O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 2014 yilning 27 avgust kuni Toshkent shahridagi “Yakkasaroy” jome masjidiga birinchi g‘ishtini qo‘yib bergan edi. Shu yilning 16 sentyabr kuni esa ushbu masjidning yangi binosining ochilishiga tashrif buyurdilar.
Toshkent shahridagi qariyb 100 yillik tarixga ega “Yakkasaroy” jome masjidi o‘rniga ming nafar namozxonga mo‘ljallagan katta jomei barpo etildi. 23 metrga bo‘y cho‘zgan gumbazli xonaqoh devorlari, mehrob o‘ziga xos naqshlar bilan bezatilgan. Mohir xattotlar tomonidan mehrob usti va devoriga Qur’oni karim oyatlaridan hamda hadisi shariflarda vorid bo‘lgan duolar muhrlangan. Xonaqoh yonida 150 kishiga mo‘ljallangan kichik xonaqoh ham barpo etilgan. Bino gumbazining tashqari tomondan balandligi yuqorisidagi oy ramzi bo‘yi bilan 28 metrga, minoraning balandligi esa 31.5 metrni tashkil etadi. Xonaqohga uchta sharqona uslubda ko‘tarilgan arka orqali kiriladi.
Tahoratxona binosi ham sharqona uslubda bezatilgan bo‘lib, bobolarimizning suv ishlatish borasidagi purhikmat baytlari yozilgan. Shuningdek, masjid hovlisida namoz saflari to‘g‘ri olinishiga yordam beruvchi chiziqlar yotqizilgan.
Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin” (Tavba, 18). Demak, masjidlarni obod qilish, ularni ta’mirlash yuksak imon va mustahkam e’tiqod ko‘rinishidir. Shukrlar bo‘lsinki, istiqlol yillarida bu kabi xayrli ishlar ko‘plab amalga oshirilmoqda. “Yakkasaroy” jome masjidi xalqimizga xos bo‘lgan azaliy an’ana hashar yo‘li bilan qurib bitkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bu xayrli ishda ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha insonlarga o‘z minnatdorchlik bildirdilar. Shundan so‘ng Muftiy hazratlari mav’iza qildi va juma namozini o‘qib berdi.
Muftiy hazratlari istiqlol yillarida qilingan buyuk ishlar haqida so‘zlar ekan, talabalik yillaridagi shu masjid bilan bog‘liq ibratli voqealarni esga oldi. Xayr-saxovatning fazilati va Allohning baytiga xizmat qilishdek baxt nasib etganiga shukr bildirdi. Masjid qurilishida ishtirok etgan barcha hasharchilarga va shu kabi xayrli ishlarda doimo bosh-qosh bo‘lgan O‘zbekistonning birinchi Prezidenti marhum Islom Karimov haqiga xayrli duolar qildi.
O‘MI Masjidlar bo‘limi
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta Alloh taolo rizqlaringizni taqsimlaganidek, xulqlaringizni ham taqsimlagan. Alloh taolo dunyoni yaxshi ko‘rgan va yaxshi ko‘rmagan bandasiga ham beraveradi. Ammo dinni faqat O‘zining suygan bandasiga beradi. Kimga dinni ato etgan bo‘lsa, batahqiq uni yaxshi ko‘ribdi", dedilar.