaydi».

"Dasti qisqalarni kamsitma zinxor.

Savobning kattayu kichigi bo‘lmas.

Kimningdir davlati behuda bisyor

Va lekin baxildir, tolei kulmas.

 *   *   *

Och qolgan go‘dakka saxovatli zot,

Yarimta xurmoni dildan ilindi,

Bilgilki, bu himmat shu zum, shu zahot,

Bus-butun savob deb qabul qilindi.

 *   *   *

Demishlar savob ish ofatni to‘sib,

Ezgulik yo‘liga shaylangusidir.

Eng kichik himmat ham toychoqdek o‘sib,

Tulpordek savobga aylangusidir".

 

Iloxo o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Payg‘ambarimiz s.a.v. tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ro‘hlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohim Inomov, 

O‘MI raisi o‘rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

28.04.2025   2114   1 min.
O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi”  mavzusida chiqish qildi.
 

Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.


Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.


O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi
O'zbekiston yangiliklari