Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Mart, 2025   |   11 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:42
Peshin
12:38
Asr
16:39
Shom
18:28
Xufton
19:41
Bismillah
11 Mart, 2025, 11 Ramazon, 1446

Borini his etish shukr asosidir

26.09.2016   7691   6 min.
Borini his etish shukr asosidir

Ne’matga shukr qilish musulmon odam sifatlanishi lozim bo‘lgan eng ulug‘ va go‘zal axloqiy sifatlardan biridir. Shukr - ezgulik ulashgan kishiga chiroyli maqtov va yaxshilik evaziga qilinadigan mukofotdir. Shukr lug‘atda-  maqtov, minnatdorchilik bildirish, rahmat va tashakkur etish degan ma’nolarni ifodalasa, ne’mat esa, huzur-halovat, farovonlik, mo‘lchilik, farovon turmush, mol-mulk, boylik va ne’mat kabi ma’nolarda qo‘llaniladi.

Istilohda, musulmon kishi biror bir yaxshilikka ega bo‘lsa yoki unga biror bir ne’mat yetsa, bularning barchasi Alloh taolodan deb e’tirof etish, uni boshqalarga so‘zlash va ne’matga shukr qilib uni o‘z o‘rniga ishlatishga aytiladi.

Haqiqatan, aslida ne’mat egasi Alloh taoloning o‘zidir. Ammo, ba’zi ne’matlar yetishida vositachi bo‘ladi. Xuddi, inson haq yo‘lni topishida yoki biror bir ilm yo kasb egasi bo‘lishida payg‘ambarlar,  ulamolar va ustozlar vositachi bo‘lganlari kabi. Zotan, ota-ona insonni bu yorug‘ dunyoga kelishiga sababchi bo‘lsalar, ustoz va murabbiylar dunyo va oxirat yaxshiliklariga ega bo‘lishlariga sababchi zotlardir. Shu bois dono xalqimiz”Ustoz otangdek ulug‘”-deya tavsiflashadi. Demak, biz biror ne’matga erishdikmi darrov ne’mat egasiga tashakkurimizni izhor qilishmiz lozim bo‘lar ekan.

Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir yaxshilikka erishsa, bas, uni zikr qilsin. Kim zikr qilib eslasa, batahqiq uni shukrini ado etibdi. Kim yashirsa, demak kufrona ne’mat qilgan bo‘ladi”-dedilar. (Tabaroniy rivoyati).

Shukr qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma’naviy ne’matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni o‘zidagi ne’matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in’om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne’matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in’om etuvchida nafrat va g‘azab paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada bergan ne’matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo‘li bilan jazolashi joiz bo‘lib qoladi.

Noshukrlik insonlararo munosabatlarda ham o‘zining salbiy natijalarini beradi. Yaxshilikni qadrlab, imkoni bo‘lsa qaytarish aynan olijanoblikdir.

Inson nimaga erishgan bo‘lsa, avvalombor Allohning o‘lchovi qolaversa sababiyat olamidagi sabablarga bog‘liqdir. Biz doimo xushyor va sergak bo‘lib ne’matlarni o‘z o‘rnida qadrlashimiz shu bilan birgalikda atrofimizdagi insonlarga ham tez-tez eslatib turishimiz lozim. Shunda bizga yetgan ne’matni qadrlagan bo‘lishligimiz bilan birga ziyodasiga ham ega bo‘lish baxti turadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ

Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi,7-oyat).

No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan, u kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: “Allohning haddi – chegarasida turganlar va undan chiqqanlarning misoli xuddi bir kemadan qur’a orqali joy olgan kishilarga o‘xshaydi. Ularning ba’zisi kemaning yuqorisidan, ba’zisi pastidan joy oldilar. Pastdagilar suvga hojatlari tushsa, yuqoridagilarning oldidan o‘tar edilar. Ular: “Yuqoridagilarga ozor bermasligimiz uchun o‘z ulushimizdan bir joyni teshib olsak, qandoq bo‘larkin”. Agar ularning qullaridan tutsalar, ular ham, boshqalar ham – hammalari najot topurlar”. (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Vatanimiz osmoni musaffo, tinchlik-osoyishta bu hayotimizni shukrini qilish shu aziz yurtda yashayotgan har bir fuqaroning ham qarzi ham farzi bo‘lishi darkor. Ha, o‘zini, oilasini, yaqinlarini, butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir shaxs bu haqiqatni teran anglaydi. Bu ishda har kim qo‘lidan kelgan hissasini qo‘shmog‘i matlubdir. Bilib turib beparvo bo‘lishiga hech haqqimiz yo‘q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ”Insonlarning Alloh taologa eng shukrlisi odamlarga shukr qilganlaridir”-deb marhamat qilganlar (Imom Ahmad rivoyati).  

Shukr qilishning rukni uchtadir.

  1. Ne’mat bergan Zotga muhabbat qilgan xolda, ne’matni e’tirof qilmoq;
  2. Alloh taologa maqtov aytmoq;
  3. Ne’matni Alloh taolo roziligida uning toatiga sarf qilmoq va unga osiy bo‘lishdan saqlanmoq.

Shukr qilish fazilati nimada? Kishi ne’matni o‘z egasi bo‘lgan Yaratuvchisidan ekanini tan olishligi dunyodagi eng katta baxt va saodatdir. Zero, bu dunyoda ne’matning shukri evaziga ziyoda bo‘lsa, oxiratda Robbisini roziligi va jannatiga sazovor bo‘lib, azobidan omonda qolishidadir.

Shukr va maqtov orasida qanday farq bor? Ikki jihatdan farq qiladi;

  1. Shukr tana a’zolari orqali ado etiladi, maqtov esa, til va qalb ila ado etiladi. Shuning uchun shukr sajdasi degan so‘zni eshitamiz maqtov sajdasi deb emas. Chunki, shukr a’zolar bilan ado etiladi.
  2. Shukr ne’mat yetgan paytida aytiladi. Maqtov esa, hamma xolatda ham aytilaveradi. Shu bois Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlari agar biror xursandchilik yetsa, “Alhamdulillohillaziy bine’matihi tatimmus solihat”

Deb duo qilsalar, biror balo yo ko‘ngilsizlik yetsa, “Alhamdulillahi ala kulli hal” der edilar.

Hulosa o‘rnida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Hikam ibn Umayr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadislarini  keltiramiz: Rasululloh solallohu alayhi vasallam: “Kim sizlarga bir yaxshilik qilsa, uni mukofatlasin. Biror narsa topa olmasa, uni haqqiga duo qilsin”-deganlar (Tabaroniy rivoyati).  

Yaratgan O‘zi berayotgan ne’matlarini ziyoda qilsin. Yurtimizni tinch, mustaqilligimizni abadiy aylasin!

 Jaloliddin Hamroqulov, TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Umr – bebaho va topilmas ne’matdir! (+video)

10.03.2025   7193   1 min.

Bir hadis sharhi
 

Imom Termiziy va imom Dorimiyning “Sunan”lariga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan qimirlamaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshlikda nima amal qilgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani (haqida va) olgan ilmiga qay darajada amal qilgani to‘g‘risida”, dedilar.