O‘zbekiston Respublikasi istiqlolga erishgach, shonli o‘tmishimiz, shavkatli tariximiz qayta bo‘y ko‘tardi. Ulug‘ bobokalonlarimiz qoldirib ketgan boy merosimiz tiklanib, ularning qabrlari, qadamjolari obod etildi. Qayerga bormaylik, obod maskanlar, viqorli masjidu-madrasalar, salobatli gumbazu-minoralarni ko‘rib, qanchalik buyuk ajdodlarning avlodi ekanimizni hamisha yodimizda tutamiz.
Yurtimizda olib borilgan islohotlar orasida hadis ilmining sultoni, muhaddislar imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hazratlarining qabri joylashgan maskanning obod etilishi amalga oshirilgan ishlarning gultojisi bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki bu maskanda dunyo musulmonlari hamisha ardoqlab kelgan, “Al-Jome as-Sahih” hadislar to‘plami Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi manba deya e’tirof etilgan, islom dini rivojiga misli ko‘rilmagan xizmatlar qilgan zotga nisbatan avlodlarning o‘ta munosib e’tibori aks etib turibdi
Bundan roppa-rosa 18 yil muqaddam 1998 yil 23 oktyabr juma kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan Imom Buxoriy yodgorlik majmui rasman ochilish tadbiri bo‘lib o‘tgan edi. Hozirgi kunda bu tabarruk zamin butun Islom olamidan, chet eldan kelgan sayyohlar bilan gavjumdir.
Mustaqilligimiz sharofati tufayli, o‘tib ketgan ulug‘ ajdodlarimiz, xususan Muhammad ibn Ismoil Imom Buxoriy ruhlarini shod qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 1997 yil 29-apreldagi Muhammad ibn Ismoil Imom Buxoriy tavalludining hijriy taqvim bo‘yicha 1225 yilligini nishonlash va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq bu yodgorlik majmui O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida yaratilgan loyiha asosida Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Namangan, Qo‘qon va Shaxrisabz xalq ustalarining oltin qo‘llari bilan me’morchilik tarixida eng qisqa muddat, ya’ni 8 oy mobaynida barpo etildi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq ushbu maskanning obod etilishiga e’tibor qaratilgani bejiz emas, albatta. Negaki o‘zligimizni, qanday ulug‘ insonlarning avlodi ekanimizni, qanday boy va betakror ma’naviy meros vorislari ekanimizni anglash, milliy qadriyatlarimizni tiklash yo‘liga kirishar ekanmiz, bu ishlarning debochasida Imom Buxoriy hazratlarining ma’naviy merosini tiklash vazifasi turishi tabiiy holdir. Chunki bu zotning islom diniga qilgan xazmati barcha zamon ulamolari tomonidan eng yuksak deya e’tirof etib kelingan. Birgina misol tariqasida qatarlik olim Doktor Muhammad Ali Donaviyning “Al-Umma” jurnalidagi (1982 yil, avgust) “... Darhaqiqat, Islom ummati ko‘pgina fazilatlar, ilm va hidoyat evaziga Buxoriydan qarzdordir. Bu ummat zimmasiga yuklatilgan vazifa shuki, ular o‘z farzandlariga maktablarda, oliygohlarda va majlislarda Buxoriy hazratlari o‘zi kim ekanliklarini o‘rgatmoqlari lozim”, degan e’tirofini keltirib qo‘yish kifoya. Buni birinchilardan bo‘lib anglab yetgan marhum Yurtboshimiz majmua ochilishida qilgan nutqlarida: “...Shular qatorida ozodligimizning dastlabki yillaridanoq biz Imom al-Buxoriy maqbarasini ul zotning sha’n-shavkatiga munosib, yon-atrofi munavvar go‘shaga, ziyoratga kelgan mo‘min-musulmonlarga ruhiy-ma’naviy kuch ato etadigan qadamjoga aylantirishni niyat qilgan edik”, deb aytib o‘tgandilar.
Hozirda esa bu dargoh marhum Yurtboshimizning rahnamoligi ostida yillar davomida olib borilgan bunyodkorliklar natijasi o‘laroq dunyo musulmonlarini o‘ziga jalb etgan, ziyoratchilarga ruhiy ozuqa ulashayotgan muqaddas zamin sifatida qalblardan joy olgan. Zero, islohotlarimiz asoschisi Islom Karimov nutqlari davomida: “Allohning inoyati bilan ezgu niyatimiz ijobat bo‘lgan shu qutlug‘ kunda men bu muazzam yodgorlik majmuining shunchaki ziyoratgoh emas, balki go‘zal O‘zbekistonimizni butun dunyoga tanitadigan, yosh avlodimizni ezgulik ruhida tarbiyalaydigan, har bir insonni hayot va abadiyat haqida o‘ylantiradigan aziz maskan bo‘lib qolishiga ishonaman”, deya ta’kidlagan edilar.
Ta’kidlash lozimki, ayniqsa so‘ngi yillarda olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasi o‘laroq yangicha ko‘rinish olgan milliy memorchilik san’ati bilan yo‘g‘rilgan koshinli ayvonlar, mahobatli maqbara, serfayz hovliyu, salobatli masjid O‘zbekistonda olib borilayotgan diniy sohadagi yuksak e’tiborning namunasidir.
Zayniddin ESHONQULOV,
Imom Buxoriy jome masjidi imom xatibi
Bugun, 26 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Islom – salomatlik targ‘ibotchisi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, shuningdek, yosh olimlar, doktorant va magistrlar, yurtimiz va xorijlik professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari qatnashdi.
Mazkur anjumanda islom dinining inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rag‘batlantirish hamda jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, "Islomda sog‘lom turmush tarzi", "Ibn Sinoning to‘g‘ri ovqatlanish va tanani sog‘lom saqlashga oid tavsiyalari", "Farzand kamolotida jismoniy tarbiyaning o‘rni", "Yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ushbu anjuman natijasida islomda sport, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar haqidagi tadqiqotlar takomillashishi barobarida salomatlikka oid diniy-axloqiy qarashlar, ilmiy mulohazalar va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati