frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Yaxshilik qilishdan charchamaylik!

12.10.2016   13316   5 min.
Yaxshilik qilishdan charchamaylik!

Dinimizda yaxshi amallar savobli ishlar deb yuritiladi. Har bir qilingan yomon ish gunohining katta-kichigi bo‘lgani kabi yaxshi amallarni ham savobli, ko‘proq savobli va hattoki juda katta savob ish, deb talqin qilinadi. Kundalik hayotimizda har kuni qilib yurgan ishlarimiz savob yoki gunoh ekanini farqlasak, savob bo‘ladigan arzimas ishlarni ham qilishga sa’yu harakat qilishimizga sabab bo‘ladi.

Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Yaxshilik zoye ketmaydi, gunoh unitilmaydi, “Dayyon” (ismli Alloh) o‘lmaydi. Hoxlaganingni qil! Bir kun hisob berasan!” dedilar (Bayhaqiy rivoyati).

Demak, yaxshilikning savobi uzilmaydi va zoye bo‘lmaydi balki, u Alloh taoloning nazdida abadiy va boqiydir. Ezgu amallarning iroda qilgan va uni amalga oshirgan kishi uchun albatta savob beriladi. Dunyoda ham oxiratda ham izsiz ketmaydi. Shuningdek, gunoh ishlar ham unitilmaydi. Albatta qilingan gunoh ishga ham loyiq jazo muqarrar. Zotan, Alloh taolo kalomida eslatganidek,

(Muso) aytdi: “Ular haqidagi ma’lumot Rabbim huzuridagi Kitob (Lavhul-mahfuz)dadir. Rabbim adashmas va unutmas”.

Alloh taolo Muso alayhissalomga Ey, Muso! Sen o‘zing va birodaring Horun Mening oyatlarimni odamlarga yetkazinglar va Meni zikr qilishda sustlik qilmanglar! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringlar, chunki u “Men – xudoman”, deb haddidan oshdi. Unga yumshoq so‘z aytinglar! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa”-deganida, Muso va Horun alayhissalomlar: “Ey, Rabbimiz! Darhaqiqat, biz da’vat etsak u bizga g‘azab qilishidan yoki battar haddan oshib ketishidan qo‘rqamiz”-dedilar.  Shunda Alloh taolo  aytdi: “Qo‘rqmanglar! Albatta, Men sizlar bilan birgaman – eshitaman va ko‘raman. Bas, sizlar uning oldiga borib: “Biz Parvardigoringning elchilaridirmiz. Isroil avlodini biz bilan birga qo‘yib yuborgin, ularni azoblamagin! Biz senga Rabbing tomonidan hujjat keltirdik. Hidoyatga ergashganlarga salom omonlik bo‘lur. Bizga shunday vahiy qilindi: “Allohning payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilgan va imon keltirishdan yuz o‘girgan kimsalarga azob bo‘lur” deb Fir’avn oldiga kelib, Allohning so‘zlarini yetkazganlarida u: “Ikkingizning Rabbingiz kim, ey, Muso?” deb so‘ragan. Shunda shu oyati karima nozil bo‘lgan.

Darvoqe, ba’zi gunohlarni Alloh taolo banda astoydil, chin dildan tavba qilishi yoki yaxshi amalni ado etishi orqali o‘chirib yuborishi ham bor. Ammo bir haqiqatni unitmaslik kerak, har qanday gunoh o‘zidan iz qoldirishi yoki ta’siri bo‘lishi aniqdir.  Banda bunga ko‘pda e’tiborsiz qaraydi. Oxir oqibatda gunohlardan saqlanishdan uzoqlashib boraveradi.

“Dayyon” Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri bo‘lib, ma’nosi “Qahhor”, “Qoziy”, “Hokim”, “Sa’is”, “Hosib” va “Mujaziy” ma’nolariga ma’nodoshdir. Ya’ni, bandadan sodir etilgan biror bir amalni zoye qilmaydi. Balki, yaxshisiga mukofot, yomoniga jazo beruvchi Zot deganidir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek: “Qiyomat kuni bandalar mahshargohga jamlanganlarida, barcha huddi yonida turgan odam gapirayotgandek “Men “”Dayyon”man, Men “Malik”man”, degan nidoni eshitishadi” (Muslim rivoyati).

Xalqimizda bir maqol bor: “Yaxshilik qil suvga sol. Bilsa baliq, bilmasa Xoliq biladi”. Yaqinda bir yigit aytib qoldi. “Bizni uyimizda bir mushuk bo‘lardi, ayolim uni yoqtirmasdan har ko‘rganida quvib solardi, zulm yetkazib, ozor berardi. Ayolimni shu ishlarini ko‘rganimda “Qo‘y unga ozor berma, bu ham axir Yaratganning bandasi. Unga ozor berishdan ko‘ra unga yegulik ber”,  deb koyirdim. Mushukga rahmim kelib tanavvul qilishiga narsalar berib, silab qo‘yardim. Bir kecha mushukning ovozini eshitib uyg‘onib ketdim, turib qarasam derazani oldida o‘sha mushuk miyovlayotgan ekan. Oldiga borishim bilan meni ko‘rib, derazadan sakrab tushib ketib qoldi. Xayron bo‘ldim derazadan nazar solsam hovlida qattiq shamol bo‘lyapti. Shunda ko‘zim kiyimlar osilgan dorga tushdi, tezda ayolimni uyg‘otdimda “tur tezda yuvgan kirlaringni yig‘ib ol”, dedim. Ayolim kiyimlarni yig‘ib bo‘ldiyu yomg‘ir tezlab sharroz yog‘ib yubordi, shunda ayolimni chaqirib “qara mushuk seni bir kunlik mehnatingni saqlab qoldi, sen esa uni quvib yurasan. Kim ehtirom ko‘rsatsa, hurmat topadi, biror yaxshi amal Xudo uchun qilinsa, bekor ketmaydi. Yaratgan hatto hayvonlarga qilingan yaxshiliklarga ham ajr mukofot bitadi”, deb yigit hikoyasini yakunladi.    

Xulosa qilib shuni ta’kidlash lozim, ezgu amallar bajargan insonlarga dunyoda ham oxiratda ham faqat yaxshilik bo‘lib qaytadi. Yomon fasod ishlarni qilgan odamlarga faqatgina qilgan amallariga yarasha yomon oqibat nasib bo‘ladi. Yaratgan barchalarimizni oqibatlarimizni xayrli qilsin deya duo qilib qolamiz.  

 

Jaloliddin Hamroqulov,

TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

“Novza” jome masjidi imom xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

17.08.2026   62225   2 min.
Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.

Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.

Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.

Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.

Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.

“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.

Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.

Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari