Hamma otalar ham qizlarini yaxshi ko'rishadi, faqat buni qizlariga ochiq aytishmaydi. Men esa qizimga uni yaxshi ko'rishimni oshkora aytishni yaxshi ko'raman. Unga tabassum qilib, qulog'iga “Seni yaxshi ko'raman bolam” deb shivirlayman. Qizim bundan juda xursand bo'lib ketadi.
Bu ishni qizim 5 yoshligida boshlagan bo'lsam, bugun mana 10 yil vaqt o'tdi. Qizim 15 ga to'ldi. Lekin har safar bu gapni eshitganida o'zgacha sevinadi. Ko'pincha bu gapim xafa bo'lib o'tirgan qizimning kayfiyatini ko'tarib yuborishda qo'l keladi. Ayniqsa onasidan gap eshitgan paytlari o'zi oldimga kelib “Dada, menga aytadigan gapingiz yo'qmi?” deb jilmayadi. “Ha, bor, qizim” deb yana uni yaxshi ko'rishimni aytaman.
Ota erkak kishi bo'lsa ham, oilada farzandlariga, ayniqsa, gulg'unchadek o'sayotgan qizlariga o'z muhabbatini izhor qilib turishi, ularga bo'lgan sevgisi faqat qalbida qolib ketmasligi kerak. Bu narsa qizlarning mehrga to'yib o'sishlarini ta'minlaydi.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Madina shahrida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha o‘nta muqaddas joylar mavjud. Ulardan biri — Banu Unayf masjidi bo‘lib, u Kubo masjididan janubiy-g‘arbiy tomonga, al-U’sba mahallasiga 500 metrdan yaqinroq bo‘lgan masofada joylashgan.
IQNA axborot agentligi Saudiya Arabistonining “VAS” agentligiga tayanib xabar berishicha, ushbu tarixiy masjid o‘z nomini Kubo ahli bilan ittifoqchi bo‘lgan Bali qabilasining tarmog‘i — Banu Unayf qabilasi nomi bilan atagan.
Ba’zi tarixchilar ushbu masjidni ”As-Subh” yoki “Al-Musabbah” nomlari bilan ham bilishadi. Masjid o‘zining asl va sodda me’morchiligi bilan tanilgan: u qora tusli vulqon toshlaridan qurilgan va uning tom qismi yo‘q. Masjid maydoni taxminan 37,5 kvadrat metrni tashkil qiladi.
Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq joylarni saqlash va Saudiya Arabistonidagi “Nigoh – 2030 dasturi” maqsadlariga muvofiq ravishda ushbu masjid kapital ta’mirdan chiqarildi.
Banu Unayf masjidi madaniy va diniy turizm loyihalariga kiritilgan bo‘lib, Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi uni amalga oshirishni nazorat qilmoqda. Bu esa ziyoratchilarni Madinadagi tarixiy va diniy joylar bilan tanishtirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi sanaladi.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi