Dunyo musulmonlarining muqaddas makoni bo‘lmish Ka’batullohning besh mahal namoz o‘qiladigan tarafiga yangi ka’bapo‘sh yopildi. Odatda, Arafa kuni ziyoratchilar Arofot tog‘ida bo‘lishadi. Shu kuni muqaddas Harami sharif bo‘sh bo‘lgani bois Ka’batullohga yangi ka’bapo‘sh yopiladi.
Ka’bapo‘sh toza ipakdan, tilla iplar yordamida tayyorlanadi. Unga sarflanadigan mablag‘ 22 million saudiya riyoli (5,8 mln AQSH dollari) ni tashkil qiladi. Ka’bapo‘sh Makkai mukarramadagi maxsus fabrikada tayyorlanadi. Unga ishlov berish jarayonida 240 nafar texnolog va ishchilar qatnashadi. Ka’bapo‘shning eni 95 metr, bo‘yi esa 9 metrdan iborat bo‘lib, u 47 ta mato bo‘laklaridan tashkil topgan bo‘ladi.
Muqaddas Ka’batullohga yopilgan ka’bapo‘sh bezagiga o‘zgartirish kiritildi. Ka’bapo‘shga endilikda tilla chiziqlar tikildi. Yamaniy burchakdagi yozuvlar o‘zgartirildi “Ya Hayyun, Ya Qayyum” (Ey doimo tirik, abadiy zot va Ey o‘z o‘zidan qoim bo‘lgan va boshqalarni qoim qilgan zot) so‘zlari o‘rniga “Allohu akbar” (Alloh buyukdir) so‘zlari qo‘yildi.
Ma’lumki Ka’bai muazzamaning shakli kub shaklidadir. Uning barcha burchaklarining alohida nomi bor. Jumladan, shimoliy burchak – Iroqiy deb nomlansa, g‘arbiy burchak – Shomiy, janubiy burchak – Yamaniy deb nomlanadi. Sharqiy burchakda esa hajarul asvad – qora tosh o‘rnatilgan.
M.Zufarova tarjimasi.