As'habus-suffa lug‘atda: Tepasi soyabonli qilingan joy egalari ma’nosini anglatadi. Istilohda esa as'hobus-suffa deganda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning masjidlari yonidagi tepasi soyabonli qilingan joyda tunab qoladigan biror boshpanasi ham, mol-mulki ham bo‘lmagan faqir sahobalar tushunilgan.
“As'habus-suffa” ba’zi rivoyatlarda “Ahli suffa” deb ham atalgan.
“As'habus-suffa” va ularning yashash tarzlari haqida juda ko‘plab rivoyatlar kelgan:
Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”da Abu Hurayra roziyallohu anhuning quyidagi qavlini rivoyat qilgan: "As'habus-suffa"dan yetmish kishini ko‘rganman. Ularning egnilarida faqatgina rido (badanning faqat tepa qismini to‘sadigan kiyim) yoki izor (badanning pastki qismini to‘sadigan kiyim) yo bo‘yinlariga o‘rab olishgan biror kiyim bo‘lardi. Ba’zilariniki boldirlarining yarimiga yetsa, ba’zilariniki to‘piqlarigacha yetardi. Avrati ko‘rinib ketishidan xavfsirab kiyimini qo‘li bilan changallab turardi”.
– Badriddin Ayniy “Umdatul Qoriy sharhu Sahihil Buxoriy” asarida shunday yozgan: “Ba’zilar “As'habus-suffa” deb nomlanish sababi haqida shunday deyishgan: Boshpanalari yo‘q g‘arib kishilar masjid eshigi yonida saf bo‘lib turishar edi. Shu sababli ular “As'habus-suffa” (saflanib turuvchilar) deb nomlangan”.
Ha, sahobai kiromlarning hayotlari bilan yaqindan tanishgan sayin ularning ulug‘ maqomlari haqida aytilgan so‘zlarning haqiqati yanada yaqqol namoyon bo‘lib boraveradi. Hadisi sharifda sahobalarning mamaqomlari shunday bayon qilingan:
عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ « لاَ تَسُبُّوا أَصْحَابِى فَوَالَّذِى نَفْسِى بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ أَحَدَكُمْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلاَ نَصِيفَهُ » رَوَهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sahobalarimni tahqirlamanglar, jonim uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, agar sizlardan biringiz Uhud (tog‘i) mislicha oltin sarflasa ham, ulardan birortasining “mud” (544 gramga teng o‘lchov birligi)iga ham, uning (mudning) yarmiga ham erisha olmaydi”. Termiziy rivoyat qilgan.
Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.
Abdulqodir Abdur Rahim
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mo‘minning ishi ajoyibdir. Uning hamma ishi o‘ziga yaxshilikdir. Bu mo‘minlarga xos bo‘lib, boshqalarda unday emas. Agar unga xursand qiluvchi narsa yetsa, shukr qiladi. Bu u uchun yaxshidir. Agar zarar beruvchi narsa yetsa, sabr qiladi. Bu ham uning uchun yaxshi bo‘ladi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).