«Inson e’tiqodsiz, iymonsiz yashay olmaydi. Chunki komil va sobit e’tiqod jamiyat ma’naviy qiyofasini belgilaydi. Bu borada Islom dini katta ahamiyatga ega».
I.A. Karimov
«Islom» so‘zi arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinganda «itoat va bo‘ysunish», «ixlos va turli ofatlardan salomat bo‘lish», hamda «sulh va omonlik» degan ma’nolarni bildiradi. Bu dinni Payg‘ambarning o‘zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor kilgan. Islom – bu Alloh yagona deb e’tiqod qilib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.
«Islom» deganda hozirgi kunda islamofobiyaning ta’siridan ba’zilar faqat urush, otish, garovga olish, odamlarni o‘ldirish deb, ba’zilar faqat namoz, ro‘za, tahorat, masjid deb, ba’zilar faqat salla, chopon, maxsi, kalish deb tushunadilar va hokazo... Vaholanki ushbu Islom dini QANDAY din ekani xususida muhtaram Birinchi Prezidentimiz nihoyatda serqirrali va to‘la-to‘kis tushuntirib beradilar:
«Biz Islom dini ota-bobolarimiz dini ekani, u biz uchun ham iymon, ham axloq, ham diyonat, ham ma’rifat ekanini doimo yuksak qadrlaymiz… Dinga hurmat va e’tiqod – biz uchun o‘lmas qadriyatdir».
«Bugungi kunda islom diniga nisbatan butun dunyoda qiziqish va intilish kuchayib, uning xayrixoh va tarafdorlari ko‘payib borayotgani hech kimga sir emas. Buning asosiy sababi muqaddas dinimizning haqqoniyligi va pokligi, insonparvarligi va bag‘rikengligi, odamzotni doimo ezgulikka chorlashi, hayot sinovlarida o‘zini oqlagan qadriyat va an’analarni ajdodlardan avlodlarga yetkazishdagi beqiyos o‘rni va ahamiyati bilan bog‘liq. Va xalqimizning ma’naviyatini shakllantirishga, har qaysi insonning Allox marhamat qilgan bu hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashi, umrning mazmunini anglashi, avvalambor, ruhiy poklanish, yaxshilik va ezgulikka intilib yashashida uning ta’sirini boshqa hech qanday kuch bilan qiyoslab bo‘lmaydi».
Bu din shunday bir dinki, nafaqat Islom dinini, hatto boshqa dinlarni ham inkor etuvchi shaxslarga nisbatan ham shirin suxan bilan chiroyli muomalada bo‘lishlikka undaydigan din.
«Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor,
Ko‘ngli qottig‘, dil ozordin Xudo bezor,
Alloh haqi, ondog‘ qulg‘a sijjin tayyor,
Donolardin eshitib, bu so‘z aydim mano».
Muso alayhissalom va Horun alayhissalomlarga o‘zini «Xudoman», deb da’vo qilgan Fir’avndek zotga ham Alloh taolo yumshoq va muloyim so‘z bilan gapirishlikka buyuryapti:
“Ey, Muso! Sen o‘zing va birodaring Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u "Men – xudoman”, deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa” (Qur’oni karim Toho surasi 42 – 44 oyatlar).
Va holbuki, Xudoi taolo qodir edi Muso alayhissalomga: «Ey, Muso, Fir’avnni oldiga borganingizda asongizni ushlang, ajdahoga aylanib Fir’avnni yutib yuborsin», – deyishlikka. Lekin Xudoi taolo O‘zining eng ulug‘ payg‘ambarlaridan biri bo‘lgan, Alloh taolo bilan vositasiz gaplashgan, Qur’oni Karimda u kishining nomlari 136 marta zikr etilgan, alohida bir Muqaddas kitob nozil qilingan, sevimli payg‘ambarlaridan bittalari bo‘lgan bo‘lsalar-da, shirin so‘z va muloyimlik ila munosabat qilishni amr-farmon qiladi.
«Agar bo‘lsang ipak kabi muloyim,
Muloyim sen bo‘lsang, quling bo‘layin.
Qulog‘imga bergan panding olayin,
Kishiga qattiq so‘z aytuvchi bo‘lma».
Alloh taolo insoniyat tarixida Yer yuzining qaysi joyida odamlar ichida yomon, razil, noxush, qabix ishlar ko‘payib ketgan zamonlarda O‘zining hikmati ilohiysi ila shularni isloh qilish uchun ogohlantiruvchi, isloh etuvchi payg‘ambar jo‘natgan… VI asrlarda Arabiston yarim orolida tarqoq qabila tuzumida istiqomat qiladigan xalqlar butparastlik va jaholat botqog‘iga botib qolgan bir davrda, qabilalar o‘zaro tinmay janglar olib boradigan bir vaqtda, ijtimoiy va mulkiy tengsizlik chidab bo‘lmas darajaga yetgan bir paytda, jaholat shu darajaga borib, hatto ayrim qabilalarda qiz farzand dunyoga kelsa, uni tiriklayin ko‘mib yuboradigan bir zamonda Yer yuzining egasi bo‘lgan Alloh taolo payg‘ambar Muhammad alayhissalom orqali Islom degan dinni barpo etishni ixtiyor kildi.
Tarixdan ma’lumki, Payg‘ambar alayhissalomning vatanparvarliklari, insonparvarliklari hammani lol qoldirgan. U zoti sharifda o‘tgan barcha payg‘ambarlarning yaxshi fazilatlari mujassam edi. Odam alayhissalomning yaxshi xulq-atvori, Sif alayhissalomning ilmu donishligi, Nuh alayhissalomning jasorati, Ibrohim alayhissalomning shafqati, Ismoil alayhissalomning fasohati, Is'hoq alayhissalomning kamtarligi, Lut alayhissalomning farosati, Yoqub alayhissalomning topqirligi, Yusuf alayhissalomning husn-jamoli, Muso alayhissalomning sabot-matonati, Yunus alayhissalomning halimligi, Dovud alayhissalomning xayrixohligi, Ilyos alayhissalomning olijanobligi, Yahyo alayhissalomning musaffoligi, Iso alayhissalomning taqvodorligi payg‘ambarimiz Muhammad rasululloh sallollohu alayhi va sallamda mujassam bo‘lgan edi.
Payg‘ambarimizning turli qiyinchiliklari, tinimsiz mehnatlari, matonatli kurashlari, betakror bag‘rikengliklari va beqiyos mehrlari tufayli Islom dinining jo‘g‘rofiy doirasi kengaydi, qo‘shni mamlakatlar xalqlari ham islom diniga o‘tib mo‘minu musulmon bo‘lishdi. Bu Islomning xalqchilligidan, ko‘pchilik mamlakat xalqlari o‘rtasida qozongan hurmatidan dalolat beradi.
Chunki yer yuzasidagi barcha mavjudotning eng ardoqlisi, ikki dunyo sarvari, Allohning suyukli xabibi bo‘lmish Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam xalqni zulmatu jaholatu qabohat dunyosidan saodatli yo‘lga yetakladi. Parvardigorning marhamati ila ul zoti oliy 23 yil mobaynida Islom dinini ommalashtirdi, targ‘ib va tashviq qildi, Qur’oni Karimni xalqqa mash’al qilib tortiq etdiki, butun ahli Islom hozirgacha undan bahramanddir.
Yaxshilik va ezgulik, bag‘rikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli bo‘lish, qon to‘kmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, qo‘ni-qo‘shni haqlarini ado etish, boshqa din va o‘zga millat vakillariga chiroyli muomala qilish, ota-onaga ular hayot ekanlarida mehribon va saxiylik ila munosabatda bo‘lish, dunyodan o‘tganlarning haqlariga duo qilishga, Vatanni sevishga da’vat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa, mustaqillik yillarida o‘z qadrini hamda o‘zining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin ma’noda xizmat qilish imkoniyatini topdi.
Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma’rifatparvar, ulug‘vor va donishmand xalqining Qur’oni Karim va hadisi shariflarga uyg‘unlashib ketgan urf-odatlari ham insonlarni diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikka targ‘ib etadi. Shu jannatmakon zaminning, buyuk allomalar yurtining tub xalqi bo‘lmish o‘zbekning ham fe’liy, ham qavliy jihatdan to‘la-to‘kis va mukammal etib, madhiyamizda ham «bag‘rikeng o‘zbekning o‘chmas iymoni» deb tavsiflab, bayon etiladi.
Ezgulikning yorqin namoyondasi, diniy bag‘rikenglikning ulug‘ timsoli va buyuk namunasi, dunyodagi har bir mo‘min-musulmonning eng katta ustozi bo‘lgan janob Payg‘ambarimiz har bir musulmon kundalik faoliyatida ishlatishi lozim bo‘lgan, har kungi hayotida tatbiq etishi darkor bo‘lgan mavzularni mehr-muruvvat ila marhamat qilganlar:
-Qo‘shnilaringiz sizni yaxshi odam deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz yaxshisiz. Agar ular sizni yomon odam deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz yomon odamsiz.
-Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir.
-Biror kishi bor aybingizni aytib sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga bo‘lur.
-Kimniki Alloh Taolo do‘st tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qo‘yadi.
-Siz yaxshilikni unga munosib bo‘lganga ham, bo‘lmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz o‘zingiz ezgulik ahlidansiz.
-Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur.
-Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor o‘ldirsa, qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: Parvardigorim, bu bandadan so‘ragin, nima uchun meni behuda o‘ldirdi ekan? – deydi.
-Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi.
-Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, so‘ngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak.
-Butun umr ezgulikni tilanglar!
-Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar. Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar.
-Birodaringiz zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering! (zulm ildiziga bolta urish ham zolimga, ham mazlumga yordamdir.)
-Maslahatni aql egalaridan so‘ranglar, to‘g‘ri yo‘l topasizlar, ularning aytganidan chiqmang, pushaymon bo‘lasizlar.
-Kimki yaxshilik ko‘chatini qadasa, orzu qilgan hosilini yig‘ib oladi va kimki yomonlik urug‘ini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi.
Dono xalqimiz islom dinimizdagi ko‘rsatmalarni o‘z tilida maqol sifatida ham ifoda etgan:
"Yomonlikka yaxshilik er kishining ishidir.
Yomonlikka yomonlik har kishining ishidir".
* * *
"O‘zingga ravo ko‘rmaganni,
O‘zgaga ham ravo ko‘rma".
"Agar sen qiblaga burmasang yuzni,
Besh mahal sajdayu namozing bekor.
Jannatga hyech qachon tikmagil ko‘zni
Agar bir mo‘minga yetkazsang ozor”.
* * *
“Makkaga yetti qat borgancha bo‘lur,
Boshini silasang o‘ksik insonni".
Islom dinimiz, ayniqsa, bizning zaminimizdagi Islom ezgulik dini ekanligini, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘rga hassa ushlatgandek muhtaram Birinchi Prezidentimiz o‘z kitoblarida o‘rgatyaptilar: «Ezgu odatimizga aylanib ketgan mehr-oqibat tushunchasini oladigan bo‘lsak, uning juda teran tarixiy, milliy, diniy ildizlari borligini ko‘rish mumkin. Bu avvalo insonning inson bilan, qo‘shnining qo‘shni bilan, qarindoshning qarindosh, oilaning oila bilan, eng muhimi, shaxsning jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashini, yetim-yesir, beva-bechora va nogironlarga, musofirlarga saxovat ko‘rsatish, sidqidildan, beg‘araz yordam berishni anglatadi va bunday xususiyat xalqimizning ma’naviy olamiga singib ketganini hech kim inkor eta olmaydi».
"Dasti qisqalarni kamsitma zinxor.
Savobning kattayu kichigi bo‘lmas.
Kimningdir davlati behuda bisyor
Va lekin baxildir, tolei kulmas.
* * *
Och qolgan go‘dakka saxovatli zot,
Yarimta xurmoni dildan ilindi,
Bilgilki, bu himmat shu zum, shu zahot,
Bus-butun savob deb qabul qilindi.
* * *
Demishlar savob ish ofatni to‘sib,
Ezgulik yo‘liga shaylangusidir.
Eng kichik himmat ham toychoqdek o‘sib,
Tulpordek savobga aylangusidir".
Iloxo o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Payg‘ambarimiz s.a.v. tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ro‘hlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!
Ibrohim Inomov,
O‘MI raisi o‘rinbosari
Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohani zamon talablari asosida isloh qilish, diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, diniy sohada davlat siyosatining takomillashuvi, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligining kafolatlanishi va diniy sohaga oid masalalarning huquqiy asosda hal etilishi borasida tub burilish yuz bermoqda. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ilgari surilgan konseptual yondashuvlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.
Xususan, kuni kecha imzolangan "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni mamlakatda ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni tizimli ravishda yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Mazkur farmon orqali davlat-din munosabatlarining ochiqligi, shaffofligi, diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, shuningdek, diniy-ma’rifiy faoliyatni ilmiylik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Bu farmon nafaqat diniy sohada faoliyat yuritayotgan mutasaddilar, balki keng jamoatchilik, ilmiy doiralar, xalqaro ekspertlar tomonidan ham ijobiy baholanib, O‘zbekistonning inson huquqlari, xususan, vijdon erkinligi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni amalda ro‘yobga chiqarishga intilayotganini yaqqol namoyon etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi qarori bilan Toshkent shahrida O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgan edi.
Bugungi dunyo manzarasida diniy ekstremizm va terrorizm tahdidi kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Bu holat ko‘plab jamiyatlarda tinchlik va barqarorlikka tahdid solmoqda. Radikalizm va ekstremizmning asosiy sabablaridan biri diniy savodsizlikdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 21-apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida "Jaholatga qarshi ma’rifat" ulug‘vor g‘oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etish, islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish, jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining daxldorlik hissi va ishtirokini yanada oshirish kabi masalalar asosiy o‘rinni egallagan.
Jumladan, farmonda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining "O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi" sifatida qayta nomlanishi, akademiyaning huquqlarini aniq belgilanishi va shu kabi sohaga oid barcha islohotlar hammani birfek quvontirdi. Bu haqida hujjatda shunday deyiladi:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qo‘mitaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.
6. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;
b) ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;
v) vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
g) diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmog‘ida ta’lim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;
d) talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;
e) mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur ilmiy-tadqiqot markazlari Vazirlar Mahkamasi huzurida edi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzurida faoliyat olib borayotgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham boshqa tadqiqot markazlari singari Vazirlar mahkamasi huzuriga o‘tkazildi. Bu ham markazda amalga oshirib kelinayotgan keng ko‘lamdagi ilmiy ishlarning yanada yuqori saviyada yaratilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar yo‘nalishlari bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlashda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida zamonaviy o‘quv dasturlarini tashkil etadi. Akademiyaning ilmiy-tadqiqot salohiyati kengayib, diniy-ma’rifiy adabiyotlar yaratib, ilmiy va ommabop adabiyotlar nashr etadi hamda raqamli resurslar yaratilib, akademiya tomonidan keng jamoatchilikka yetkaziladi.
Ilhomjon Bekmirzayev,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
"Ijtimoiy fanlar va huquq" kafedrasi professori