Saudiya Arabistoni ommaviy axborot vositalari tarixiy masjidlar Masjidun Nabaviy va Qubo masjidini rivojlantirish loyihasi tafsilotlarini e'lon qildi, deb yozadi “IQNA” sayti “Alyavma 7”ga tayanib xabar berdi.
“Nigoh-2030” loyihasiga muvofiq, Payg'ambarimiz masjidida namoz o'qish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Saudiya Arabistoni rasmiylari ikki million namozxonni joylashtirish rejasini ilgari surmoqda. Ushbu loyiha doirasida Qubo masjidi va uning atrofidagi hududlarda ham bunyodkorlik ishlari olib boriladi.
Loyihada Qubo masjidi (Islom tarixida qurilgan birinchi masjid) va uning atrofidagi maydoni 50 000 kvadrat metrga, ya'ni hozirgi maydonidan 10 baravar ko'p, sig'imi esa 66 000 namozxonga etkaziladi. Ushbu masjid hijriyning birinchi yilida tashkil etilganidan beri eng yirik obodonlashtirish loyihasiga aylanadi.
Shu bilan birga, Al-Haramayn yoki Ikki muqaddas poyezdlar boshqarmasi rahbariyati Ramazon oyida Makka va Madina shaharlari o'rtasidagi reyslar sonini Ka'ba ziyoratchilari bemalol harakatlanishi uchun 100 ta reysga etkazganini ma'lum qildi.
O'MI xodimi I.Ahmedov tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV