Ulug‘ bobolarimizning ilmga intilish va el-yurtga xizmat qilish borasidagi go‘zal an’analarini bugungi yoshlarimiz ham davom ettirmoqda. Biz bu harakatni talaba yoshlarimizning g‘ayratida, yangi-yangi yetishib chiqayotgan iqtidorli qori yigitlarimiz timsolida ko‘rmoqdamiz. Hozirgi kunda yoshlarimizning diniy va ma’naviy yetukligini mustahkamlash maqsadida yurtimizda Toshkent islom instituti va o‘rta-maxsus islom bilim yurtlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Unda bir qancha talabalar tahsil olmoqda. Qori yigit va qizlarimizning bilim saviyalarini oshirish va qobiliyatlarini aniqlash maqsadida, Respublika miqyosida Qur’oni karimni yoddan va tajvid qoidalari bilan tilovat qilish bo‘yicha mahalliy musobaqalar muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Mazkur musobaqalarda yuqori natijaga erishgan qori-qoriyalarimiz turli xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan Xalqaro Qur’oni karim musobaqalariga takliflar asosida yuborilmoqda.
Shu yilning 18–24 oktyabr kunlari Qur’oni karimni yoddan o‘qish va tafsir qilish bo‘yicha Saudiya Arabistonining Makka shahrida o‘tkazilgan 38-Xalqaro Qur’oni karim musobaqasida ikki nafar vakilimiz – Toshkent islom instituti talabasi Muzaffarxonov Abdulloxon va Sayid Muhiddin Mahdum o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi Abduhalimov A’zamjon ishtirok etib qaytishdi.
Mazkur musobaqada dunyodagi 50 dan ortiq davlatdan yetuk Qur’on hofizlari ishtirok etib, ular orasida vakillariimiz Qur’oni karimning to‘liq 30 porasini va 15 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish yo‘nalishida qatnashdi.
Musobaqa 4 yo‘nalishda o‘tkazilib, unda yuqori uch o‘rinni qo‘lga kiritgan qorilarga sovrinli mukofotlar topshirildi. Qur’oni karimni to‘liq 30 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish bilan birga 30 poraning lug‘aviy ma’nolarini bilish yo‘nalishida 1-o‘rinni Saudiya Arabistoni, 2-o‘rinni Sudan, 3-o‘rinni Marokash qorilari egalladi. Qur’oni karimning 30 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish yo‘nalishida 1-o‘rinni Falastin, 2-o‘rinni Liviya, 3-o‘rinni Saudiya Arabistoni davlatlari qorilari egalladi.
Qur’oni karimning 15 porasini yoddan o‘qib berish yo‘nalishida 1-o‘rinni Liviya, 2-o‘rinni Bahrayn, 3-o‘rinni Kamerun qorilari egalladi.
Vakillarimizga ishtiroki to‘g‘risidagi tashakkurnoma yorlig‘i taqdim etildi. Ishtirokchi qorilar uchun musobaqa tashkiliy hay’ati tomonidan Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlaridagi muqaddas qadamjolarga ziyorat uyushtirildi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Alloh taolo aytadi: "Ularni (Allohning) O‘zi ularga tanitgan jannatga kiritur" (Muhammad surasi, 6-oyat).
Imom Tabariy rahimahulloh: "Jannat ahli jannatdagi uylarini tanib olishadi. Hatto bir kishi jannatda o‘z uyiga dunyodagi uyiga kelgani kabi borib oladi", dedi.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhi: "Ya’ni, ular jannatda o‘z manzillarini oson topadilar", dedi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh: "Bu oyat mo‘minlarga berilgan ulug‘ bir mujdadir. Chunki dunyoda ular sabr qildilar, iymonlarini mustahkam tutdilar. Endi jannatda o‘z makonlarini Allohning hidoyati bilan osongina topadilar. Bu Allohning ularga lutfidir", dedi.
Alloh taolo mo‘minlar va taqvodorlarni O‘zi ularga tavsiflab, ta’riflab bergan jannatga kiritadi. Bu jannat ular uchun avvaldan tayyorlangan va ular unda o‘z manzillarini xuddi dunyodagi uylarini bilgandek, osongina topadilar.