Inson ega bo‘lgan narsalar ichida eng bebahosi – dini va Vatanidir. Biror inson yo‘qki, Vatanini ulug‘lamasa. Chunki Vatan uning kindik qoni to‘kilgan, go‘daklik chog‘i o‘tgan, ilk qadamlarini qo‘ygan, yoshlik, keksalik davrlarini surgan, xotiralari muhrlangan, ota-bobolarining yurti, farzandu nabiralari ulg‘aygan zamindir!
Mitti chumolini ko‘ring, rizq talabida qancha joylarga boradi, tepaliklarga qiynalib chiqadi. Bu ham o‘z iniga – Vataniga qaytadi.
Ba’zi hayvonlar asl Vatanidan boshqa joyga ko‘chirilsa nobud bo‘lib qoladi. Ko‘ryapsizmi, hamma hazrati insondan tortib mayda hasharotlargacha o‘z Vatanini sevadilar. Demak, bu mavjudotlardagi Allohning odati, chiqargan qonuni! Uni inson fitratiga Alloh solib qo‘ydi. Bo‘lmasa harorati oltmishga yetadigan issiq joylarda yoki harorat noldan past bo‘lgan shimoliy qutblarda yoxud o‘rmonlarda, har kun hayot uchun xavfli yerlarda ularni yashashga nima majbur qiladi?! Ularni bunga undagan narsa faqatgina Vatanlariga bo‘lgan muhabbatdir.
Insonning Vatani oldida bir necha haq va vazifalari bor. Ularning eng muhimlari uchta:
“U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo‘ydi” (Hud, 61).
“Va isloh qilingandan keyin yer yuzida fasod qilmang (A’rof,56).
Hamasr olimlardan shayx Muhammad G‘azzoliy (rahmatullohi alayh) Vatan haqida oz va soz, zarhal harflar bilan yozib qo‘yadigan juda go‘zal ta’rif aytgan:
“Bashariyat o‘z yerini undagi narsalari bilan, garchi u hech kim yashamaydigan cho‘l bo‘lsa ham yaxshi ko‘raveradi. Muhabbati yurakka singigan, inson unda bo‘lganda xotirjam, yiroq ketganda talpinadigan, hujum qilinganda asraydigan, kamsitilganda g‘azablanadigan makon Vatandir”.
Shayx Muhammad G‘azzoliy (rahmatullohi alayh) aytganlarini biroz sharhlaylik.
Bu tuyg‘u – muhabbatni inson o‘zidan o‘zi paydo qilgan emas. Uni bandasi qalbiga solgan, qon-qoniga, jon-joniga singdirib qo‘ygan, yaratishda muhabbati ila qorib yaratgan zot uning Xoliqidir. Demak, bu ilohiy tuyg‘udir. Qalbga muhabbatni Alloh solganidan keyin garchi u hech kim yashamaydigan cho‘l bo‘lsa ham uni yaxshi ko‘raveradi. Imkoniyatlarni chegaralanganligi, rizqining tangligi va sharoitning torligiga e’tibor bermaydi, undan shikoyat ham qilmaydi. Chunki Laylining haqiqiy jamolini ko‘raman deganlar unga Majnunning ko‘zi bilan qaramog‘i kerak!
Haqiqatda inson qiynalsa-da o‘z Vatanida boshqa joyga qaraganda xotirjam, hur yashaydi. “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha, o‘z yurtingda gado bo‘l”, hikmati ham bejiz aytilmagan. Kambag‘al inson o‘z yurtida podshohlar kabi hayot kechiradi. Hikmatlarda: “Kishining rizqi o‘z vatanida bo‘lishi saodatdir”, deyilgan.
Imom Shofe’iy (rahmatullohi alayh): “Insonning xoru zor bo‘lishi uchun Vatani va yaqinlaridan ayrilishning o‘zi kifoya!”, degan.
Vatanni-ku qo‘ying, inson o‘ziga tegishli bir qarich yerni ham birovga bergisi kelmaydi. Mo‘min-musumon Vatani sarhadlariga hujum qilinganini ko‘rsa, himoyaga shaylanadi. Kerak bo‘lsa, uning yo‘lida jonini qurbon qiladi. Yovga Vatanning bir hovuch tuprog‘ini ham berib qo‘ymaydi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Vataningizni seving, uni ardoqlang. Vatan oldidagi burch va majburiyatlaringizni chin dildan ado eting. Zero, Vatanga muhabbat qo‘yish Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan meros qolgandir.
Ravshanbek O‘RINBOYEV,
Andijon shahar “Hazrati Bilol” jome
masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati