Yashil bahor olib kelgandi uni,
Yoz daryo bo‘yida suvga zor etdi,
Qahraton yonida yurdi har kuni,
Nihoyat suygani – kuz bilan ketdi.
Xurshid Davron
(05.11.2016)
“Har bir jon o‘limning totuvchisidir” (Anbiyo, 35). Ha, bandalik haqiqati bu foniylikdir. Boqiy qolguvchi yolg‘iz Tangri taolodir.
Insonga ato etilgan fursat – umr hayotini el-yurt uchun, jamiyat uchun manfaatli o‘tkazishning o‘zi ham bir saodat. Kuni kecha o‘zbek xalqi, o‘zbek she’riyati o‘zining zabardast o‘g‘loni – O‘zbekiston Qahramoni, Hamza nomidagi, Abdulla Qodiriy nomidagi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari sohibi, shoir va ijodkor Abdulla Oripovni boqiy dunyoga kuzatdi.
Abdulla Oripov hozirgi o‘zbek she’riyatida inson qalbidagi murakkablik va ziddiyatlarni teran, haqqoniy, o‘ziga xos betakror kuylagan ijodkor edi. O‘z ijodi ila o‘zbek she’riyatiga yangicha badiiy tafakkur yo‘sinlarini olib kirdi. Shoir Yassaviy, Navoiy, Bobur, Cho‘lpon singari ijodkorlar badiiy an’analarining davomchisi bo‘ldi. Ayniqsa, istiqlol yillarida xalqimiz xotirasidan unutilayozgan milliy qahramonlarimiz, buyuk siymolarimiz obrazini haqqoniy gavdalantira olgan, qolaversa, islomiy tafakkurga yo‘g‘rilgan milliy o‘zligimizni tarannum etgan mohir ijodkor edi. Bu borada uning mashhur “Haj daftari ” (1992), “Sohibqiron” (1996) nomli to‘plamlari, “Bobur”, “Savob”, “Bandaga sig‘inma”, “Hidoyat yo‘li”, “Men kimga suyangum”, “Ziyoli”, “Iltijo”, “Oriyat”, “Inson”, “So‘nggi makon” va boshqa ko‘pgina asarini keltirish mumkin.
Abdulla aka bilan suhbatlarimizning birida: “Taqsir, she’rlaringizda imon haqida tafakkur haqida juda ko‘p yozgansiz”, deya marojaat etganimizda – Baxil qanchalar dindor bo‘lmasin jannatga kirmaydi, olov o‘tinni yoqib bitirgani kabi hasad hasadchining savoblarini yeb tugatadi deydilar. Men gapni nariroqdan boshlayotganimning sababi bor. Ba’zilarda yuzaki fikrlash qusuri kuchayib ketyapti. Ayniqsa, ozroqqina adabiyotga da’vogarligi bo‘lganlarga bu dardning yuqishi juda yomon. Ijodkor deganimiz, birinchi navbatda, tafakkur qiluvchi jonzotdir. Bu qavm fikrlashsiz yashamasligi, yasholmasligi lozim. Vaholanki, allaqachonlar o‘zini nomdorlar qatoriga qo‘shib bo‘lgan qalamkash birodarlarimizning ko‘plari haligacha Qur’oni karim yoxud hadisi muborakdan ham bexabarlar, deya aytgan edilar.
Istiqlolimizning ilk yillarida (1992 yil) Abdulla Oripov bilan muborak haj safarida birga bo‘lish nasib etgandi. O‘shanda mohir ijodkor o‘zlarining “Haj daftari” nomli to‘plamlarini bitgan edilar.
Abdulla Oripovning badiiy yuksak ijodi xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin olgan. Buyuk iste’dod sohibining ijod namunalari asrlar davomida muxlislari tomonidan sevib o‘qilishiga shubha yo‘q. Alloh taolodan sevimli shoirimizning oxiratlari obod bo‘lishini, asarlaridagi milliy ruh, ma’naviy poklikdan saboq olgan har bir o‘quvchi uchun u kishiga savob va mukofotlar yetib borishini so‘rab qolamiz.
Anvar qori TURSUNOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
MЕN KIMGA SUYANGUM
Bir kun savol berdi yoshgina o‘g‘lon:
– Nechun Allohim deb yig‘laysiz nolon?
Dedim, javobimdan bo‘lmagin hayron,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Tinimsiz aldasa muhit, makoning,
Tortsa oyog‘ingdan do‘stu yoroning.
Shunday o‘tar bo‘lsa har zum, har oning,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Noshukur emasman dunyoda garchand,
Qaydadir menga ham bor balki dilband.
Va lekin tiriklay kuydirsa farzand,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Insofu ishonch ham shirin so‘z bari,
Tiriklik toshqindir yoki ko‘pkari.
To hayot ekansan qochgaydir nari,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Shunchalar kaj erur dunyoi gardun,
Undan diyonatni axtarmoq nechun?
Padar shod o‘z o‘g‘lin bag‘rin etsa xun,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Mingta ko‘z poylaydi bitta joningni,
Joningmas, martabang, balki shoningni,
O‘t qo‘ymay yoqarlar xonumoningni,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Bu ko‘hna dunyoda yashadim nega,
Yaydoq ot misoli bo‘ldim beega.
Malomat qilurman, olomon, senga:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Mendan ranjimasin bo‘lsa do‘st agar,
Balki ularning ham dilida kadar,
Hoynahoy, mendaylar degay muqarrar:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Umr ham oxirlab bormoqda sekin,
Endi sarg‘aymoqda men ekkan ekin.
Mayli, sen o‘zingga suyangil, lekin,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
SO‘NGGI MAKON
Qayga borib qo‘nar uchayotgan sor,
Qaysi joyda to‘xtar yuguruk ohu?
Javob berib bo‘lmas bu gapga zinhor,
Bu jihat yopiq, deb aytilgan, yohu.
Uzoq yillar yashash har kimga armon,
Garchi dunyo o‘zi foniy, muvaqqat.
Filda ham bor emish eng so‘nggi makon,
Insonga buyursin Vatani faqat.
ORIYAT
Yer yuzin tasmadek olgandir o‘rab,
Turfa qavmlarning safi, qatori.
Bir yonda boyonlar turishar qarab,
Ishlarin hamisha kelgan barori.
Bir yonda yo‘qsillar tizilgan borho,
Boshqalar singari yaxlit jamoat.
Lekin tilanishdan charchamas aslo,
Balki sharaf erur bundayin odat.
Uchinchi qator bor, uchinchi qator,
Xayru ehson kutib, tiz cho‘ka qolmas.
Ular noyob zotlar, oriyati bor,
Oltin tanga uzat, baribir, olmas!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Janoza namozi tik turgan holda, quyidagi tartibda o‘qiladi:
1. Niyat qilinadi (Niyat qildim 4 takbirli janoza namozini imomga iqtido qilib o‘qimoqlikka, qiblam bo‘lmish muqaddas Ka’ba tomon yuzlandim, xolis Alloh uchun);
2. Faqat birinchi takbirdagina quloq qoqiladi (Allohu akbar);
3. Sano o‘qiladi:
“Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va laa ilaha g‘oyruk” (Allohim! Senga hamd aytgan holda Seni poklab yod etaman. Isming muborakdir. Ulug‘liging yuksakdir. Sendan o‘zga iloh yo‘q).
4. Ikkinchi bor takbir aytiladi (Allohu akbar);
5. Nabiy alayhissalomga salavot aytiladi:
“Allohumma solli ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad. Kama sollayta ’ala Ibrohiyma va ’ala aali Ibrohiym. Innaka hamidum majiyd.
Allohumma barik ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad. Kama barokta ’ala Ibrohiyma va ’ala aali Ibrohiym. Innaka hamidum majiyd” (Allohim! Ibrohim va uning oilasiga salavot yo‘llaganingdek, Muhammad va uning oilasiga salavot yo‘llagin! Albatta, Sen Hamiyd (barcha maqtovlar ila maqtalgan), Majiyd (shon-sharafi va qadri balandligi cheksiz) Zotsan. Allohim! Ibrohim va uning oilasiga barakot berganingdek, Muhammad va uning oilasiga barakot bergin!).
6. Uchinchi bor takbir aytiladi (Allohu akbar)
7. Duo o‘qiladi:
“Allohummag‘fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ’alal Islam va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ’alal iyman” (Allohim tirigimizni va o‘ligimizni, hozirimizni va g‘oyibimizni, kichigimizni va kattamizni, erkagimizni va ayolimizni mag‘firat qilgin. Allohim! Bizdan kimni yashatsang, Islomda yashatgin. Bizdan kimni vafot ettirsang, iymonda vafot ettirgin).
8. To‘rtinchi marta takbir aytiladi (Allohu akbar);
9. Ikki tarafga salom beriladi (Assalamu alaykum va rohmatulloh);
Janoza namozida qiroat ham, tashahhud ham bo‘lmaydi. Imom salom bergunicha kutib turiladi va u bilan birga salom beriladi.
Ikki haramda juma namozi o‘qilish tartibi:
4 rakat sunnat;
2 rakat farz;
4 rakat sunnat.
Ikki haramda juma kuni 2 azon va 1 takbir aytiladi:
Birinchi azon – bugun juma kuni ekani va juma namozi haqida eslatma uchun chaqiriq.
Ikkinchi azon – juma namozi azoni. Azon aytilishi bilan imom xutba o‘qishni boshlaydi.
Takbir – juma namozi o‘qish uchun aytiladi. 2 rakat farz namozi o‘qiladi.
Ikki haramda juma kungi farzdan oldingi va farz namozidan keyingi 4 rakatdan o‘qiladigan sunnat namozlarini 2 rakatli farz namozidan keyin 4 rakatdan 8 rakat qilib o‘qib olinadi. Shu tartibda juma namozi ado etiladi.
Mohira BAHODIR