Imom Termiziy Sunan Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lgan jome kitobi musannifi, hadis hofizi Termiz shahrida tug‘ilgan. So‘ngra hadislar to‘plash maqsadida Misr diyoridan tashqari Huroson, Iroq, Shom va Hijoz o‘lkalarga ilmiy safar qilgan. Ko‘p muhaddislardan hadis rivoyat qilgan. Buxoroda hadis ilmi borasida yuksak natijalarga erishgan. Ko‘plab safarlar va kitoblar tasnif qilgan. Hijriy 279 yil rajab oyining 13 sanasida Termiz shahrida vafot etganlar.
-“Sunani Termiziy”: Bu asar “Sunani Termiziy” yoki “Al-Jome’ as-sahih” deb nomlanib, Imom Termiziyning eng mashhur shoh asaridir. Mazkur kitob hadis kitoblari orasida ham muhim o‘rin egallaydi, olti sahih kitobning hamda to‘rt sunanning biri hisoblanadi. Kitob o‘zida 3956 ta hadislarni mujassam etgan. Hadislar boblar, fiqh, hadisning illatlariga ko‘ra tartiblangan. Bundan tashqari kitobda hadisning sahih – saqim (kasal)lari bayoni, ularning o‘rtasidagi martabalar, ismlar va kunyalar jarh va ta’dil qoidalarga binoan bayon qilingan, ularning qaysilari Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib borgan yoki bormaganligi keltirilgan.
-“Ash-shamoil an-nabaviyya”: Nabiy sollallohu alayhi vasallam siyratlari haqida yozilgan kitob bo‘lib unda Temiziy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sifatlari, xulqlari, odoblari va amallari haqida bayon qilib berganlar. Bu kitobni 55 bobga taqsimlab, unda 397 ta hadis keltirgan.
-“Ilal at-Termiziy al- Kubro”: Bu kitob Termiziy o‘zining isnodlari bilan keltirgan bir qancha hadislardan iborat. Har bir hadisdan keyin uning hukmi borasida yo o‘zining yoki shayxlarining bergan hukmlarini bayon qilgan. Mazkur kitobdagi hadislarga aytilgan hukmlarning eng ko‘p qismi Imom Buxoriy hukmlariga to‘g‘ri keladi.
-“Al-ilal as-sog‘iyr”: Mazkur kitob Sunani Termiziyga bog‘liq qilib yozilgan. Imom Termiziy bu kitobda illatli hadislarni fiqhiy boblar tartibiga ko‘ra keltirib o‘tgan va har bir hadisning illatini bayon qilgan.
-“Tasmiya as'habur Rosulillah sollallohu alayhi vasallam”.
Imom Termiziyning yana bir qancha boshqa kitoblari bo‘lib ulardan hozirgacha topilmaganlari quyidagilar:
Imom Termiziy aytadilar: “Imom Buxoriy menga shunday dedilar: “Mening sen tufayli ko‘rgan manfaatlarim, seni men orqali ko‘rgan foydalaringdan ko‘ra ko‘proqdir.”
Imom Sam’oniy aytadi: “Termiziy-zamonasining haqiqiy imomi edi”.
Abu Sa’d Idrisiy :”Hadis ilmida unga ergashiladigan imomlardan biridir. Jome’, tarix va hadis borasida yozgan ktioblari eng ishonchli olimlar yozgan kitoblar sirasiga kiradi. Zehni o‘tkirlik borasida bu zot zarbul masal qilinadi”-degan.
Imom Hokim aytadi: “Umar ibn Ilakning shunday deganini eshitdim: “Imom Buxoriy vafot etgach Xurosonda ilm, hifz, taqvo va zuhd borasida Abu Isoga teng keladigan kishi qolmadi. Juda ko‘p yig‘laganlari sababli ko‘zlari ko‘rmay qoldi va bir necha yil ko‘zlari ojiz xolda yashadilar”.
Abu Ya’lo Xaliliy: “Abu Iso siqa, muttafaqun alayh va omonat va ilmda mashhur edi”-degan.
Ibn Asir aytadi: “Termiziy juda ham go‘zal kitoblar tasnif qilgan hadis ilmida hofiz bo‘lganlar. Eng mashhur kitoblari “Jome ul- Kabirdir” .
Ibn Imad Xanbaliy shunday deydi: “Zamondoshlariga o‘rnak, hifz va mukammallikda namuna edilar.”
Imom Mizziy aytadi: “U “Jome’” va boshqa bir qancha kitoblar sohibi bo‘lib, mashhur hofiz imomlardan biri edilar”.
Ibn Hibbon: “Imom Termiziy hadis to‘plab yozib, hifz qilgan kishilardan. U Nabiy sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini himoya qilib, jome’ yozgan olti imomning biridir. Mazkur imomlarini kitoblari sunnat olamida hadis borasida suyaniladigan kitoblardir”.
Ibn Xalikon: “Hadis ilmida unga ergashiladigan imomlardan biridir. Jome’, tarix, hadis borasida yozgan ktioblari eng ishonchli olimlar yozgan kitoblar sirasiga kiradi. Zehni o‘tkirlik borasida bu zot zarbul masal qilinadi. Imom Buxoriyning shogirdi va safdoshi hisoblanadi”.
Ismoil Haraviy: “Imom Termiziyning “Jome’”si Buxoriy va Muslimning “Jome’”lariga qaraganda foydaliroqdir. Chunki ikki buyuk imomning jome’sidan faqat kuchli olimlargina manfaat olishga qodir. Holbuki, Termiziyning “Jome’”sini hamma undan manfaat olishi mumkin bo‘lgan kitobdir”-degan.
Ibn Kasir: “Imom Termiziy zamonasining mashhur muhaddislaridan biri bo‘lib ko‘plab asarlar tasnif qilganlar. Ularning eng mashhurlari “Jome’” (Sunan at –Termiziy), “Shamoilu Muxammmadiya”, “Asmaus-sohabati” va boshqalardir. “Jome’” kitobi ulamolar eng ko‘p murojaat qiladigan kitoblardandir”.
Mulla Ali al-Qoriy: “Temiziy hadis ilmida hujjat, siqa, hofiz va taqvo sohibidir”-degan.
Termiziy aytadilar: Men “Jome’” kitobimga faqat ulamolar unga amal qilgan hadislarni kiritdim. So‘ngra uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga ko‘rsatdim. Ular rozi bo‘lishdi. Mansur ibn Abdulloh Xolidiy bu kitob haqida bunday degan: “Kimning uyida mana shu kitob bo‘lsa, go‘yoki o‘sha uyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gapirayotgandek bo‘ladilar”.
Jaloliddin Hamroqulov
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza”jome masjidi imom xatibi
Musulmon kishi har bir ishida Alloh taologa tavakkul qiladi. Zero, Alloh taolo tavakkal qiluvchilarni yaxshi ko‘radi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:“(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling. Zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Ushbu oyat tafsirida: “Allohga tavakkul qilish ulug‘ fazilat. Ammo tavakkul, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkulni yaxshi anglashmaydi. O‘ylamay, urinmay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona turishni tavakkul deb tushunuvchilar bor.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud urushida qilgan tavakkullarini olaylik. U zot mushriklar askar tortib Uhudga yetib kelganlarini eshitib, tezda musulmonlarni yig‘ib, kengash o‘tkazdilar. O‘zlari birinchi bo‘lib Hujrai saodatga kirib, ustma-ust ikkita sovut kiyib chiqdilar. E’tibor bering – Allohga tavakkul qiluvchilarning eng ulug‘i, peshvosi bo‘lgan zot urushga ketayotib bir emas ikkita sovut kiyib chiqdilar! Odamlarni jihodga targ‘ib qildilar. Manzilga tezroq, osonroq va tinchroq eltuvchi yo‘lni biladigan odamni topib, unga yo‘l boshlashni topshirdilar. Yetib borganlaridan keyin dushmanning kuch-quvvatini yaxshilab hisob-kitob qildilar. So‘ng o‘z jangchilari bilan birma-bir tanishib, hammani joy-joyiga qo‘ydilar. O‘ng qanot va chap qanotlarda kimlar bo‘lishini belgilab, reja tuzdilar. Xullas, urushga zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Ammo Allohga tavakkul qilishlari bu ishlardan ayri emasdi.
Tavakkul bularning barchasini bog‘lab turadigan bir ip misoli. U har bir ishda, chora-tadbirda Allohni vakil deb e’tiqod qilishdir. Afsuski, ko‘pchilik tavakkulni harakatsizlik, urinib ko‘rmaslik bilan bog‘liq holda tushunadi. Ba’zilar Allohga tavakkul qildim, deb harakat qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni ham qilishmaydi. Bu esa dangasalik, xolos.
Payg‘ambar alahissalom davrlarida bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkul qilaymi?” deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom: “Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkul qil” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizni O‘ziga tavakkal qiladigan bandalari qatorida qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi