Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2025   |   23 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2025, 23 Shavvol, 1446

Poytaxtimizdagi “Yakkasaroy” jome masjidi yangi binosida ilk juma namozi ado etildi

16.09.2016   1326   3 min.
Poytaxtimizdagi “Yakkasaroy” jome masjidi yangi binosida ilk juma namozi ado etildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 2014 yilning 27 avgust kuni Toshkent shahridagi “Yakkasaroy” jome masjidiga birinchi g‘ishtini qo‘yib bergan edi. Shu yilning 16 sentyabr kuni esa ushbu masjidning  yangi binosining ochilishiga tashrif buyurdilar.

Toshkent shahridagi qariyb 100 yillik tarixga ega “Yakkasaroy” jome masjidi o‘rniga ming nafar namozxonga mo‘ljallagan katta jomei barpo etildi. 23 metrga bo‘y cho‘zgan gumbazli xonaqoh devorlari, mehrob o‘ziga xos naqshlar bilan bezatilgan. Mohir xattotlar tomonidan mehrob usti va devoriga Qur’oni karim oyatlaridan hamda hadisi shariflarda vorid bo‘lgan duolar muhrlangan. Xonaqoh yonida 150 kishiga mo‘ljallangan kichik xonaqoh ham barpo etilgan. Bino gumbazining tashqari tomondan balandligi yuqorisidagi oy ramzi bo‘yi bilan 28 metrga, minoraning balandligi esa 31.5 metrni tashkil etadi. Xonaqohga uchta sharqona uslubda ko‘tarilgan arka orqali kiriladi.

Tahoratxona binosi ham sharqona uslubda bezatilgan bo‘lib, bobolarimizning suv ishlatish borasidagi purhikmat baytlari yozilgan.  Shuningdek, masjid hovlisida namoz saflari to‘g‘ri olinishiga yordam beruvchi chiziqlar yotqizilgan.

Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin” (Tavba, 18).          Demak, masjidlarni obod qilish, ularni ta’mirlash yuksak imon va mustahkam e’tiqod ko‘rinishidir. Shukrlar bo‘lsinki, istiqlol yillarida bu kabi xayrli ishlar ko‘plab amalga oshirilmoqda. “Yakkasaroy” jome masjidi xalqimizga xos bo‘lgan azaliy an’ana  hashar yo‘li bilan qurib bitkazildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bu xayrli ishda ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha insonlarga o‘z minnatdorchlik bildirdilar. Shundan so‘ng Muftiy hazratlari mav’iza qildi va juma namozini o‘qib berdi.

Muftiy hazratlari istiqlol yillarida qilingan buyuk ishlar haqida so‘zlar ekan, talabalik yillaridagi shu masjid bilan bog‘liq ibratli voqealarni esga oldi. Xayr-saxovatning fazilati va Allohning baytiga xizmat qilishdek baxt nasib etganiga shukr bildirdi. Masjid qurilishida ishtirok etgan barcha hasharchilarga va shu kabi xayrli ishlarda doimo bosh-qosh bo‘lgan O‘zbekistonning birinchi Prezidenti marhum Islom Karimov haqiga xayrli duolar qildi.

 

O‘MI Masjidlar bo‘limi

 

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar

Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy: hayoti va ilmiy merosi

21.04.2025   1432   4 min.
Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy: hayoti va ilmiy merosi

Islom ilmlarining taraqqiyotida hadis ilmi juda ham muhim o‘rin tutadi. Bu ilm nafaqat shariat asoslarining sahih manbalar orqali yetkazilishi, balki musulmon ummatining aqidaviy, fiqhiy va axloqiy asoslarini to‘g‘ri anglab olishda ham muhim ro‘l o‘ynaydi.

Xususan, hadis ilmidagi eng yirik va ishonchli manbalardan biri bo‘lgan Imom Buxoriy rahmatullohi alayhining “Sahih al-Buxoriy” asari bo‘lib, minglab ulamolar tarafidan bu kitob o‘rganilib, unga turli mazmun va uslublarda sharhlar yozganlar. Ana shunday sharhlovchi ulamolardan biri sifatida Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriyning nomlari alohida e’tiborga loyiqdir.

Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy, ba’zi manbalarda esa bu zotning ismlari Muhammad ibn Ya’qub ibn Ali al-Banoniy shaklida ham uchraydi. Bu zotning qachon tug‘ulganlari borasida manbalarda aniq ma’lumolar ko‘rsatilmagan bo‘lsada, hijriy 1098 yilda vafot etganlari ochiq bayon qilingan.

Ya’qub al-Banoniy Hindistonning ilmiy markazlaridan biri bo‘lmish Lohur shahrida tavallud topganlar va butun umrlarini shu yerda ilmga xizmat qilishga bag‘ishlaganlar.

Ya’qub al-Banoniy mashhur muhaddis, faqih, mufassir va bir qancha ilmlarda yirik hanafiy olimlardan hisoblanadilar.

“Nuzhat al-Xavotir” asarining muallifi shayx Ya’qub Al-Banoniyning tarjimayi holini bayon qilib aytadilarki: “U zot olim, muhaddis Mavlono Ya’qub Al-Banoniy Al-Lohuriy, Lohur shahrida tug‘ilib, voyaga yetganlar. O‘z zamonasidagi yetuk olimlardan tahsil olganlar va ko‘plab ilmlarda, xususan hadis, fiqh va boshqa bir qancha ilmlarni puxta egallagan mashhur olimlardan biri bo‘lganlar”, deb ta’riflaydilar.

Bu zotning ustozlari haqida aniq ma’lumotlar uchramasada, eng yirik shogirdlari fazilatli shayx Muhammad G‘ovs ibn Abu al-Xoyr ibn Abu al-Mag‘far ibn Abdussalom al-Hanafiydir. U ilmli shayxlar oilasidan bo‘lib, hijriy 1056 yilda tug‘ilgan. U hadis ilmini shayx Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriydan o‘rgangan.

Ya’qub al-Banoniy hadis ilmda ham chuqur bilim egasi sifatida tanilgan olimlardandir. U zotning eng mashhur asari “Al-xoyr al-Joriy fi Sharhi sahih Al-Buxoriy” bo‘lib, bu asar imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” kitobiga yozilgan muhim sharhlardan biri hisoblanadi.

Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy ilmiy maqom va martaba jihatidan yuksak mavqega ega bo‘lgan olimlardandir. Manbalarda u zot bir qancha asarlarning muallifi ekani qayd etilgan. Quyida ularning ba’zilarini keltirib o‘tamiz:

  1. “Al-Xoyr al-Joriy fi sharhi Sahih al-Buxoriy”;
  2. “Al-Mu’allim fi sharhi Sahih al-Imom Muslim”;
  3. “Al-Musaffa fi sharhi al-Muvatto”;
  4. “Sharh a’la Tahziyb al-Kalam” va “Sharh a’la al-Husamiy” kabi yirik sharhlar shular jumlasidan.

Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy hijriy 1098 yilda vafot etganlari qayd etilgan.

Shuningdek, qo‘lyozma nusxasining ko‘chirilgani ham bu sanani tasdiqlaydi. “Nuzhat al-Xavotir” kitobi muallifi ham uning 1098 hijriy yilda vafot etganini ta’kidlab bunday yozadi: “U hijriy bir ming to‘qson sakkizinchi yilda vafot etdi. Bu sanani muftiy Valiyyulloh al-Farhobodiy o‘z ta’liqlaridan birida ochiq bayon qilgan”.

Bu zot Hindistonning Dehli shahrida vafot etganlar va o‘z uylariga dafn etilganlar.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy o‘z davrining yirik allomalaridan biri bo‘lib, hadis, fiqh, tafsir kabi ilmlarda chuqur bilmga ega bo‘lgan zotlardan sanaladilar. U zotning ilmiy, ma’naviy merosi Hindiston mintaqasidagi islomiy ilmiy taraqqiyotga katta ta’sir ko‘rsatgan va ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi kunda ham u zotning qoldirga ilmiy meroslari tadqiqotchilar uchun ham bebaho manba bo‘lib xizmat qilmoqda.


Muhammad Umar Muhammadjonov,
Toshkent Islom instituti talabasi.