Uning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn al-Hasan ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy bo‘lib, tarjimayi holiga oid ma’lumotlar o‘rta asr arab mualliflaridan Tojuddin as-Subkiy, al-Xatib al-Bag‘dodiy, Ibn Hajar al-Asqaloniy, as-Sullamiy va boshqalar asarlarida, shuningdek, uning o‘zining qalamiga mansub «Bad’u sha’ni Abu Abdulloh» («Abu Abdulloh ishining boshlanishi») nomli avtobiografik risolasida keltirilgan.
Al-Hakim at-Termiziy tavallud topgan sana xususida ham yozilgan manbalar va adabiyotlarda turli yillar keltirilgan. Odatda, o‘rta asrlarga oid yozma manbalarda aksar hollarda muallifning faqat vafot etgan yili ko‘rsatilib, tavallud etgan sanasi keltirilmaydi. Jumladan, taniqli olim Hoji Xalifa o‘zining «Kashf uz-zunun» nomli mashhur asarining bir necha o‘rinlarida al-Hakim at-Termiziy vafotini hijriy 255 (melodiy 869) yil deb ko‘rsatgan. Shuningdek, allomaning Termiz shahri yaqinida joylashgan maqbarasi ustida o‘rnatilgan qabrtoshdagi bitiklarda ham uning hayoti haqida ba’zi ma’lumotlar keltirilib, vafot etgan sanasi hijriy 255 (melodiy 869) deb yozilgan. Boshqa ba’zi manbalarda ham uning mazkur sanada vafot etganligi qayd etiladi. Al-Hakim at-Termiziyning uzoq — 116 yoinki 120 yil umr ko‘rganligini e’tiborga olsak, alloma sakkizinchi asrning o‘rtalarida (taxminan 750—760 yillar oralig‘ida) tavallud topganligi ayon bo‘ladi. Ayni vaqtda ba’zi zamonaviy tadqiqotchilar uning tavalludi va vafoti haqida batamom boshqa sanalarni ko‘rsatganlar. Jumladan, al-Hakim at-Termiziyning hayoti va uning ta’limotini chuqur o‘rgangan misrlik taniqli olim Abdulfattoh Abdulloh Baraka al-Hakim at-Termiziyni hijriy 205 (melodiy 820) yilda Termiz shahrida tavallud topib, uzoq umr ko‘rib, hijriy 320 (melodiy 932) yilda 112 yoshida vafot etganligi haqida yozadi. Uning maqbarasi Termiz shahrining yaqinida Amudaryo bo‘yida joylashgan.
Al-Hakim at-Termiziyning bolalik va yoshlik yillari haqida manbalarda aniq ma’lumotlar uchratmadik. Uning ota-onasi haqidagi ba’zi xabarlardan ma’lum bo‘lishicha, uning otasi Ali ibn al-Hasan o‘z davrida hadis ilmining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Arab tarixchisi al-Xatib al-Bag‘dodiy o‘zining mashhur «Tarixi Bag‘dod» («Bag‘dod tarixi») nomli asarida yozishicha, u musulmon olamining eng yirik markazlaridan sanalgan Bag‘dod shahrida bo‘lib, o‘sha davrning mashhur olimu ulamolari bilan hadis ilmining turli masalalari bo‘yicha qizg‘in bahs va munozaralarda ishtirok etgan. Al-Hakim at-Termiziy o‘zining avtobiografik risolasi «Bad’u sha’ni Abu Abdulloh» va «Ar-Radd a’lol-muattila» kabi asarlarida yozishicha, uning onasi va bobosi ham o‘z davrida hadis ilmining yetuk bilimdonlaridan bo‘lgan. Bu ma’lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, al-Hakim at-Termiziy ilm-ma’rifat yuksak qadrlanadigan, ziyoli bir xonadonda dunyoga kelib, mana shu ilmiy-ma’naviy muhitda o‘sib ulg‘aygan. Oxir oqibatda mazkur omillar ta’sirida uning ma’naviy dunyosi va ilmiy tafakkuri shakllanib, kamolga yetgan. Ayni vaqtda shuni alohida ta’kidlash kerakki, al-Hakim at-Termiziyning ilmiy kamolotida uning otasi Ali ibn al-Hasanning xizmatlari benihoya katta. Chunonchi, u o‘z farzandi uchun nafaqat mehribon va g‘amxo‘r ota, balki unga nisbatan talabchan murabbiy va ma’rifatli ustoz maqomida ham bo‘lgan.
Otasi vafotidan keyin al-Hakim at-Termiziy o‘z shahridagi yetuk olimlardan asosan tafsir, hadis va fiqh ilmlaridan saboq oladi. Uning termizlik muhaddislar Abu Muhammad Solih ibn Muhammad ibn Nasr at-Termiziy, Solih ibn Abdulloh at-Termiziydan hadis ilmini o‘rganganligi haqida manba’larda aniq ma’lumotlar keltirilgan. Shundan so‘ngra alloma Fariduddin al-Attorning yozishicha, yoshi yigirma yettiga yetganda al-Hakim at-Termiziy ikki o‘rtog‘i bilan o‘sha paytda butun Sharqda ilmu ma’rifatning eng yirik markazlaridan biri sanalgan Bag‘dodga borib ilm olishni niyat qilganda birdan onasi betob bo‘lib qoladi va unga: «Ey o‘g‘lim, men bir mushtipar, zaifa ayol bo‘lsam, menga sendan bo‘lak boshpanoh bo‘lib yordam beradigan biror kimsa bo‘lmasa, mening butun borlig‘im faqat sen bilan bog‘liq bo‘lsa. Sen meni kimga tashlab ketmoqchisan?» — deb unga iltijo qiladi. Volidasining bu so‘zlari al-Hakim at-Termiziyga qattiq ta’sir qilib, u ilm talabidagi ushbu safaridan voz kechadi. Uning ikki o‘rtog‘i esa o‘z safarlariga otlanib yo‘lga tushadilar. So‘ngra, ushbu voqeadan keyin talay vaqt o‘tgach, al-Hakim at-Termiziy Bag‘dodga borolmaganligi uchun g‘oyatda afsuslanib, maqbaralardan birining yonida yig‘lab xafa bo‘lib turganida uning yonida yuzidan nur yog‘ilib turgan bir shayx paydo bo‘lib, undan yig‘lashining sababini so‘raydi. Al-Hakim unga yuz bergan voqeani birma-bir aytib beradi. Shunda shayx: Istasang, men senga har kuni turli ilmlardan saboq berib, seni o‘qitaman, deydi. Al-Hakim uning bu so‘ziga darhol rozi bo‘ladi. Bu hol bir necha yil davom etadi. So‘ngra u bilsa, bu kishi Xizr alayhissalom ekanlar. Uning bu saodatli marhamatga erishishi volidai mushfiqasining duosi barokotidan bo‘lgan edi. Ayni shu voqea boshqa manbalarda biroz boshqacharoq tarzda hikoya qilinadi...
Bu hikoya haqiqatmi yoki afsonaviy rivoyatmi, qanday bo‘lmasin uning oilasi haqida muayyan darajada tasavvur beradi. Chunonchi, ushbu hikoyadan ma’lum bo‘lishicha, u ota-onasining yakkayu yagona farzandi bo‘lgan, onasining iltijosiga qaraganda ularning oilasida al-Hakimdan boshqa unga boshpanoh bo‘lib, qaraydigan kimsa bo‘lmagan. U o‘z onasiga mehribon, uni boquvchisiz tashlab ketishga jur’at qilmagan — oilaparvar, qanchalik ilm olishga ishtiyoqi kuchli bo‘lgani bilan o‘z volidasining so‘ziga quloq solib, uning duosini olganligi bois oxir-oqibatda ilm olishda ham o‘z matlabiga erishadi. Shuningdek, manbalarda uning oilaviy ahvoli, rafiqasining soliha, taqvodor, pokiza ayol ekanligi, oilada oltita farzandi bo‘lganligi haqida ham ba’zi ma’lumotlar keltirilgan.
AL-HAKIM AT-TЕRMIZIYNING USTOZLARI
Ayni vaqtda al-Hakim at-Termiziy saboq olgan ustozlari haqida manbalarda keltirilgan ma’lumotlardan quyidagilarni aytish mumkin:
U kishining bundan boshqa ustozlari ham bo‘lgan.
Al-Hakim at-Termiziyning yuqorida nomlari zikr etilgan ustozlaridan olgan bilimi, o‘z davrining yirik allomasi darajasigacha yetishida salmoqli ta’sir ko‘rsatgan, albatta.
Al-Hakim at-Termiziy o‘zining uzoq umri davomida bir qancha bosqichni bosib o‘tgan. Binobarin, yozma manbalarga, birinchi navbatda uning avtobiografik tusdagi «Bad’ shaan Abi Abdulloh» nomli asariga tayangan holda muhaddisning hayotini quyidagi bosqichlarga bo‘lish mumkin:
Birinchi bosqich — al-Hakimning sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalik davri. Afsuski, biz uning mana shu davrdagi hayoti haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lmasakda, lekin taxmin qilish mumkinki, uning bolalik yillari ko‘pchilik tengqurlariniki kabi odatdagiday har xil o‘yinlaru ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga to‘liq bo‘lmagan. Chunonchi, tasavvur qilish mumkinki, agar shu alfozda bo‘lganda uning yaqin kelajakda ilmu irfon bilan jiddiy shug‘ullanishi uchun (bu o‘yinqaroqliklar) imkon bermagan bo‘lardi. U bir lahzada ulardan voz kechib o‘z ustozlarining jiddiy saboqlariga ma’naviy tayyor bo‘lmagan bo‘lardi. Shu bois komil ishonch bilan aytish mumkinki, u o‘zini yoshlikdan ilmu ma’rifatini chigal so‘qmoqlarni yengib o‘tadigan murakkab imtihonlarga ma’naviy va ruhiy jihatdan har tomonlama tayyorlay boshlagan edi.
Ikkinchi bosqich – al-Hakim at-Termiziyning sakkiz yoshidan to yigirma yetti yoshigacha bo‘lgan umrini qamrab oladi. Bu davrda uning bir ustozi bo‘lib, u bor imkoniyati va mahoratini al-Hakimni turli ilmlardan chuqur bilim olishiga sarflaydi, shunga astoydil rahnomalik qilib unga o‘z inoyatini ko‘rsatadi. Garchand ushbu shayx (ustoz) haqida aniq ma’lumotlar bo‘lmasa-da, u o‘z shogirdini faqat ilm yo‘liga, xususan ilm al-asor (arxeologiya, qadimshunoslik) va ilm ar-ray (diniy masalalarda o‘z fikrini bildirish) kabi ilmlarni chuqur egallashiga qaratadi. Bu vazifa oson vazifalardan emas edi.
Al-Hakim at-Termiziy hayotining uchinchi bosqichi Qur’oni karimni yod olish va uni chuqur o‘rganish bilan bevosita bog‘langan. U Ollohning kalomini yod olishga alohida ishtiyoq bilan kirishadi, kechani kunduzga ulab uni yod oladi, bu mashg‘ulotdan uning qalbi halovatu alohida zavq-shavqqa to‘ladi. U endi rabboniy ruhdagi asarlarga g‘oyatda berilib, ulardagi ibratli mav’izalar, oxirat ishlariga doir ma’lumotlar, tariqatga boshlovchi piri murshidlarning hikoyatlarini alohida qiziqish bilan o‘rganadi. Mana shu fikr-mulohazalarni jamlab, bu bosqichni al-Hakim at-Termiziy hayotidagi burilish davri (fitrat at-tahavvul) deb atasak, ayni haqiqat bo‘lar edi. Binobarin, shu davrda u ro‘za tutish, namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish kabi ibodatlarga batamom berilib ketadi. Lekin shu bilan birga bu davrda u muayyan bir usul, yoinki biron-bir xos tariqatga ega emasdi. Uning o‘z ta’biri bilan aytganda, toki uning qo‘liga al-Antokiyning kitobi tushgunga qadar shu yo‘sunda hayot kechirgan, keyin esa al-Antokiyning fikrlaridan ta’sirlanib o‘z nafsini riyozat (riyozat an-nafs) chekishiga yo‘l qo‘ygan. Mana shu paytdan e’tiboran uning hayotida uzoq va mashaqqatli boshqa bir davr boshlanadiki, bunda u o‘zini hech bir ayamasdan riyozat chekishga, xilma-xil imtihonu sinovlarga mubtalo qiladi. U uzlat va xilvatni, odamlardan o‘zini chetga olib uzoq tutishni ixtiyor qiladi.
Mana shu jarayonlar oqibatida u o‘z tariqatini yaratdiki, natijada kechalari uning atrofida ko‘plab izdoshlari va maslakdoshlari to‘planishib bahsu munozaralar uyushtiradilar, duo va tazarru’lar bilan o‘z shuurlarini izhor qiladilar. Aftidan, mana shu bahsu munozaralar paytida o‘zining chuqur mazmunga ega bo‘lgan so‘fiylik tajribalari haqidagi oshkora bayonotlari tufayli diniy masalalarning ba’zi jihatlari, xususan, ilm ar-ra’y, yoinki ilm al-osor, hatto tasavvuf ilmlariga doir fikrlari bilan o‘z zamonidagi qator olimlarning qahru-g‘azabini qo‘zg‘ab, ularning shiddatli hujumlariga duchor bo‘ladi. Natijada al-Hakim at-Termiziy ustida gap so‘zlar ko‘payib, uni havoyi gaplarga berilishda va bid’atda ayblay boshlaydilar.
Lekin ahvol shu tariqa davom etmadi. Unga nohaq tuhmatlar qilib, aziyat yetkazganlar o‘z muddaolariga yeta olmadilar. Mana shu paytdan e’tiboran al-Hakim at-Termiziyning hayotida yangi bir bosqich boshlanadi. Bunda u xilvat va uzlatdan chiqib, odamlar tomon yuzlanadi. Natijada uning fazlu fazilati to‘la namoyon bo‘lib, nomi tillarda zikr qilina boshlaydi. Atrofida to‘planadiganlarning soni kundan-kunga oshib boradi. Ana shundan keyingina odamlar uning haqida tarqatilgan mish-mishlar, tuhmatlar nohaq bo‘htonlardan boshqa narsa emasligini tushunib yetdilar va unga nisbatan o‘z hurmatu ehtiromlarini namoyon qildilar. Mazkur bosqichdagi faoliyati davrida ehtimol, keyinchalik ba’zi olimlar tomonidan «al-hakimiyya vat-termiziyya» degan nom bilan atalgan oqimga asos solingan bo‘lsa kerak. Ehtimol shu bois at-Termiziyning o‘zi ham bu davr haqida to‘xtalib, unda shogirdlari va izdoshlari paydo bo‘lganligi haqida ta’kidlaydi. Chunonchi, ushbu davrda uning shogirdlarining soni ko‘payib, mav’izayu ma’ruzalari yuksak kamolotga yetishdi, obro‘-e’tibori oshib, shonu shuhrati chor atrofga tarqaldiki, hatto yaqin o‘tmishda unga qarshi fitna uyushtirgan guruhlar ham unga o‘z hurmatini bildira boshladilar. Al-Hakim at-Termiziyning shogirdlari ko‘p bo‘lganligiga qaramay, tarix sahifalarida ular ismi-shariflarining ba’zilari saqlanib qolgan, xolos.
AL-HAKIM AT-TЕRMIZIYNING SHOGIRDLARI
U kishining ko‘plab shogirdlari bo‘lib, shulardan mashhurlari qo‘yidagilar:
Shu o‘rinda doktor Usmon Yahya to‘g‘ri ta’kidlaganidek, alloma al-Hakim at-Termiziyning shogirdlari va izdoshlaridan atigi bir qismining ismi-shariflari keltirilgan. Albatta, bu hol al-Hakim at-Termiziy ilm bobida erishgan yuksak maqomiga, ayniqsa uning tasavvuf olamidagi mislsiz obro‘-e’tiboriga ham mutlaqo mos emas. Shu boisdan bo‘lsa kerak, XV asrda yashab o‘tgan mashhur arab tarixchisi, yuzlab qimmatli asarlarning muallifi Ibn Hajar al-Asqaloniy ham chuqur o‘kinch bilan «Bu alloma (al-Hakim at-Termiziy)ning to‘liq tarjimayi holidan voqif bo‘lish menga nasib etmadi-da, yana ham Olloh o‘zi madadkor» deb yozgan.
Binobarin, al-Hakim at-Termiziyning o‘z hayot yo‘llari haqida yozib qoldirgan ma’lumotlari favqulodda ahamiyat kasb etadi. Har holda allomaning asarlarida unchalik mukammal, to‘liq bo‘lmasa-da, uning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosining tadrijiy kamoloti haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lamiz. O‘zining hayotiy bosqichlari haqida, masalan, sanalari aniq ko‘rsatilgan holda ma’lumot bermagan, ilm yo‘lida xorijga qilgan safarlari, o‘zi yaratgan asarlar, o‘zi asos solgan mazhab yoki maktab haqida ham aniq ko‘rsatilmagan. Lekin boshqa ba’zi manbalardan uning Nishopurga rihlat qilganligi va unda hadisdan saboq berganligi, Nishopur olimlaridan Yahya ibn Mansur al-Qoziy undan hadislar rivoyat qilganligi, Termizdan chiqarib yuborilganligi va Balxda bir necha yil yashaganligi haqida ham xabarlar bor. Manbalarga tayanib yana aytish mumkinki, al-Hakim at-Termiziy faoliyatining keyingi ikki bosqichi ilmiy-ijodiy nuqtayi nazardan g‘oyatda samarali va barakali bo‘lgan. Chunonchi, aynan shu davrda uning faoliyatida keng omma bilan muloqot, uning atrofida ko‘p sonli shogirdlar va izdoshlarning to‘planishi va eng muhimi uzoq yillar davomida shakllangan qarashlari, fikr-mulohazalari va hayotiy tajribalari asosida o‘zining o‘lmas asarlarini yaratdiki, bu asarlar buyuk bir ma’naviy meros sifatida islom madaniyati, ayniqsa tasavvuf ilmi taraqkiyotida salmoqli o‘rin egalladi.
AL-HAKIM AT-TЕRMIZIYNING LAQABLARI
Al-Hakim at-Termiziyning tarjimayi holi keltirilgan asarlari, shuningdek, risolalari nomlarida ham u turli laqablar bilan atalganini ko‘ramiz. Jumladan, uni ash-shayx, al-olim, al-alloma, muhaddis, az-zohid, al-hofiz, ayniqsa aksar hollarda al-imom laqablari bilan ataganlar. Bundan tashqari al-Hakim at-Termiziy ba’zi hollarda «al-muazzin» degan laqabga ham ega bo‘lgan. Bu laqabni muallifning «Tahsiyl nazoir ul-Qur’on», «Al-Masoil al-maknuna», «Navodir ul-usul fi ma’rifat axbor ar-Rasul» kabi asarlarida, shuningdek, tarixchilar Shamsuddin az-Zahabiyning «Tazkirat ul-huffoz», Ibn Hajar al-Asqaloniyning «Lison al-meyzon» asarlaridagi al-Hakim at-Termiziyning tarjimayi holi keltirilgan qismlarida ham ko‘rishimiz mumkin. Albatta, ushbu laqablar uning ilmiy salohiyati g‘oyatda yuksak bo‘lganligi va bu hol ilmu-irfon namoyandalari tomonidan yuksak e’tirof etilganidan dalolat beradi. Ayni vaqtda at-Termiziy asosan al-Hakim laqabi bilan atalib, al-Hakim at-Termiziy (ba’zan at-Termiziy al-Hakim) shaklida keltirilgan. Binobarin, at-Termiziyga berilgan «al-hakim» laqabining ma’nosini talqin qilib ba’zilar unga «tabib» deb ma’no berganlar va shunga ko‘ra at-Termiziyni buyuk tabib deb hisoblaganlar. Bu o‘rinda shuni aytish zarurki, «tabib» va «hakim» so‘zlari o‘rtasida muayyan darajada umumiylik mavjud. Aynan shu mavzuga, ya’ni tabiblar, hakimlar haqidagi muhim qomusiy kitoblardan biri Ibn Jaljalning «Tabaqot ul-atibbo val-hukamo»ga murojaat qilsak, unda «Buqrot» bobida shunday deb yozadi: tabib bo‘lgan kishi ruhoniyati toza fazilatli, o‘z birodarlariga shafqatli, shakli chiroyli, kiyinishi ozoda, o‘z kasbini yaxshi egallagan, Hakim (ya’ni aqli farosati komil), hamma narsani hisobga oluvchi va idrok etadigan bo‘lishi shart degan.
Al-Hakim at-Termiziyning ilmiy-ijodiy faoliyati xorijiy yurtlarga qilgan safarlari bilan bevosita bog‘liqdir. Dastlabki safari davomida u Xurosonning qator shaharlarida bo‘lib, ko‘p olimlar bilan ilmiy-ijodiy muloqotda bo‘lgan. Ayni vaqtda aytish kerakki, al-Hakim at-Termiziyning mutasavvuflar bilan munosabatlari muhaddislarga qaraganda ancha samarali va chuqurroq edi. Shu bilan bir qatorda al-Hakim at-Termiziyning ilm talabidagi rihlatlari faqat Xurosonning barcha shaharlariga bo‘lib qolmay, balki Iroqning ham deyarli hamma tomonlarini qamragan edi. Mana shu safarlari chog‘ida al-Hakim at-Termiziy ilmiy tafakkurining shakllanishida ayniqsa yirik shaharlar Balx, Nishopur va Bag‘dodda bo‘lganligi alohida o‘rin egallaydi. Mana shu shaharlar bilan bir qatorda at-Termiziyning ilmiy ijodiy faoliyatida u tug‘ilib o‘sgan ona shahri Termizning ham hissasi benihoya katta bo‘lgan. Aynan shu shaharda al-Hakim at-Termiziy ilm toliblariga dars bergan, o‘zining o‘lmas asarlarini yaratgan. Jumladan, Termizda yaratgan asarlaridan «Hotam al-anbiyo», «Ilal ash-shariy’at» nomli asarlarini ko‘rsatish mumkin. Tarixchilar Tojuddin as-Subkiy, as-Sullamiylarning yozishicha[13], mana shu asarlarni yaratgandan keyin bir toifa kishilar al-Hakim at-Termiziyga qarshi muxolifat bildirib chiqishgan. Oxir-oqibatda u Termizdan badarg‘a qilinib, bir necha yillar Balxda yashagan. Ehtimol, at-Termiziyning Balxda yashagan yillari uning hayotining oxirgi yillariga to‘g‘ri kelar, chunonchi, zikr etilgan ikki asarini alloma umrining so‘nggi yillarida yaratgan.
Al-Hakim at-Termiziy muborak haj ibodatini ado etish uchun Makkai mukarrama tomon ravona bo‘ladi. Yo‘lda u Iroqda to‘xtab o‘tadi. Iroqning qator shaharlarida, jumladan, Kufa va Basra kabi yirik shaharlarida bir necha kun to‘xtab o‘tadi. Bu shaharlardagi muhaddislar bilan muloqotda bo‘lib, ilmiy-ijodiy munozaralarda ishtirok etadi va sha’bon oyida Makkaga yetib keladi. U to‘rt oy, toki haj mavsumi boshlangunga qadar, bu muqaddas shaharning fayzu-barokotidan bahramand bo‘ladi.
Ushbu safari muboraqdan keyin al-Hakim at-Termiziy hayotida yangi davr boshlanadi. U Allohning sifatlarini bayon qiladigan kitoblarni va tariqat yo‘liga boshlaguvchi piri komilni izlay boshlaydi.
AL-HAKIM AT-TЕRMIZIY ASARLARI
Al-Hakim at-Termiziy qalamiga mansub asarlar haqida yozgan mualliflar uning asarlarining soni haqida turli raqamlarni keltirganlar. Ba’zilarining fikriga ko‘ra uning asarlarining soni to‘rt yuztaga yaqin bo‘lsa, yana boshqalar al-Hakim at-Termiziy saksonta yoinki qirqta asar yaratganligi haqida yozganlar. Jumladan, misrlik olim shayx Abdulfattoh Abdulloh Barakaning yozishicha, al-Hakim at-Termiziy to‘rt yuzdan ortiq asarlar yaratgan bo‘lib, ulardan oltmishga yaqini bizgacha yetib kelgan. Eng muhimi, al-Hakim at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan asarlari uning ilmiy merosining muhim qismini tashkil qiladi. Mana shu asarlardan eng avvalo payg‘ambar alayhissalomning hadislariga bag‘ishlangan «Navodir al-usul fi ma’rifat axbor Rasul» («Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar») nomli asarini aytish kerak. Bu asar shuningdek «Salvat al-orifiyn va bo‘ston al-muvahhadiyn» («Oriflar ovunchog‘i va Allohning yagonaligiga ishonuvchilar bo‘stoni») nomi bilan ham ataladi. Bu asar hijriy 1294 (melodiy 1876) yilda Qustantiyniyada chop etilib, o‘zi tanlab olgan 291 hadisdan iborat ushbu kitobda al-Hakim at-Termiziy o‘z mazhabiy qarashlarini mufassal holda sharhlagan. Mazkur asarning bir qo‘lyozma nusxasi O‘zbekiston musulmonlar idorasining kutubxonasida saqlanadi. Yana bir qo‘lyozmasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (№ 10842). Allomaning keyingi yillarda nashr etilgan asarlaridan tasavvufga oid ikki asarini ko‘rsatish mumkin. Ulardan biri «Kitob haqiyqat al-odamiyya» («Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob») va ikkinchisi «Adab un-nafs» («Nafs odobi») nomli asaridir. Al-Hakim at-Termiziy asarlarining aksar qismi qo‘lyozma holda jahonning yirik shaharlaridagi qo‘lyozmalar xazinalarida saqlanadi. Ularni bir qadar shartli ravishda besh guruhga (majmuaga) bo‘lish mumkin. Allomaning asarlari Parij, Qohira, Damashq, Iskandariya, Stambul va London kabi shaharlardagi qo‘lyozmalar jamg‘armalarida saqlanadi.
Parij Milliy kutubxonasida (arab bo‘limi, 5018 raqamida) al-Hakim at-Termiziyning quyidagi o‘n ikkita asarining qo‘lyozmalari saqlanadi:
1. «Kitob us-salot va maqosiduho» («Namoz va uning maqsadlari»).
2. «Kitob ul-hajj va asrorihi» («Haj va uning sirlari»).
3. «Kitob ul-ihtiyotot» («Ehtiyotkorlik yo‘llari»).
4. «Kitob ul-jumal al-lozim ma’rifatiho» («Bilish lozim bo‘lgan jumlalar»).
5. «Kitob ul-furuq va man’ ut-taroduf» («Farqlar va taroduf (ketma-ketlik)ni man qilish»).
6. «Kitob Haqiyqat ul-odamiyya» («Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob»).
7. «Kitob Urs ul-muvahaddiyn» («Yakka xudoga e’tiqod qilganlarning zavqi»).
8. «Kitob ul-a’zo van nafs va yusammo kazolika g‘avr ul-umur» («A’zolar va jon yoki ishlarning mohiyati haqida kitob»).
9. «Kitob Manozil al-ibod min al-ibodati» («Bandalarning bandachilikdagi manzillari yoxud Alloxga intiluvchilarning manzillari haqida kitob»).
10. «Kitob ul-aql val-havo» («Aql va havoyilik haqida kitob»).
11. «Kitob ul-Amsol min al-Kitob vas sunnat» («Qur’on va sunnatdagi masallar kitobi»).
12. «Kitob al-manohiy» («Raddiyalar haqida kitob»).
Damashq (Az-Zohiriya kutubxonasi, Tasavvuf 104 raqamida) majmuasi ikki kitob va beshta risoladan iborat. Ulardan biri Kitob ar-Riyazat yoinki «Kitob Haqiyqat ul-Odamiyya» («Riyazat yoki Insoniyat haqiqati to‘g‘risidagi kitob»). Uning qo‘lyozmasi, yuqorida zikr qilganimizdek, Parij majmuasida ham, shuningdek, Stambul majmuasida ham mavjud. Ammo ikkinchi qo‘lyozma «Kitob ul-Akyos val-mug‘tariyn» («Ziyraklar va aldanganlar haqida kitob») nomli bo‘lib ushbu asarning yagona qo‘lyozmasi hisoblanadi.
Misr Arab Respublikasining yirik shaharlaridan biri Iskandariyya (Maktabat al-Baladiyya, 3585 j) majmuasida al-Hakim at-Termiziyning uchta risolasi saqlanadi:
Al-Iskandariyya majmuasida mavjud ushbu risolalarga yana allomaning «Kitob ul-Furuq» («Farqlar haqidagi kitobi»)ni (Maktabat al-Baladiyya, 3585 j) ham qo‘shish mumkin. Mazkur asarning bir nusxasi, avvalroq zikr qilganimizdek, Parij majmuasi tarkibida saqlanadi.
Al-Hakim at-Termiziyning London majmuasiga kirgan asarlari quyidagilardan iborat bo‘lib, ular asosan alloma Shestarbiti tasarrufidagi asarlardir:
Qohiradagi «Dor ul-kutub al-ilmiyya»da saqlanadigan qo‘lyozma al-Hakim at-Termiziyning «Ilal al-Ubudiyya» yoinki «Ilal ash-shariy’a» («Shariy’at dalillari») nomli asarining nusxasi bo‘lib, aslida bu risola allomaning «Kitob us-Salot» («Namoz haqidagi kitob») asarining qisqartirilgan shaklidir.
Leypsig majmuasida saqlanadigan atigi yagona kitob al-Hakim at-Termiziyning «Ad-Dur al-maknun» («Bekitilgan marvarid») asari bo‘lib, u hayotda yuz bergan va yuz berishi ehtimoli bo‘lgan voqealarga bog‘liq hadislar majmuasidan iborat.
Stambul shahridagi Ayo-so‘fiyo kutubxonasida mavjud qo‘lyozma nusxa allomaning «Kitob al-Furuq» asarining qo‘lyozmasi bo‘lib, bu asarning boshqa nusxalari Parij va al-Iskandariyya shaharlaridagi majmualarda saqlanishi haqida avvalroq aytib o‘tildi.
Alloma al-Hakim at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan asarlaridan biri «Xatm ul-avliyo» (bu asar ba’zi manbalarda, xususan, al-Hujvuriyning «Kashf ul-mahjub» nomli asarida «Xatm ul-valoyat» shaklida keltirilgan) bo‘lib, unda tasavvuf tarixida birinchi marotaba «valoyat-valiylik» nazariyasiga va buning asosida «al-hakimiya» maktabiga asos solingan. Ushbu asarda keltirilgan fikr-mulohazalar Termiz ahlining ba’zi kismlari o‘rtasida keskin e’tirozga ham sabab bo‘lib, natijada al-Hakim at-Termiziy ona shahri Termizdan badarg‘a qilinib, bir qancha muddat Balxda ham yashagan. Uzoq yillar davomida yo‘qolgan kitoblardan hisoblangan «Xatm ul-avliyo» 1965 yili Livanning poytaxti Bayrutda Parij ilmiy tadqiqotlar markazi islomiy madaniyat bo‘limining a’zosi Usmon Ismoil Yahyo tomonidan nashr etildi. Valiylikning haqqoniyligi, shuningdek, uning nubuvvat va risolat bilan bog‘liq bo‘lgan jihatlari «Xatm ul-avliyo» kitobining bosh mavzusi hisoblanadi. Muqaddima va 29 faslda murid va shayx o‘rtasida bo‘lib o‘tgan savol-javob tarzida ta’lif etilgan.
Bu kitob valoyat masalasini birinchi marotaba mukammal bir nazariya va ajoyib maqolalar turkumi shaklida tasavvufga taqdim etishi bilan alohida ahamiyatga molik. U, aytish mumkinki, tasavvuf tarixida «hakimiy»lar deb atalmish bir guruh mashhur so‘fiylar, xususan, Termiz va Balx atrofida shakllangan tasavvuf ahli uchun ma’naviy vasiyatnoma yoxud ta’lim dasturi sifatida xizmat qilgan. Bu asarning ovozasi o‘sha davr islom olamiga, Misru Tunisdan, Eronu Movarounnahrgacha, Halabu Shomdan Kichik Osiyogacha yetgan edi.
Al-Hakim at-Termiziy ta’limoti quyidagi uch yo‘nalishdan iborat:
Al-Hakim at-Termiziyning al-Hakim laqabi bilan atalishi masalasi olimu-ulamolarni azaldan qiziqtirib kelgan va bu masalada turli fikrlar ham bildirilgan. «Hakim» so‘zining tarixiga nazar solsak, bu ibora Qur’onda ham, Tavrotda (Xoxom shaklida) ham uchraydi. Hakimning lug‘aviy ma’nosi dono, donishmand, aql-idrokli, faylasuf, shuningdek, tabib, doktor tushunchalarini anglatadi. Shu sababli ba’zi olimlar uni hatto mohir tabib deb ham ataganlar. At-Termiziy yashagan davr istilohlariga tayanib bayon qilsak, hikmat (hakimdan olingan) iborasi haqiqatga yetishish (arabcha isobat al-haqq)ni anglatib, bunga ilm va aql bilan erishish mumkin deb izohlangan. Hakim kishi shunday shaxski, u mukammal aql-idrok va chuqur bilim bilan har doim haqiqatga erishadi. Al-Hakim at-Termiziy o‘zining «Tahsiyl nazoir al-Qur’on» nomli asarida: «Hakim ilmning ichki, botiniy ma’nolarini tushunuvchi kishi» degan fikrni ham keltirgan. Qur’oni karimga «Mafotih al-g‘ayb» nomli o‘n besh jilddan iborat ulkan tafsir yozgan buyuk vatandoshimiz Faxriddin ar-Roziy hikmatdan murod yoki ilm, yoki savob, ya’ni to‘g‘ri ishni qilishdir, deb talqin qilgan. Tasavvuf ahli ham «hakim» so‘zini shu mazmunda ta’vil qilib «hikmat» — ilm (bilim)dan yuqoriroq darajada turadi, «hakim» deb har qanday ilmni chuqurroq o‘zlashtirgan kishiga aytiladi, chunki bu sharafli darajaga uzoq mashaqqat va riyozat orqali erishiladi deb ta’kidlaydilar. Doktor Usmon Ismoil Yahyoning fikricha, at-Termiziy «hakim» laqabiga tasavvufda inson tabiatini yaxshi va chuqur tushunib yetgani uchun erishdi, deb hisoblaydi. Al-Hakim at-Termiziyning o‘zi esa haqiqatga yetishishlikda ilm va aqldan boshqa yana bir uchinchi, ilohiy bir narsa — valiylik ham bor degan fikrni ilgari suradi. Hakim, uning e’tiqodicha, valiyning bir xilidir (arabcha al-hakim huva nav’ min al-valiy). Valiy kishi haqiqatga faqat chuqur ilm va katta aql-idrok bilan emas, balkii Olloh taolo unga ato qilgan bir ilohiy sir vositasida erishadi, binobarin, uni tugal aql va chuqur ilm bilan siylagan ham Ollohning o‘zidir. Garchand al-Hakim at-Termiziyda «hakim» kalimasi «valiy» kalimasi bilan chambarchas bog‘liq holda ifoda qilinsa-da, «hakim» bilan «valiy» tushunchasi o‘rtasida muayyan farq bor, albatta. Al-Hakim at-Termiziy «hakim» maqomiga ega shaxsning jamiyat ijtimoiy hayotidagi o‘rni haqida yozib, u millatning diniy sohadagi faylasufi, muomalat masalalaridagi qozisi, namoz va ibodatlarida ularning imomi hamda ularni tinchlik, xotirjamlik, baxt-saodat va farovon turmushga boshlovchi valiysi bo‘lishligini ta’kidlaydi.
Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi Qosimov Abbos
Ulamolar Usmon (roziyallohu anhu) turli yurtlarga yuborgan Mus'haflarning soni to‘g‘risida har xil rivoyatlar aytganlar. Masalan, Hamza bin Habib az-Zayyyot: «Ular to‘rtta edi», deydilar. Abu Hotim as-Sijistoniy esa yettita bo‘lgan deydilar. Eng to‘g‘ri rivoyat oltitadir: Makkiy, Shomiy, Basriy, Kufiy, Madina ahli uchun umumiy bo‘lgan madaniy va xalifaning o‘zlari uchun xos bo‘lgan madaniy Mus'haflardur. Oxirgisini hazrati Usmon(roziyallohu anhu) o‘zlari uchun olib qolganlar. Ul zot bu mus'haflarning birortasini ham o‘z qo‘llari bilan yozmaganlar, balki ularni yozishga buyurganlar, xolos.
Tarix ulamolari nazdida qurayshlardan birinchi bo‘lib xat yozishni o‘rgangan va o‘rgatgan kishi Harb bin Umayyadir. O‘sha paytdagi xat turi anboriy-himyoriy deb atalardi. U Hijozda tarqagandan so‘ng, Hijoziy deb atala boshladi. Islom dini kelgan paytda arablar orasida mana shu xat turi qo‘llanilar edi va shu yozuv bilan vahiyni, Abu Bakr sahifalarini, Usmon Mus'haflarini yozdilar. Usmon Mus'haflari har xil yordamchi shakl va nuqtalardan holi yozilgan. Unga juz’lar, hizblar va boshqa ko‘rsatgichlarning alomatlari qo‘yilmagan. To Kufa yozuvi paydo bo‘lguncha Mus'haf va boshqa hujjatlar ana shu xatda yozilar edi. Keyinchalik bir guruh xattotlar Kufa yozuvi bilan nusxalar ko‘chira boshladilar. Bu yozuv arab xatining tajvidini va uning yaxshilanishini ko‘zda tutar edi. Bora-bora Kufa ahli yozuvi o‘zining shakli jihatidan hijoziy xatdan qulay ekanligi ma’lum bo‘ldi va kufiy xat deb ataldi. Ana shu vaqtdan e’tiboran Qur’on va boshqa yozuv asarlari qufiy xatida bitila boshladi.
O‘sha zamonda bitiklar terilarga kufiy xat bilan yozilar edi. Bundan boshqa turda xat bitishni arablar bilmas edilar. Islomdan keyin eng qadimiy yozuv bo‘lgan bitiklarni ham terilarga yozdilar. Ular matolarga, xususan, bo‘zdan to‘qilgan Misr matosiga, shuningdek taxta, suyak, tosh va sopollarga yozar edilar.
Abbosiylar davriga kelib, qog‘oz deb ataladigan yangi ashyo paydo bo‘ldi. U yuziga mum surtilgan varaqlardan iborat bo‘lib ko‘rinishidan teriga o‘xshab ketar edi. Qog‘oz yasashni arablar xitoyliklardan olganliklari haqiqatga yaqinroqdir. Chunki xitoylar miloddan oldin ham qog‘oz yasash sohasida mohir bo‘lganlar. Arablar Samarqandni fath qilganlarida bu sinoatni o‘sha yerdan o‘rgandilar, lekin, u Abbosiylar davrining birinchi asridagina keng tarqaldi. Bu paytga kelib terilar kamayib, yozishma va bitiklar uchun yetishmay qolgan edi.(«Qohiradagi Husayn masjidlaridagi Payg‘ambardan qolgan osorlar» kitobi.126-bet («Muxall Efotur-Rasul»)
Arablar ajamlar bilan aralashib, quda-anda bo‘lib, ulardan yangi avlod paydo bo‘lganda, bu avlodning talaffuzida har xil ohanglar vujudga keldi. Bu holat arab tilining buzilishi va Qur’on qiroatiga futur yetishi xavfini tug‘dirdi. Shuning uchun yozuvda qisqa unlilarni ifodalovchi harakat belgilarini (harakatlarni) ishlab chiqish qat’iy zaruriyatga aylandi. Natijada, 67-hijriy yilda Iroq voliysi Ziyod ibn Abihi Abul-Asvad Duvaliyga nahv(sintaksis) darsligini ishlab chiqishni buyurdi. Buning uchun Abul-Asvad e’rob (so‘zlarning jumladagi holatini ifodalash) harakatlarini bildiruvchi nuqtalardan foydalandi. U quyidagicha yo‘l tutdi. Bir kotibni olib kelib, unga: «Agar biror harfdan keyin «a» qisqa unlisini talaffuz qilsam, o‘sha harfning tepasiga nuqta qo‘yasan(fatha), agar «u» qisqa unlisini aytsam, o‘rtasiga (zamma), agar «i» qisqa unlisini qo‘shsam, harfning tagiga nuqta(kasra) qo‘yasan», − dedi. Bunda nuqtalar matn yozuvi siyohidan boshqacha rangdagi siyohlar bilan yozilar edi. Bu arab yozuvining takomillashtirishdagi birinchi isloh edi. Ikkinchi isloh umaviy xalifalardan Valid bin Abdul Malik bin Marvon (86-96 h.) davrida, arab tili ona tillari bo‘lmagan ajam qoriylari ko‘payib, noto‘g‘ri talaffuz tufayli odamlarning qiroatni tushunmay qolish hollari ziyodalashganda amalga oshirildi. Ular «jim», «ho» va «xo»; «yo», «to» va «so»; «sod» va «zod»; «to» va «zo»; «sin» va «shin» kabi shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratishda qiynalar edilar.
Ibn Xallikon «At-Tas'hif» (Noto‘g‘ri talaffuz) kitobida Abu Ahmad al-Askariydan shunday hikoya qiladilar: Odamlar qirq yildan ziyod, to Abdu-Malik bin Marvon zamonigacha Usmon Mus'haflarini o‘qishda davom etdilar. Iroqda noto‘g‘ri tallafuz qilish ko‘payib ketgandan keyin, Hajjoj o‘z kotiblarini chaqirib, ularga shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratish uchun belgilar ishlab chiqishni buyurdi.
«Aytishlaricha, Nasr bin Osim bu vazifani o‘z zimmasiga oldi va nuqtalar qo‘yishni odat qildi»( Marokkoda chiqadigan «Al-Lisonul-arabiy»( «Arab tili») majallasi, 43-bet, 6-son 1388y.h.
U nuqtalarni bitta yoki ikkita qilib, harfning ustiga yo tagiga qo‘ydi. Nuqtalar harf bilan bir xil siyohda yozilar edi, chunki ular harfning bir bo‘lagi, deb sanaladi. Bundan kelib chiqadiki, arablar nuqta va harakat belgilarini hijriy birinchi asrning ikkinchi yarmidan, ya’ni umaviylar zamonida ishlata boshladilar. Abul-Asvad Duvaliy harakat belgilarini va Nasr bin Osim nuqtalarni ixtiro qilmaguncha, ular arab yozuvida mavjud emasdilar. Johiliyatdagi yoki hijriy asrning birinchi yarmidagi asarlarda harflar nuqta va harakat belgilari, shuningdek, tovushni qisqa va uzun cho‘zish (madd) alomatlaridan holi edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning maktublari (ularni yozishda kotiblar o‘zlarining yozuv san’ati va tajvid bobidagi bor mahoratlarini ishga solar edilar, chunki, ular Payg‘ambar (alayhissalom)) dan podshohlarga, amiru umarolarga yuborilgan bo‘lib, o‘z vazifasini to‘la ado etishi uchun xati aniq va harflarning shakli to‘liq bo‘lishi kerak edi) ham nuqta va belgilarsiz edi. Usmon Mus'haflarida ham ular yo‘q.(«Muxallafotur-Rasul» 124-bet)
Uch harakat belgilari (i’jom)ni esa Abbosiylar davrining boshlarida yashagan arab tili fanining ustozlaridan biri Xalil Ahmad Farohidiy (vafoti 170 h va 786 m.y.) yo‘lga qo‘ydi.
Bayhaqiy «Shu’abul-iymon»da yozishlaricha, Usmon Mus'haflari keyinchalik tilshunos (nahviy) lar tomonidan ishlab chiqilgan imlo qoidalaridan farq qiladigan, o‘ziga xos shaklda yozilgan. Bu farq olti joyda namoyon bo‘ladi: hazf (yozuvda biror narsani tushirib qoldirish), ziyoda (qo‘shimcha), hamza (arab tilida o‘ziga xos tovushni ifodalovchi belgi), ibdol (bir harfni yoki so‘zni ikkinchisi bilan almashtirish), vasl (birini ikkinchisiga qo‘shib o‘qish), fasl (birini ikkinchisidan bo‘lib o‘qish) belgilari va ikki xil o‘qilishi mumkin bo‘lgan joylar. Isloh natijasida bir xil qoidaga muvofiq yozuv paydo bo‘ldi. Natijada Qur’onning xati muqoyasa qilinmaydigan, o‘zgartirilmaydigan, ixtilof qilinmaydigan va unga qat’iy amal etiladigan yozuvga aylandi. Bu qoidalarni bilish Qur’onga taalluqli ilmlarning biridir.
Usmon Mus'haflari haqida xabarlar
Yuqorida Usmon Mus'haflari oltita edi, dedik. Ulardan biri Basraga, ikkinchisi Kufaga, uchinchisi Shomga, to‘rtinchisi Makkai mukarramaga, beshinchisi Madina ahliga yuborildi va oltinchisi hazrati Usmonning o‘zlarida qolgan edi. Mana shu oltinchi Mus'hafning ustida hazrati Usmon shahid bo‘ldilar va muborak qonlari quyidagi oyat ustiga to‘kildi, degan rivoyat mashhurdir:
Ya’ni «Ularning yomonligidan sizga (ey Muhammad), Allohning o‘zi yetarlidir. U eshitguvchi va bilguvchidir», («Baqara» - 137).
Hazrati Usmon (roziyallohu anhu)) tilovatdan bir xil ta’lim berishni nazarda tutib, o‘sha mus'haflarning har biriga bittadan olim qo‘shib, turli o‘lkalarga yuborgan edilar. Masalan, Zayd bin Sobitga Madina ahliga, Abdulloh bin Soibga esa Makka ahliga qiroatni o‘rgatishni amr etgandilar. Mana shu yo‘l bilan bir xil qiroat hamma tomonga yoyildi va Usmon Mus'haflaridan nusxalar olindi. Usmon Mus'haflari bosh kitob va murojaat qilinadigan asl manba’ sifatida mo‘tabar va muqaddas sanalar, shuning uchun ham ular qo‘riqlanadigan joylarda, nihoyatda ehtiyotkorlik bilan saqlanar edi. Bora-bora ular qimmatbaho yodgorlik sifatida xalifa va podshohlarning xazinalariga ko‘chirilib, odamlar ko‘zidan uzoqlashdi. Agar kimning qo‘liga undan biror nusxa tushib qolsa, hech kimga ko‘rsatmaslikka harakat qilar edi. Davlat to‘ntarishlari, turli ixtilof va talon-tarojlar oqibatida bu Mus'haflarning ba’zilari boshqa mamlakatlarga olib ketildi. Ba’zilari har xil shaxslarning qo‘liga tushdi, taqdiri esa noma’lum bo‘lib qoldi.
Muhammad Tohir bin Abdul-Qodir Kurdiy o‘zining «Tarixul-Qur’on» nomli kitobida shunday yozadi: «Biz Hijoz va Misr kutubxonalarida ko‘p izlanishlar olib bordik, lekin ularning mavjudligi haqida bizlarni qoniqtiradigan hujjatlar topmadik, faqatgina Qohirada chiqadigan «Ad-dunya va kullu shay’» («Dunyo va har bir narsa») majallasining 1937 yil 24 avgust sonida bosilgan «Olmoniya olti oy ichida Hijoz podshosi hukumati bilan tuzilgan bitimga muvofiq, xalifa Usmon Mus'hafining asl nusxasini qaytarib beradi», degan xabarga yo‘liqdik, xolos. Bu xabarga ko‘ra, mazkur Mus'haf Madinadan turk qurolli kuchlari tomonidan olib ketilgan bo‘lib, keyinchalik sobiq imperator Gilyom II ga- topshirilganligi isbot bo‘lgan».(«Tarixul-Qur’on» 119-bet.)
Madina Mus'hafi
Usmon Mus'haflarining ulamo va qoriylar tomonidan eng ko‘p zikr qilinadigani Madina Mus'hafidir. Uning to‘g‘risida imomi Nofi’ ko‘p naql qilganlar.
Ibn Jubayr o‘zining sayohati pirovardida shunday yozadi (uning Madinaga qilgan ziyorati 580-hijriyda bo‘lgan): «Masjidi Nabaviyda saqlanayotgan mus'haf, ustida hazrati Usmon shahid bo‘lgan Mus'haf emas, balki har tomonga yuborilgan Mus'haflarning biridur».
Mavlono Shibli Nu’moniy aytadilar: «Madina Mus'hafini 735 h. yilda Madinai munavvarada ko‘rganlar, uning orqasida shunday yozuv bor edi: «Bu Mus'haf bir guruh sahobalar, shu jumladan, Zayd bin Sobit, Abdulloh bin Zubayr va Said bin Os qarorlari bilan yozildi». Kitobning boshqa tomonida hazrati Usmon Mus'hafni yozish uchun yiqqan boshqa sahobalarning nomlari bor edi. Mana shu sanada Makka Mus'hafi ham mavjud edi».
Samhudiyning «Xulosatul-vafo» kitoblarida, «654-hijriyda Masjidi Nabaviyda sodir bo‘lgan birinchi yong‘in paytida yonib ketgan narsalar ichida kitob va mus'haflar ham bor edi. Ba’zi bir narsalar va Usmon Mus'hafidan boshqa hech narsa omon qolmadi»,— deyiladi. Shunga binoan Usmon Mus'hafi shu sanada Madinada mavjud edi, keyinchalik qayoqqa ketgani ma’lum emas. Ba’zi bir zamondoshlarimiz: «U to turklar Madinadan 1334 yilda chiqib ketgunlaricha mavjud edi. Ehtimol, Ostona (Konstantinopol)ga olib ketilgan bo‘lsa kerak»,− deydilar.(«Tarixul-Qur’on» kitobi)
Bosh Mus'haf
Hazrati Usmonning o‘zlariga xos bo‘lgan Mus'hafga keladigan bo‘lsak, u to‘g‘rida Shotibiy Molikdan shunday rivoyat qiladilar: «Mazkur Mus'haf g‘oyb bo‘lgan, u to‘g‘rida mashoyixlardan hech bir xabar ololmadik».
Ibn Qutayba: «Usmon (roziyallohu anhu) tilovat qilib turib, tepasida shahid bo‘lgan Mus'haf, keyinchalik o‘g‘illari Xolidda edi, undan so‘ng uning avlodlariga qoldi, ular esa birin-ketin olamdan o‘tib ketdilar. Shomning ba’zi mashoyixlari, Mus'haf Tus zaminida, deydilar», − deb xabar beradi.
Umar Rizo hazratlari «Qur’on nima?» nomli kitoblarida shunday yozadilar: «Bir rivoyatda, Usmon (roziyallohu anhu)ning xos Mus'haflari umaviylar qo‘lida edi, deyilgan. Umaviylar Andalusga hijrat qilganlarida uni o‘zlari bilan olib ketgan edilar. Andalusda musulmonlar davlati ag‘darilgandan keyin Mus'haf Fos (Mag‘rib)ga olib kelingan».
Ibn Batutaning aytishicha, VIII hijriy asrda u Fosda mavjud edi va unda qon dog‘lari bo‘lgan.
Samhudiy Madina Mus'hafining Usmon Mus'hafi emasligi to‘g‘risidagi rivoyatning sharhida shunday degan: «Mutaqaddim (avvalgi avlod)larning hech biri u to‘g‘rida zikr qilganini ko‘rmadim, ularning rivoyatlari o‘sha paytda Mus'hafning masjidda bo‘lmaganini taqozo qiladi. Hatto mutaaxxir (keyingi avlod)lardan birinchi bo‘lib tarixni yozgan Ibn Najjor asarlarida ham u to‘g‘rida zikr qilinganini ko‘rmadik».
Barzanjiy hazratlarining «Nuzhatun-nozirin» kitobidagi «Madina tarixi» bobida shunday deyiladi: Hozirgi kunda Madinada mavjud bo‘lgan Mus'hafni sayyidino Usmonga nisbat qilinganini, Al-Matariy va undan keyingilarning Masjidi Nabaviyning o‘rtasida bo‘lgan qubbaning birinchi yong‘indan omon qolganligi to‘g‘risidagi rivoyatdan boshqa rivoyatlarda uchratmadim».
Shom Mus'hafi
Ibn Kasir o‘zining «Fazoilul-Qur’on» kitobida (49-bet) «Bugungi kunda Usmon Mus'haflarining eng mashhuri Shomdagi Damashq jome’ining sharq tomonidagi xonada saqlanayotgan Mus'hafdur. U qadimda Tabariyya (Tiveriada) shahrida edi, so‘ngra taqriban 518-yilda Damashqqa olib kelingan. Men uni ravshan siyoh va chiroyli husni xat bilan teriga yozilgan katta, ulug‘ kitob ekanligini ko‘rdim. Bu tuya terisi bo‘lsa kerak, vallohu a’lam», − deb yozadi.
Mavlono Shibli Nu’moniy o‘zining «Tahzibul-axloq» kitobida shunday deydi: «Abul-Qosim Sabtiy Shom Mus'hafini 657-yilda umaviylar jome’ining xonasida ko‘rgan. Shuningdek, Ibni Abdulmalik uni 725-yilda ko‘rgan edi».
Ba’zi tadqiqotchilar bu (shomiy) Mus'haf bir qancha muddat Peterburgda Rusiya podshohlari qo‘lida bo‘lib, so‘ngra Angliyaga olib ketilgan, keyingi taqdiri nima bo‘lganini hech kim bilmaydi, degan fikrga moyillik bildiradilar. Kimki qo‘lyozma mus'haflar va ular haqida biror manba’ga ega bo‘lgan kutubxonalar to‘g‘risida chuqurroq ma’lumot olmoqchi bo‘lsalar, Shufan kitobining 10-jildiga murojaat qilsin.(Professor Subhi Solih. «Mubohasot fi ulumil-Qur’on» (Qur’on ilmlari to‘g‘risida bahslar), 103-bet.)
Basra Mus'hafi
Ibn Batutaning sayohati to‘g‘risidagi kitobda Basra shahri haqida shunday satrlar bor: «Basra shahrida Ali ibn Abu Tolib masjidi bor. Bir paytlar u shahar o‘rtasida bo‘lib, hozirda markazdan ikki mil (1 mil-750 metr) uzoqlikdadir. Unda jum’a namozlari o‘qiladi va ikki jum’a orasida yopiq bo‘ladi. Mazkur masjidda Usmon (roziyallohu anhu) tilovat chog‘ida qatl etilganlarida qonlari tomgan Mus'haf saqlanadi».
Shahobuddin Marjoniy-Qozoniy hazratlari, qiroatlar xususida tasnif qilganlarning birinchisi Abu Ubayd Qosim bin Sallom Bag‘dodiydur, ikkinchisi Ahmad bin Jubayr Kufiy, deydilar. Qiroatlar xususida har bir yurtdan bittadan imomni sanab beshtaga yetkazganlar. Bular aniqlangan Mus'haflar soniga muvofiqdur, chunki boshqa ikki Mus'haf to‘g‘risida hech qanday xabar eshitilmagan.(«Vafiyya»ning muqaddimasi, 2-bet.)
Qohiradagi Usmon Mus'hafi
Qohiradagi «Sayyiduno Husayn» masjidida ikkita qadimiy mus'haf bor. Ulardan biri sayyiduno Usmon (roziyallohu anhu) va ikkinchisi sayyiduno Ali (roziyallohu anhu)ga tegishli deb hisoblanadi. Barzanjiy aytadilar: «Qohiradagi Mus'hafda xuddi hozirgi kunda Madinai munavvarada mavjud bo‘lgan Mus'hafdagi kabi «fasayakfikahumulloh» oyatining ustida qon izlari bor. Makkadagi Mus'hafda ham shunday. Bundan kelib chiqadiki, kimdir ataylab, mazkur oyat ustiga, Bosh Mus'hafga o‘xshatish maqsadida, qon izlarini tushirgan. Vaholanki, hazrati Usmon qonlarining izi faqat bitta Mus'hafda bo‘lgan. Ehtimol, bular Ibn Jubayr rivoyatida aytilgan, hazrati Usmon har xil yurtlarga jo‘natgan Mus'haflarning ba’zilari bo‘lsa kerak».
Shuningdek, Berlin muzeyida ham bir qadimiy mus'haf bor, yana biri Turkiyada mavjud. Mag‘rib podshohlari yurishlarda hazrati Usmon Mus'haflarini qo‘shindagi birinchi tuyaga yuklab qo‘yar edilar.(«Nafxut-tiyab», 1-jild, 263 -bet.)
Ba’zi sharqshunos olimlar bir qancha tarixiy rivoyatlarni to‘plaganlarki, ularni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu rivoyatlar qadimgi ulamolarning Mus'haflarni yoki ularning suralarini musulmon mamlakatlarda ko‘rganliklarini ta’kidlaydi. Mazkur sharqshunos olimlarning boshida professor Kazimirovni tilga olish mumkin. Ushbu rivoyatlardan biz Usmon Mus'haflaridan biri IV hijriy asrning boshlarida mavjud ekanligini bilib olamiz. («Mubohasot» 101-bet).
Shayx Ismoil Maxdumning
«Toshkentdagi Usmon Mus'hafining tarixi»nomli kitobidan