Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyul, 2025   |   14 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
09 Iyul, 2025, 14 Muharram, 1447

Vatanga muhabbat – nozik tuyg‘u

16.09.2016   4977   4 min.
Vatanga muhabbat – nozik tuyg‘u

Inson ega bo‘lgan narsalar ichida eng bebahosi – dini va Vatanidir. Biror inson yo‘qki, Vatanini ulug‘lamasa. Chunki Vatan uning kindik qoni to‘kilgan, go‘daklik chog‘i o‘tgan, ilk qadamlarini qo‘ygan, yoshlik, keksalik  davrlarini surgan, xotiralari muhrlangan, ota-bobolarining yurti, farzandu nabiralari ulg‘aygan zamindir!

Mitti chumolini ko‘ring, rizq talabida qancha joylarga boradi, tepaliklarga qiynalib chiqadi. Bu ham o‘z iniga – Vataniga qaytadi.

Ba’zi hayvonlar asl Vatanidan boshqa joyga ko‘chirilsa nobud bo‘lib qoladi. Ko‘ryapsizmi, hamma hazrati insondan tortib mayda hasharotlargacha o‘z Vatanini sevadilar. Demak, bu mavjudotlardagi Allohning odati, chiqargan qonuni! Uni inson fitratiga Alloh solib qo‘ydi. Bo‘lmasa harorati oltmishga yetadigan issiq joylarda yoki harorat noldan past bo‘lgan shimoliy qutblarda yoxud o‘rmonlarda, har kun hayot uchun xavfli yerlarda ularni yashashga nima majbur qiladi?! Ularni bunga undagan narsa faqatgina Vatanlariga bo‘lgan muhabbatdir.

Insonning Vatani oldida bir necha haq va vazifalari bor. Ularning eng muhimlari uchta:

  • o‘z Vataniga chin muhabbat qo‘yish;
  • Vatanini obod etish. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo‘ydi  (Hud, 61).

  • Vatanda fasod va buzg‘unchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lmaslik. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

Va isloh qilingandan keyin yer yuzida fasod qilmang (A’rof,56). 

 Hamasr olimlardan shayx Muhammad G‘azzoliy (rahmatullohi alayh) Vatan haqida oz va soz, zarhal harflar bilan yozib qo‘yadigan juda go‘zal  ta’rif aytgan:

“Bashariyat o‘z yerini undagi narsalari bilan, garchi u hech kim yashamaydigan cho‘l bo‘lsa ham yaxshi ko‘raveradi. Muhabbati yurakka singigan, inson unda bo‘lganda xotirjam, yiroq ketganda talpinadigan, hujum qilinganda asraydigan, kamsitilganda g‘azablanadigan makon Vatandir”.

Shayx Muhammad G‘azzoliy (rahmatullohi alayh) aytganlarini biroz sharhlaylik.

Bu tuyg‘u – muhabbatni inson o‘zidan o‘zi paydo qilgan emas. Uni bandasi qalbiga solgan, qon-qoniga, jon-joniga singdirib qo‘ygan, yaratishda muhabbati ila qorib yaratgan zot uning Xoliqidir. Demak, bu ilohiy tuyg‘udir. Qalbga muhabbatni Alloh solganidan keyin garchi u hech kim yashamaydigan cho‘l bo‘lsa ham uni yaxshi ko‘raveradi. Imkoniyatlarni chegaralanganligi, rizqining tangligi va sharoitning torligiga e’tibor bermaydi, undan shikoyat ham qilmaydi. Chunki Laylining haqiqiy jamolini ko‘raman deganlar unga Majnunning ko‘zi bilan qaramog‘i kerak!

Haqiqatda inson qiynalsa-da o‘z Vatanida boshqa joyga qaraganda xotirjam, hur yashaydi. “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha, o‘z yurtingda gado bo‘l”, hikmati ham bejiz aytilmagan. Kambag‘al inson o‘z yurtida podshohlar kabi hayot kechiradi. Hikmatlarda: “Kishining rizqi o‘z vatanida bo‘lishi saodatdir”, deyilgan.

Imom Shofe’iy (rahmatullohi alayh): “Insonning xoru zor bo‘lishi uchun Vatani va yaqinlaridan ayrilishning o‘zi kifoya!”, degan.

Vatanni-ku qo‘ying, inson o‘ziga tegishli bir qarich yerni ham birovga bergisi kelmaydi. Mo‘min-musumon  Vatani sarhadlariga hujum qilinganini ko‘rsa, himoyaga shaylanadi. Kerak bo‘lsa, uning yo‘lida jonini qurbon qiladi. Yovga Vatanning bir hovuch tuprog‘ini ham berib qo‘ymaydi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Vataningizni seving, uni ardoqlang. Vatan oldidagi burch va majburiyatlaringizni chin dildan ado eting. Zero, Vatanga muhabbat qo‘yish Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan meros qolgandir.

                                                                  

Ravshanbek O‘RINBOYEV,

Andijon shahar “Hazrati Bilol” jome

                                                     masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yangi kun qachondan boshlanadi?

09.07.2025   693   1 min.
Yangi kun qachondan boshlanadi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi? 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.

Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.

Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.