Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

38-xalqaro Qur’oni karim musobaqasida vakillarimiz ishtiroki

01.11.2016   6929   2 min.
38-xalqaro Qur’oni karim musobaqasida vakillarimiz ishtiroki

Ulug‘ bobolarimizning ilmga intilish va el-yurtga xizmat qilish borasidagi go‘zal an’analarini bugungi yoshlarimiz ham davom ettirmoqda. Biz bu harakatni talaba yoshlarimizning g‘ayratida, yangi-yangi yetishib chiqayotgan iqtidorli qori yigitlarimiz timsolida ko‘rmoqdamiz. Hozirgi kunda yoshlarimizning diniy va ma’naviy yetukligini mustahkamlash maqsadida yurtimizda Toshkent islom instituti va o‘rta-maxsus islom bilim yurtlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Unda bir qancha talabalar tahsil olmoqda. Qori yigit va qizlarimizning bilim saviyalarini oshirish va qobiliyatlarini aniqlash maqsadida, Respublika miqyosida Qur’oni karimni  yoddan va tajvid qoidalari bilan tilovat qilish bo‘yicha mahalliy musobaqalar muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Mazkur musobaqalarda yuqori natijaga erishgan qori-qoriyalarimiz turli xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan Xalqaro Qur’oni karim musobaqalariga takliflar asosida yuborilmoqda.

Shu yilning 18–24 oktyabr kunlari Qur’oni karimni yoddan o‘qish va tafsir qilish bo‘yicha Saudiya Arabistonining Makka shahrida o‘tkazilgan 38-Xalqaro Qur’oni karim musobaqasida ikki nafar vakilimiz – Toshkent islom instituti talabasi Muzaffarxonov Abdulloxon va  Sayid Muhiddin Mahdum o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi Abduhalimov A’zamjon ishtirok etib qaytishdi.

Mazkur musobaqada dunyodagi 50 dan ortiq davlatdan yetuk Qur’on hofizlari ishtirok etib, ular orasida vakillariimiz Qur’oni karimning to‘liq 30 porasini va 15 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish yo‘nalishida qatnashdi.

Musobaqa 4 yo‘nalishda o‘tkazilib, unda yuqori uch o‘rinni qo‘lga kiritgan qorilarga sovrinli mukofotlar topshirildi. Qur’oni karimni to‘liq 30 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish bilan birga  30 poraning lug‘aviy ma’nolarini bilish yo‘nalishida 1-o‘rinni Saudiya Arabistoni, 2-o‘rinni Sudan, 3-o‘rinni Marokash qorilari egalladi. Qur’oni karimning 30 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish yo‘nalishida 1-o‘rinni Falastin, 2-o‘rinni Liviya, 3-o‘rinni Saudiya Arabistoni davlatlari qorilari egalladi.

Qur’oni karimning 15 porasini yoddan o‘qib berish yo‘nalishida 1-o‘rinni Liviya, 2-o‘rinni Bahrayn, 3-o‘rinni  Kamerun qorilari egalladi.

Vakillarimizga ishtiroki to‘g‘risidagi tashakkurnoma yorlig‘i taqdim etildi. Ishtirokchi qorilar uchun musobaqa tashkiliy hay’ati  tomonidan Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlaridagi muqaddas qadamjolarga ziyorat uyushtirildi.

                                                                                                                                            
Xalqaro aloqalar bo‘limi                                                                                             

 

Yangiliklar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hazrati inson bo‘ling!..

22.07.2025   4733   2 min.
Hazrati inson bo‘ling!..

Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.


– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.


– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...


Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.


Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:

– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi(Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...


Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.


Akbarshoh Rasulov

O'zbekiston yangiliklari