Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Takfir tushunchasi va unga oid hukmlar

28.09.2016   10716   8 min.
Takfir tushunchasi va unga oid hukmlar

 Kufr so‘zi lug‘atda “yopish”, “berkitish” ma’nosini anglatadi. Shu sabab dehqoning bir nomi ham arab tilida “kofir”dir. Chunki u urug‘ni yerga yashiradi, ya’ni ekadi. Bu haqda Qur’onda bunday keladi:

 «(U) bamisoli bir yomg‘irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur» (Hadid, 20). 

Samarqandiy, Faxriddin Roziy, Imom Qushayriylar o‘z tafsirlarida kofirlardan murod – dehqonlar degan bo‘lsalar, boshqa mufassirlar haqiqiy kofir ham deb o‘tganlar.  Bir insonga nisbatan kofir deyilishi botil ila haqni berkitgani sabablidir.

Kufr shar’iy istilohda imonning ziddi bo‘lib, “tonish”, “bosh tortish” ma’nolaridadir.  Bu haqda Alloh taolo bunday deydi: «Bizlar (bu ikki kitobning) har biriga kofirdirmiz», dedilar (Qasos, 48).

Shu e’tibordan shar’iy ma’nosi va lug‘aviy ma’nosi o‘zaro uzviy bog‘liqdir. “Kofir” degani “kufr egasining qalbi kufr sababli yopilgan” degan ma’nodadir. “Durrur muxtor” asarida bunday deyiladi: “Kufr shariatda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni dinga oid olib kelgan narsalarida yolg‘onchiga chiqarishdir”.

Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom  Muslim rivoyati).

Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb o‘ylanayotgan u gapirgan so‘zi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab o‘rganish shartdir. Zero, barcha fosid so‘z yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar o‘zgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala bo‘lgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa, gapiruvchining o‘ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom  Muslim rivoyati).

 Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday bo‘lmasa, gaplari o‘ziga qaytadi” (Imom  Muslim rivoyati).

Agar bir musulmon odam kufrga o‘xshash so‘zni gapirib qo‘ysa, modomiki uning so‘zini boshqa bir yaxshi ma’noga yo‘yishning imkoni bo‘lsa, uni kofir deyilmaydi. Shuningdek, u gapirgan so‘zni kufr so‘z ekanligida olimlar o‘rtasida ixtilof bo‘lsa, agarcha u ixtilof zaif rivoyatda kelib, rivoyatda u so‘zni kufr ekanligi shak qilingan bo‘lsa-da, u musulmon kofirga chiqarilmaydi.

Zero, musulmonni nima narsa imonga olib kirgan bo‘lsa, ana o‘shandan tonishgina imondan chiqarib yuboradi. Chunki kishidagi mavjud islom shak bilan yo‘q bo‘lmaydi. Islom shak bilan yo‘q bo‘ladigan narsa emas. Agar bir kishi bir so‘zni aytib qo‘ysa yo qilib qo‘ysa va bir qancha ta’villarga ko‘ra u kofir bo‘lishi kerak bo‘lgan vaqtda bittagina ta’vilga ko‘ra u kofir bo‘lmasligi chiqsa, bu masala nozik bo‘lgani va musulmon haqida yaxshi gumon qilish lozimligi e’tiboridan ana shu bir ko‘rinishga ko‘ra, u kofir emas deyiladi. Olimlar shunga fatvo berishgan. Bundan tashqari kufr jinoyatning eng yuqorisi bo‘lib, u jazoning ham eng yuqorisini taqozo qiladi. Endi shak va ehtimol bilan esa bir odamga eng katta jazo qo‘llanmaydi ( Raddul muxtor xoshiyasi. III jild. 385 bet).  

Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatar sababidan Qur’oni karim va Sunna o‘zga birovni kufrga chiqarishdan qaytargan. Jumladan Niso surasi 94-oyatida Alloh taolo bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Alloh yo‘lida safarga chiqqaningizda aniq ish tuting! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo‘lgan) kishiga bu dunyo matohini (o‘ljani) ko‘zlab: “Mo‘min emassan”, demangiz! Allohning huzurida ko‘p o‘ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (imoningizni sir tutar) edingizlar.  So‘ngra Alloh sizga ne’mat ato etdi. Bas aniqlab ish tutingiz! Albatta Alloh (barcha) ishlaringizdan xabardordir”.

Bu oyatni nozil bo‘lishi haqida Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday deydi: Imom Ahmad Ibn Abbosdan rivoyat qiladilar: “Banu Salimdan bir kishi o‘zining qo‘ylarini boqayotganida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarining bir guruhining oldidan o‘tib turib, ularga salom berdi. Ular: “bizga salom berma, balki bizdan panoh so‘ra”, dedilar. So‘ng uni o‘ldirdilar, keyin uni qo‘yi bilan Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) huzuriga olib keldilar. So‘ng ushbu oyatni “Ey imon keltirganlar...” dan oxirigacha nozil bo‘ldi.

Jumhur kalom va fiqh ulamolari ittifoqiga ko‘ra, biror bir ahli qibla bo‘lgan musulmonni kofirga chiqarmaslik lozimdir.

Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) hazratlari ham ahli qibla bo‘lganlarning birortasini kofirga hukm qilmagan ekanlar.

Imom Shofe’iy (rahmatullohi alayh) faqatgina bid’at ahlidan bo‘lgan xattobiylarni ochiq suratda haromni halol deganlari uchun kofirga hukm qilgan ekanlar.

Tahoviy aqidasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deyiladi (Al-Manhajus sahih fi fahmi aqidati ahli sunna val jamaa’. Hasan Ali Saqqof,703-bet). Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir bo‘lmasligi, agar o‘z uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforot bo‘lishi, mabodo vafot etsa, bu – Allohning xohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon etilgan.

Aqida ilimining yetuk bilimdoni Abul Hasan Ash’ariy aytadilar: “Men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolg‘iz ma’budga ibodat qiladilar”.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘zga insonni kofir deyish, unga jahannamda abadiy qolasan, deyishga teng gapdir. Buning ustiga jamiyat kishilari orasida uning o‘rnini o‘z bilganicha belgilab berish demakdir. Bu ish juda nozik bo‘lgani va ehtiyotkorlikni talab qilgani uchun ham zinhor bu ishga shoshilmaslik kerak. Balki bu ishlarni o‘z egalari: olimlar, muftiylar hukmiga havola qilish lozim. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bundan qaytarganliklari ham bu ishni naqadar nozik ekanligini belgilab beradi. Biz yuqorida ko‘rganimizdek, U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa gapiruvchining o‘ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati) deganlari ham bizga ibrat o‘laroq yetadi.

 

Xadichai Kubro o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi

N.Saidakbarova

3 bosqich talabasi R. Badriddinova

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Usmon mus'hafi ziyorati

05.05.2025   1642   2 min.
Usmon mus'hafi ziyorati

#Noyob_fotolar

• Besh respublika muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, diniy nazorat mas’ul kotibi Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamrohligida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari II qurultoyi delegatlari hamda Rossiya, Shimoliy Kavkaz va Ozarbayjondan kelgan ulamolar Usmon mus'hafini ziyorat qilmoqda.

1948 yil, Toshkent

•Usmon ibn Affon roziyallohu anhu xalifaligi davrlarida milodiy 651 yili, hijriy 24 yili Qur’oni Karim kiyik terisiga bir necha nusxada yozilib, Islom olamining markaziy shaharlariga yuborildi. Mus'hafning rasmda tasvirlangan o‘sha qadimiy tabarruk nusxalaridan biri hozirgi paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 
 

• Hazrati Usmon Mus'hafining yurtimizga kelib qolishi tarixi haqida turli rivoyatlar bor. Hazrati Usmon mus'hafi dastlab Samarqandga olib kelingan. Uni Amir Temur, Qaffol Shoshiy, Hazrati Usmonning kuyovlari Said olib kelgan degan rivoyatlar mashhur. Bu haqda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati raisi o‘rinbosarlari, taniqli olimlar Shayx Ismoil Maxdum Sattiyev, Shayx Yusufxon Shokirov, shuningdek, Hamid Ziyoyev, Habibulloh Solih va boshqalarning fikrlari e’tiborga loyiq.


• Usmon mus'hafi ruslar bostirib kelgunga qadar hijriy 1285 yilgacha Samarqandda turdi.


•1869 yilning mayida Turkiston bosh gubernatori Fon Kaufman buyrug‘i bilan Samarqand shahri hokimi Serov vositachiligida yerli musulmon ulamolari roziligi bilan Mus'haf Sankt-Peterburgga jo‘natildi va 1917 yilga qadar o‘sha yerdagi kutubxonada saqlanadi. 


• Hukumatning 1923 yil 25 iyundagi qaroriga ko‘ra Usmon Mus'hafi Turkiston musulmonlariga 1924 yilda qaytarildi. 


Mus'hafi sharif birmuncha vaqt Toshkent masjidlarida saqlandi, so‘ng O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga ko‘chirildi. 1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lgan musulmonlarning IV qurultoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Mus'hafi Usmon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati ixtiyoriga qaytarib berildi. 


• Hozirda Mus'haf Hazrati Imom majmuasining Mo‘yi muborak madrasasidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.


• Mus'hafni mo‘tadil tabiiy iqlim sharoitida asrashga mo‘ljallangan maxsus moslama Germaniyadan keltirilgan. Har yili bu nodir Mus'hafni minglab vatandoshlarimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilishadi. 

t.me/muftiylaruz

O'zbekiston yangiliklari