Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Dekabr, 2025   |   17 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:11
Quyosh
07:36
Peshin
12:20
Asr
15:13
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
08 Dekabr, 2025, 17 Jumadul soni, 1447

Farzand ota-onaga Allohning buyuk ne’matidir

22.09.2016   8575   5 min.
Farzand ota-onaga Allohning buyuk ne’matidir

Darhaqiqat, farzand ota-onaga Allohning buyuk ne’matidir. Bir parcha etlik paytidan navqiron bir inson bo‘lguncha bor mehrini fido qilib ulg‘aytiradilar. Aslida o‘shalar emasmi farzand yig‘laganda yig‘lagan, kulganida kulgan, emaklasa orqasidan yugurgan va yuksalishini tunu kun so‘raganlar?.  Ba’zan bu haqiqatlar farzand hayotida unitilgandek bo‘ladi. Yaratgan ota-onalarga farzandlarining mehrlarini solib qo‘yganki, xatto qarigan chog‘larida qo‘zlaridan nur, bellaridan mador ketganida biror narsaga suyanadigan bo‘lganlarida ham, hassaga suyanadilar. Aslida farzand ularga tirgovich, suyanchiq bo‘lishlari kerak emasmi? Ular farzandlaridan ko‘p narsa umid qilmaydilar. So‘rasalar birgina quriq jussalarini ko‘rishlikni tilaydilar xolos. Ammo farzand bu haqiqatni ko‘pda xis qila olmaydi.

Bas, shunday ekan g‘animatlarimiz bo‘lgan mehribon ota-onalarimizni hayotlik chog‘larida qadrlaylik. Qancha ularga vaqt ajratsak, shuncha ozdir.

Qur’oni karimida tartib raqami 12- bo‘lgan, 111 oyatni tashkil etgan, bitta qissani avvalidan oxirigacha, boshqa narsalarini aralashtirmay hikoya qilgan yagona sura “Yusuf surasi”dir. Bu sura musulmonlar najot izlab, Allohning O‘ziga iltijo qilishdan boshqa chorasi qolmagan, “mahzunlik yili” deb nomlangan bir paytda Payg‘ambar alayhissalom va musulmonlarga ulkan tasalli va buyuk dars sifatidan nozil qilingan. Surai karimada ko‘proq oilaviy munosabatlarga e’tibor qaratilgan.

Ulug‘ payg‘ambar yosh va go‘zal yigit Yusuf alayhissalom o‘z akalarining fitnasiga uchraydi. Akalari uni otalari Ya’qub alayhissalomdan qizg‘onib turli xilalar qilib ko‘rgani oxir oqibat haqiqat qaror topganiga guvoh bo‘lamiz. Mazkur surada

 فَلَمَّا أَنْ جَاءَ الْبَشِيرُ أَلْقَاهُ عَلَى وَجْهِهِ فَارْتَدَّ بَصِيرًا ...

Bas, xushxabarchi kelib, uni (ko‘ylakni Ya’qubning) yuziga tashlagach, u ko‘radigan bo‘lib qoldi ...(Yusuf surasi 96-oyat). Ya’qub alayhissalom farzandlari Yusuf alayhissalom firog‘ida yig‘lab ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgandi. Ya’qub alayhissalomning yuzlariga Yusuf o‘g‘illarining ko‘ylaklarini tashlaganda, Yusuf alayhissalomning hidlari urgan ko‘ylak bahona, Allohning irodasi bilan otalari Ya’qub alayhissalomning ko‘zlari ochilib, qaytadan ko‘radigan bo‘lganlar. Bu holat hech ajablanarli ish emas. Hayotning o‘zi shuni ko‘rsatadiki, farzand dog‘ida xastalikka chalingan mushfiq ota-onalar farzandlarini ko‘rganlarida yoki xabarlarini eshitganlarida Alloh taolodan darhol ularga shifo yetgan. Ilmiy baxslar ham bu ish haqiqat ekanini, kiyimda qolgan hid o‘zi suygan insonning dardiga davo bo‘lishini tasdiqladi. Endi hazrati Umar roziyallohu anhu davrlarida sodir bo‘lgan bir ta’sirli voqiani zikr qilsak.

Umar roziyallohu anhu oldilariga Kilob ibn Umayya al-Kinoniy ismli bir shijoatli yigit keldi va urishga chiqishga izn so‘radi. Umar roziyallohu anhu undan “Ey yigitcha ota-onang hayotmilar? - deb so‘radilar. “Keksa yoshli otam bor, afsuski onam vafot etganlar,”- deya javob berdi. Shunda Umar roziyallohu anhu “Otangni xizmatida bardavom bo‘l va roziligini ol!”- deb nasixat qildilar. Nasixatni olgan bola otasini xizmatida bardavom bo‘ldi. Bir necha kundan so‘ng yigitcha qaytdi va Umar roziyallohu anhuga murojaat kilib: “Ey mo‘minlarning amiri otamdan rozilik oldim”- deya xursand bo‘lib aytdi. Xalifa Kilob ibn Umayyani askarlarga qo‘shib safarga jo‘natdi. Bir oydan so‘ng xalifaga elchi keldi va: “Ey mo‘minlarning amiri, men Kilob ismli yigitni otasidan sizga maktub olib keldim” - deb qo‘llariga uzatdi. Maktubda ota Umar roziyallohu anhudan farzandini qaytarishga yolvorib so‘rayotganini va ota farzand dog‘ida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgani va og‘ir axvolda ekanligini, farzand sog‘inchi qiynayotganini bitgandi. 

Umar roziyallohu anhu tezda bir choparni chaqirib Kilobni huzuriga olib kelishga buyurdi. Umar “Ey Kilob, otangni xizmatini kanday kilgansan”-deya so‘radi. Kilob: “Nima topsam birinchi otamga so‘ng o‘zim va ahlim bilan ulashardim, nima istasalar muhayyo qilardim. Bir kecha muzdek sut ichkilari kelganini aytdilar. Sut sovuqroq bo‘lsin deya, tuyaning yeliniga muzdek suv qo‘yib sovutdim va sog‘ib otamga olib kelsam, uxlab qolibdilar, uyg‘ongunlarigacha ustilarida sut bilan kutdim. Bomdodga uyg‘ondilar va issiq sut ichkilari kelayotganini aytilar shunda tezda borib sut sog‘ib berdim”- deb aytdi. Umar roziyallohu anhu sut sog‘ib kelib, xonaga kirib o‘tirishga  buyurdi. So‘ng otasini huzuriga chaqirdi. “Ey Umayya sizni nima bezovta qilmoqda”-dedilar hazrati Umar. Kilobning otasi “Farzand sog‘inchi, bolamsiz tomog‘imdan hech narsa o‘tmayabdi”- deya javob berdi. “Unda mana bu sutni iching va kuting hozir o‘g‘lingiz kelib qoladi”- dedilar. Umayya qo‘liga kosani olganda xayqirib “O‘g‘limni qo‘lini hidi kelyabdi”-deb so‘yinib ketdi. Shu pallada o‘g‘li kirib otasini bag‘riga o‘zini bosdi.  Hazrati Umar o‘g‘ilga qarab, bor otangning hizmatini qil!- Uning rizosi Yaratgan Allohning rizosi, uni roziligi seni ikki dunyo saodatingdir-deb kuzatib qo‘ydilar.

Xulosa o‘rnida muqaddas dinimiz manbalarida, ota-onaning yuziga nazar solishning o‘zi ibodat ekani, ularga muhabbat qilish ma’naviy amal, bor molini sarflash esa, moddiy–moliyaviy amal hisoblanadi. Endi, ota-onani iqtisodiy yordamdan mahrum qilish moddiy-moliyaviy amal bo‘lsa, ularni hijronga qo‘yish ma’naviy faoliyatdir. Shunday ekan, ota-onalarimizga yaxshilik qilish, ularni roziliklarini topish, duolarini olishga astoydil bel bog‘laylik! Zotan, ular bizning jannatlarimizdir.

Jaloliddin Hamroqulov, “Novza” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi

07.12.2025   3177   5 min.
O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi

Qadrli vatandoshlar!

Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda barcha huquq va erkinliklarimiz, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, birlik va hamjihatlik, ortga qaytmas demokratik islohotlarimiz kafolati bo‘lgan Asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.

Hech shubhasiz, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri hamda yuksak xohish-irodasining ifodasi bo‘lgan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan qoida va tamoyillar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz uchun beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, yanada keng vakolat va mas’uliyatga ega bo‘lgan milliy parlamentimiz hamda ilk marta mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan saylangan raislar boshchilik qilayotgan viloyat Kengashlari, jamiyat boshqaruvida o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan mahalla instituti faoliyati misolida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekani haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning amaliy tasdig‘ini ko‘ramiz.

Ayniqsa, yangi parlamentimiz tomonidan joriy yilda sudlar faoliyati hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga oid qonunlar hamda yurtimizda do‘stlik, hamjihatlik muhitini mustahkamlash, inklyuziv jamiyat, yoshlar, xotin-qizlar masalalari, kam ta’minlangan insonlar manfaatlarini himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash bo‘yicha ko‘plab muhim qarorlar qabul qilinganini ta’kidlash lozim.

Mahalliy kengashlar ham o‘z hududlaridagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Ular tomonidan o‘tgan davrda 25 mingdan ziyod masala muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingani, mansabdor shaxslarga 14 mingga yaqin deputatlik so‘rovlari yuborilgani ham shundan dalolat beradi.

Vakillik organlarini chinakam xalq minbari, xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizning davomi sifatida 2026 yilning 1 yanvaridan tuman va shaharlarda ham hokim va Kengash raislari vazifalarini alohida ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Bir so‘z bilan aytganda, xalq hokimiyatchiligi, vakillik demokratiyasi, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarga bundan buyon ham sodiq qolib, ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimizni yanada qat’iy davom ettiramiz.

Hurmatli do‘stlar!

Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadri, aholining huquq va manfaatlarini ta’minlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan bu yilgi bayram tadbirlari orqali shu yo‘lda erishgan yutuqlarimiz chuqur tahlil qilinib, yangi va dolzarb vazifalar belgilab olinmoqda.

Keyingi vaqtda barcha soha va tarmoqlarda qo‘lga kiritayotgan natijalarimizga shu nuqtayi nazardan baho berar ekanmiz, ularning zamirida, eng avvalo, insonparvarlik va xalqparvarlik tamoyillari mujassam ekanini va ular o‘z samarasini berayotganini alohida qayd etish o‘rinlidir. Misollarga murojaat qiladigan bo‘lsak, joriy yilda aholi jon boshiga daromad 3 ming 500 dollarni tashkil etgani, maktabgacha ta’limda qamrov 78 foiz, oliy ta’limda esa 42 foizga yetgani, odamlarimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan75,1 yoshga uzaygani va boshqa raqamlarni keltirish mumkin.

Konstitutsiyamizga asosan davlat zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy majburiyatlarni bajarish hamda yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 1 million nafardan ziyod fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 6,6 foizga tushirildi.

Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini ta’minlash, mustahkam huquqiy tizim va ochiq jamiyat barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimiz dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda.

Masalan, 2025 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 19 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qayd etildi. Global innovatsiya indeksida yurtimiz Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha kuchli uchlikdan joy oldi. “S&P”, “Fitch” va “Moody's” kabi nufuzli xalqaro agentliklar tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingi oshirildi.

Nufuzli xalqaro anjuman – YUNЕSKO Bosh konferensiyasi so‘nggi 40 yil davomida birinchi marta Parijdan tashqarida, ya’ni, Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ham jahon hamjamiyati tomonidan muhim voqea sifatida e’tirof etilmoqda.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi kunda biz Konstitutsiyamizning har bir normasini davlat va jamiyat hayotida amaliy faoliyat mezoniga aylantirishimiz zarur. Ayniqsa, yoshlarimizga Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgatish, ularni konstitutsiyaviy qadriyatlar asosida yuksak ongli va vatanparvar fuqarolar, siyosiy tafakkur va huquqiy madaniyat egalari etib tarbiyalash oldimizda turgan g‘oyat muhim vazifadir.

Faqat Konstitutsiya va qonunlarimizga chuqur hurmat, puxta huquqiy bilim va amaliy tajriba asosidagina biz davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib, Vatan va xalq oldidagi farzandlik burchimizni sharaf bilan ado eta olamiz. Shundagina Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi, bunyodkorlik salohiyati amalda yanada yorqin namoyon bo‘ladi.

Barchamiz uchun milliy mustaqilligimiz, g‘urur va iftixorimiz timsoli bo‘lgan Konstitutsiyamiz sharaflanadigan ushbu quvonchli ayyom munosabati bilan sizlarni yana bir bor chin dildan tabriklayman.

Siz, aziz yurtdoshlarimga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-totuvlik va farovonlik tilayman.

Konstitutsiyamiz va barcha yutuqlarimizning ijodkori bo‘lgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

MAQOLA