SABZI (Daucus) — soyabonguldoshlar oilasiga mansub ikki, qisman bir yillik o‘tsimon o‘simliklar turkumi, sabzavot ekini. Sabzining 60 dan ortiq turi bor. Bir turi (Daucus carota) — madaniy sabzi. ekiladi. Bu tur G‘arb (O‘rta Yer dengizi havzasidan kelib chiqqan 4 tur-xil — karotinli, sariq, oq, binafsharang sabzilar) va Osiyo (Afg‘oniston va unga yaqin hududlardan kelib chiqqan 6 tur-xil — sariq, binafsharang, qizil, to‘q binafsharang, pushti, oq sabzilar) kenja turiga bo‘linadi.
Urug‘i mayda, 1000 donasi 1—1,5 g. Ildizmevasi sersuv, naviga qarab dumaloqroq, silindrsimon, rangi sariq, oq va ba’zan qizg‘ish, och kizil, uzunligi 8—17 sm, vazni 30—200 g va undan ortiq. Sabzisi (ildizmevasi)da 10—12 % qand, 9,2% uglevodlar, 1,1% azotli moddalar va S, V,, V2, RR vitaminlari, 9,0 (20—25 gacha) mg% karotin bor. Sabzi inson oziq-ovqat ratsionida muhim o‘rinda turadi. Yangiligida iste’mol qilinadi, konservalar tayyorlanadi, tibbiyotda esa sabzidan turli dori-darmonlar tayyorlanadi. Shimoliy rayonlarda va Yevropa mamlakatlarida, asosan, qizil, Markaziy Osiyo mamlakatlarida sariq sabzi ekiladi. O‘zbekistonda xalq seleksiyasida sabzining juda ko‘p navlari yaratilgan. Hozirgi davrda sabzining Mushak 195 (ertapishar) va Nurli (o‘rtapishar), Mirzoy qizil 228, Mirzoy sariq 304 (o‘rta ertagi), Nant 4, Shantane 2461 (o‘rtagi) va Ziynatli, Kaskade G‘, Puma G‘, va boshqa navlari va duragaylari ekiladi.
(“O‘zME”dan)
Uning shifobaxsh xususiyatlari qadimdan ma’lum. O‘rta asrlarda undan yurak, qon-tomir, jigar kasalliklarini, shuningdek sariq va yo‘talni davolashda keng foydalanilgan.
Bugungi kunda sabzi kamqonlik, me’da-ichak yo‘llari, yog‘ bosgan organizm, buyrak kasalliklari va boshqa qator illatlarni davolashda muolajaviy ovqatlanish tarkibida asosiy o‘rinlardan birini egallaydi.
Sabzi karotin moddasiga juda boy bo‘lgan sabzavotdir.Organizmni bu modda zapasi bilan 2 kunga yetarli ta’minlash uchun o‘rtacha kattalikdagi bitta sabzini iste’mol qilish yetarli bo‘ladi. Bundan tashqari bu sabzavot turi V, RR, K, Ye vitaminlari, kalsiy tuzi, kaliy, fosfor, natriy, temir, yod, magniy va boshqa foydali moddalarga boy. Sabzida oqsil moddasi kam, lekin uning tarkibida taxminan 7% uglevod (uning asosiy qismini organizmda yaxshi hazm bo‘luvchi glyukoza tashkil etadi) bor.
Xom sabzini iste’mol qilish soch va tirnoqlarning sinuvchanligida, ko‘rish qobiliyati pasayganda juda foydali. U organizmning kasalliklardan himoyalanish kuchini ko‘paytiradi, yuqumli kasalliklardan muhofaza qiladi. Xuddi shuning uchun ham undan organizm vitamin yetishmasligidan toliqadigan qish kunlari, xalqimiz “ilik uzildi” deb ataydigan erta bahor kunlari iste’mol qilib turish tavsiya etiladi.
Bu sabzavot og‘iz bo‘shlig‘i uchun faol antibakterial vositadir. Stomatit (milk yallig‘lanib, chaqa bo‘lishi)ni davolashda xalq tabobati sabzi sharbatiga bir oz asal qo‘shib chayishni tavsiya qiladi.
Sabzi qabziyatda mislsiz shifobaxsh sabzavot bo‘lib, oshqozon-ichak yo‘llaridagi illatlarda ham foydalidir. Surgi sifatida qirg‘ichda qirilgan sabzini va shuningdek, uning sharbatini (150-200 ml kechqurun uyquga yotish oldidan) iste’mol qilish nihoyatda foydali. Bavosirda sabzi bargini damlab choy sifatida ichish yordam beradi. Uzoq vaqt bitishi qiyin bo‘lgan yaraga sabzi bo‘tqasi bog‘lanadi. Sabzi mineral modda almashinuvini me’yorga keltirishda foyda beradi, uning sharbati katarakta va kon’yuktivit kasalliklarida ko‘z holatini yaxshilaydi.
Shuni ta’kidlash lozimki, qalqonsimon bez kasalliklarida sabzi tarkibidagi karotin organizmda o‘zlashtirilmaydi. Shuningdek ingichka ichakning o‘tkir shamollashi jarayonida sabzi iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Qon bosimida sabzi sharbati
Qon bosimi oshishida 1 dona sabzini mayda tishli qirg‘ichdan chiqarib, 1 dona xren ildizini qo‘shish va ularning sharbatini chiqarish, 40 ml limon soki va 30 g asal qo‘shib, aralashtirish lozim. Kuniga 3 mahal, 15 ml dan ovqatlanishdan 30 minut oldin 6-8 hafta davomida iste’mol qilinadi.
Yo‘talda sabzi sharbati
holatda kuniga 20 ml dan 5-6 marta ichiladi.
Aralashmani kuniga ovqatlanishdan oldin 6-7 mahal 70 ml dan ichiladi.
Jigar kasalliklarida sabzi sharbati
150 g sabzini va 100 g xren ildizini qirg‘ichdan o‘tkazib, 20 ml spirt, 20 g asal qo‘shib aralashtiriladi. Aralashma 1-2 oy davomida kuniga 3 mahal 20 ml dan ichiladi.
Sabzi sharbati gerpes (terining muayyan qismi shamollashi) kasalligida
Mayda tishli qirg‘ichda 100 g sabzi va 150 g olma chiqarib, turupini siqib, sharbati olinadi. Kuniga 4-6 mahal 50 ml dan ichiladi.
Sabzi sharbati va urug‘i siydik qopida tosh paydo bo‘lganda
Gripda sabzi sharbati va chesnok
Mayda tishli qipg‘ichdan 1 ta sabzi va chesnokdan 4 ta tishchasi o‘tkaziladi va ularni siqib, sharbati olinadi. Burunning har bir katagiga kuniga 3 mahal 2-3 tomchidan tomiziladi.
Sabzi sharbati dermatitda
100 g sabzi qirg‘ichdan o‘tkazilib, uning turupi salfetkaga bir tekis qalinlikda solinadi, terining kasallangan qismiga 20-30 daqiqa qo‘yiladi.
Sabzi damlamasi organizmni tozalashda
Sabzini quritilganidan 20 g iga 250 ml qaynagan suv quyiladi va 10 daqiqaga idish qopqog‘i yopib qo‘yiladi. Damlama bir necha qismga bo‘lib, kun davomida ichiladi.
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi.
17 noyabr 2016 yil
Barchamizga ma’lumki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Mana shu maqsadlarga yetishishda Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limotiga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi.
Dinimizda yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida bunday deganlar: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Tarbiya inson kamolotining asosidir. Bizda farzand tarbiyasi har bir oila uchun asosiy vazifa bo‘lib kelgan. Hozirda ham yoshlar tarbiyasiga, ularning sifatli bilim olishlariga davlatimiz miqyosida katta ahamiyat berilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda shunday ta’kidlagan edilar: “Mening eng katta tashvishim, maqsadim — yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi”.
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni aqlan va ma’nan yetuk avlod bo‘lib yetishishiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Islom dini ta’limotida yoshlarni aqlan tarbiya qilish ham muhim masala sanaladi. Bunda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir.
Islom ta’limotlariga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.
Buyuk shoir va mutafakkir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.
Inson dunyoda yashar ekan, o‘z hayotini go‘zal o‘tkazishga harakat qiladi. Turmushning farovon bo‘lishi, jamiyatning taraqqiy etishi esa faqat ilm-fan bilan bo‘ladi. Qayerda ilm-fan rivoj topsa, o‘sha yerda tarqqiyot bor. Ilm-fanning rivoji esa ilm egalari – olimlar bilan bo‘ladi.
Islom dini musulmonlarni doimo ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa hech narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi.
«Bilimli inson quyoshga o‘xshaydi, kirgan joyini yoritadi».
Ha, ilm qorong‘uliklarni yorituvchi mash’aladir. Qorong‘ulikda qolgan har bir kishi unga muhtoj. Yuksak pog‘onalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Taraqqiy etishni va kamolot topishni istasak ilmning etagini mahkam ushlaylik.
Shunday ekan, biz musulmonlar o‘z farzandlarimizni bugungi kun talablari asosida tarbiyalashimiz, ularni zamonaviy ilm va kasb-hunarga yo‘naltirishga bor kuchimizni sarflashimiz lozim. Shunda farzandlarimiz xorij mamlakatlariga ishlash uchun “qora ishchi” bo‘lib emas, balki mutaxassis sifatida boradilar.
So‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonlaridan yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar va chet tiliga o‘rgatish bo‘yicha ilgari surilgan “1000 dasturchi”, “Ikki til, bir kasb” loyihalaridan ham aynan shu ezgu maqsad ko‘zlangan...
Albatta, musulmon inson o‘zga insonlarga avvalo o‘zining yuksak axloqi bilan namuna bo‘lishi kerak. Zero, insonlar xulqi go‘zal kishini yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islomga chaqirishni boshlaganlarida qarindoshlarini “Ey Bani Fihr, ey Bani Adiy” deb chaqirdilar. Barcha to‘plandi, uyidan chiqishga imkoni bo‘lmagan kishilar nima bo‘layotganini bilib kelish uchun odam jo‘natdilar. Rasululloh alayhissalotu vasallam: “Agar men sizlarga mana bu tog‘ etagidagi vodiyda otliqlar ustingizga bostirib kelishga tayyor turibdi, deb xabar bersam, menga ishonasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Sizning biror marta yolg‘on gapirganingizni bilmaymiz, Sizga ishonamiz”, deyishdi. Shundan keyin u zot o‘zlarini Payg‘ambar qilib yuborilganlarini aytdilar.
Bu o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar ekanlarini turli hujjat va mo‘jizalar orqali isbotlash bilan e’lon qilmadilar. Balki, eng avvalo ularga o‘zlarining axloqlari haqida savol berib, o‘zlarining rostgo‘y ekanliklarini tasdiqlatib oldilar. Bundan ko‘rinib turibdiki, musulmon kishi o‘zga kishilarga eng avvalo amali, xulqi va odobi bilan namuna bo‘lishi kerak ekan.
Kishi husni xulqli bo‘lishi uchun ahli ilm va solih zotlarni suhbatlaridan bahramand bo‘lishi va ularni odob axloqlaridan o‘ziga namuna olishi ham ayni muddaodir. Bu haqda Ibn Vahb rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Imom Molikning ilmlaridan ko‘ra, u zotning odoblaridan o‘rganganimiz ko‘proq bo‘ldi”.
Demak, husni xulq va odob kishida o‘z-o‘zidan shakllanib qolmas ekan. Balki uni ilm ahli bilan hamsuhbat bo‘lish, ulardan ilm olish bilan birga odob-axloqlarini o‘rganish bilan kasb qilinar ekan. Ushbu xislat o‘tgan salafi solihlarimizning go‘zal odatlaridan bo‘lgan.
Junayd Bag‘dodiy rahimahulloh aytadilar: “Garchi insonning ilmi va amali oz bo‘lsa ham, to‘rtta narsa uni yuqori darajalarga ko‘taradi: Hilimlik, tavoze’lik, saxiylik va husni xulqdir. Husni xulq imonning komilligidir”.
Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasiga: “Ey otajon, inson uchun qaysi xislat yaxshiroq?” dedi. Otasi: “Din”, deb javob berdi. “Agar xislat ikkita bo‘lsa-chi?” deb so‘radi. Otasi: “Din va mol”, dedi. “Agar uchta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol va hayo”, dedi. O‘g‘il: “Agar to‘rtta bo‘lsa-chi?” dedi.
Otasi: “Din, mol, hayo va chiroyli xulq”, dedi. “Agar beshta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol, hayo, chiroyli xulq va saxiylik”, deb javob berdi. O‘g‘il yana: “Oltita bo‘lsa-chi?” deb ham so‘ragan edi, Luqmoni Hakim: “Ey o‘g‘lim, agar insonda mana shu besh xislat jamlansa, u pokiza, taqvodor, Allohga do‘st va shaytondan uzoq bo‘ladi” deb javob qildi. Mana shu beshta xislatlar borligi ham mo‘minlik sifatlaridandir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Albatta, banda chiroyli xulqi bilan jannatda oliy maqomga yetadi, garchi (nafl) ibodatini ko‘p qilsa ham”.
Inson yomon xulqi bilan boshqa insonlarni ko‘ngliga ozor beradigan bo‘lsa, o‘sha xulqi tufayli qilgan yaxshiliklari ham bekor bo‘ladi.
Kishi ilmga qancha muhtoj bo‘lsa, go‘zal xulqqa va odobga ham shuncha muhtojdir. Zero, ilm, go‘zal xulq va odob insonni kamolotga yetkazuvchi ikki qanotdir. Axloqi komil, bir-biriga mehribon va madadkor jamiyat baxtli va farovon jamiyatdir.
Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor zinhor unutmaylik. Farzandim ilmli, odobli, kasb-hunarga ega bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topib, oilasiga, vataniga, muborak diniga xizmat qiladigan, orzu-havaslaringizni ro‘yobga chiqaradigan inson bo‘lsin desak, hayotda turli keraksiz, ortiqcha hoyu-havaslarga berilib ketmasdan, ularning ehtiyoji uchun eng zaruriy badiiy, ilmiy, tanlagan kasbiga oid, dunyo va oxiratiga manfaat beradigan kitoblar, darsliklar olib berishga erinmaylik. Albatta, olib berib, ularni xursand qilib, qo‘llab-quvvatlab, shu kitoblarni birga o‘qiylik yoki o‘qishini albatta nazorat qilib turaylik.
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.