Ilm- hamma narsa uning ustiga bino qilinadigan va har bir narsaning asosi hisoblanadi. Dinimiz islom ilm dinidir. Biror bir din yoki ta’limot muqaddas islom dinichalik insonlarni ilmga qiziqtirgan emas. Zero, musulmonlarning ilmga targ‘ib qilganini birgina ilk nozil bo‘lgan oyatning o‘zidan bilib olish qiyin emas. Alloh taolo marhamat qiladi:
اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ
O‘qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan! (Alaq surasi, 1-oyat).
Yaratgan bandalariga bergan ne’matlari ichida birgina ne’mat ziyodasi bilan berilishi so‘raladi. U ham bo‘lsa ilmdir. Zotan buyuk Robbimiz shunday ta’lim beradi:
وَقُلْ رَبِّ زِدْنِي عِلْمًا...
“...va ayting: Ey, Rabbim! Menga ilmni ziyoda et!” (Toha surasi, 114-oyat).
Oyati karimadagi buyruq payg‘ambar alayhissalomga bo‘lsada, biz ummatlariga ham umumiy hisoblanadi. Demak, barcha inson ilmga muxtojdir. Zero, payg‘ambarlar ilmga extiyojli bo‘lsalar va uni ziyodasi zarur bo‘lsa, boshqalarga baqadri avloku, ilmga muxtojlik va ziyodasi?
Ilm xosil qilishda avval niyatni xolis qilmoq zarur. Qolaversa, ilm taxsil qilishda mashaqqatlarga sabr va matonat talab qilinadi. “Oson kelgan narsa, oson ketadi”- degan gap bor. Imom Buxoriy rohmatulloh alayh ilm kitobini ilmni fazilatlaridan boshlaganlari bejizga emas albatta. Chunki, ilm olish o‘ziga yarasha mashaqqatni talab qiladi. Shuning uchun islom dinimizda ilm olishga alohida e’tibor qaratilgan. Unga beriladigan savob va darajalar juda ham yuksak ekanini ko‘ramiz.
Darhaqiqat, har bir insonning tabiatida zulm va johillikka moillik bor. Faqat, Alloh taolo kimga adolatni ato qilgan bo‘lsa, u bilan zulmni ketkazadi. Kimga foydali ilm ato qilgan bo‘lsa, u bilan jaholatni yengib o‘tadi.
Ulamolarimiz: “mol-davlat, hol-axvol va sihhat-salomatlik bobida o‘zingdan ko‘ra pastroq, din, ilm va fazilatda o‘zingdan ko‘ra yuqoriroq kishilarga boq”- deyishadi. Zero, kim fazilat egasiga havas qilsa, unga ergashsa albatta, yaxshilik, sadoqat, sabr, vafo, omonat, rostgo‘ylik, halimlik, sahiylik qo‘yinki barcha go‘zal insoniy fazilatlarga ega bo‘ladi. Aksincha, kim obro‘, mol va lazzatlar ketidan chopsa, adovat va yomon fe’lli insonga aylanadi.
Ilm o‘z sohibini ulug‘ darajalarga ko‘taradi. Alloh taolo marhamat qiladi:
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ...
...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir. (Mujodala surasi, 11-oyat).
Ilm va olimlarning fazilatlari, ikki dunyoda erishadigan daraja va martabalariga doir hadislar ham juda ko‘p uchraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan olim kishining bir kunlik ibodati ilmsiz obidning qirq yillik ibodatiga teng ekani, qiyomatda shafoat qilishi, agar u ta’lim ham bersa, Yer va osmonlardagi barcha jonzot Allohdan unga mag‘firat so‘rashi va boshqa ko‘p bashoratlar sahih hadislar orqali rivoyat qilingan.
Sulaymon alayhissalomga Alloh taolo ilm, boylik va podshohlikdan birini tanlashni buyurganida u ilmni tanlaydi. Ilmning sharofatidan unga boylik va podshohlikni ham qo‘shib beradi.
Ali karramallohu vajhahu: ”Ilm ahli emasligini da’vo qilish ilmdagi sharafga ega ekaniga kifoya qiladi. O‘zida yo‘q ekanini tan olmaslik orlik keltiruvchi johil ekaniga kifoya qiladi”-degan edi. Ilm ahli bo‘lmagan kishi ilmni da’vo qilganida ilm o‘z egasiga sharaf bo‘lishga kifoyadir. Shuningdek, johillik ordir. Agar Abu Jahlga yo‘lda yo‘liqib qolib, ey johil desangiz, uni g‘azabdan yuzi qizarib ketardi. Vaxolanki, u nafaqat johil, balki “johillarning otasi” edi. Johil deb sifatlanish juda-juda achchiq va uyat bo‘lganidan u johil degan so‘zni inkor etadi. Shu bois, har bir inson sharaf bo‘lganidan agar chandiki unga to‘la qonli haqli bo‘lmasa ham dunyoda ilmlarni qaysidir birini o‘ziga nisbat beradi. Zotan, ilm o‘z egasini dunyoda ham, oxiratda ham martabasini baland qiladi.
Shuni aloxida ta’kidlash lozimki, oyat va hadislarda aytilgan ilmdan murod hamma foydali ilmlarni o‘z ichiga oladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilm olishga qiziqtirib bunday deganlar:”... Kim ilm talab qilish yo‘liga tushsa, Alloh unga jannatning yo‘lini yengillashtiradi...”(Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Demak, dinimiz ilm talab qilishni har bir musulmonga beshikdan qabrgacha farz qilganini unitmaylik. Bir harf, bir so‘z, bir jumla bo‘lsa ham o‘rganib, unga amal qilishga kirishaylik. Oila a’zolarimiz, bolalarimizni ham ilmga qiziqtiraylik. Ilm o‘rganayotgan yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlaylik hamda ularga dalda bo‘lib, o‘zlari tanlagan yo‘l qanchalar ulug‘ ekanini tushuntiraylik.
Bugun yurtimizda axoliga xususan yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar taxsinga loyiq. Ayniqsa, yoshlarimiz har taraflama yetuk va barkamol avlod bo‘lishlariga barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Bu yaratilgan sharoitlardan unimli foydalanib, yurtimiz ravnaqiga o‘zini salmoqli xissasini qo‘shadigan ilm va kasb egasi bo‘lishga xarakat qilish ham qarzimiz ham farzimizdir. Zero, bu aziz Vatan ilm darg‘alarini dunyoga yetkazib bergan muqaddas zamindir. Biz o‘z ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishga intilaylik.
Yangi boshlangan o‘quv yili barchamizga muborak bo‘lsin!
Jaloliddin Hamroqulov,
TII Tahfizul Qur’on kafedrasi mudiri, "Novza" jome masjidi imom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo‘lib kamolga yetishlariga uyda ota-onalar, o‘quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni ilm-ma’rifatga oshno qilishdan hech kim chetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, deb bejizga aytmagan.
Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Boshqa burchlar ba’zi ishlarni qilish yoki mulkni sarflash bilan oxiriga yetadi. Ammo tarbiya mas’uliyati bardavom bo‘ladi. Zotan, ota‑onaning farzand ne’matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya mas’uliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne’matni ne’mat beruvchi zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi. Binobarin, farzand ne’matiga amaliy shukr qilish o‘sha farzandni Alloh taologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash bilan yuzaga chiqadi. Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni qanchalar katta ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridan bilib olamiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?» dedilar.
So‘ngra Abu Hurayra roziyallohu anhu «Agar xohlasangiz: «(Bu) Alloh odamlarni yaratgan asl fitratdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Ushbu to‘g‘ri dindir», degan oyatni o‘qing», der edi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
Ushbu muborak hadisi sharifda Alloh taolo insonlarni yaratish paytida sof tabiat bilan yaratsa ham, keyinchalik insonlar, xususan, ota-ona tarbiyasi sababli bu soflikka futur yetishi, uning buzilishi haqida so‘z ketmoqda.
“Fitrat” sof tabiat, dinni to‘g‘ri qabul qilishga bo‘lgan qobiliyat deganidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dunyoda tug‘iladigan har bir bola sof tabiat bilan, Alloh taoloning dinini qabul qilish qobiliyati bilan tug‘ilishi haqida xabar bermoqdalar.
Demak, Alloh taolo hech kimni avvaldan sen yahudiy bo‘lasan, sen nasroniy bo‘lasan, sen majusiy bo‘lasan, deb majbur qilmaydi. Odamlarning turli dinga mansub bo‘lishiga sabab bor:
«Bas, ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qiladi».
Ya’ni, ota-onalar bolalarini o‘z dinlarida tarbiyalashlari oqibatida bolalarning sof tabiati buzilib, yahudiy, nasroniy va majusiy bo‘lib qoladilar.
Shu joyda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu ma’noni to‘liqroq tushuntirish maqsadida sahobai kiromlarga hissiy bir misol keltirmoqdalar.
«Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?».
Ya’ni har bir hayvon bolasi onasidan bus-butun tug‘iladi. Birortasining qulog‘i yoki burni kesilmagan bo‘ladi. Ammo, egalari belgi qo‘yish maqsadida va yana boshqa niyatda ularning quloqlarini, burunlarini kesadilar va hokazo. Shunga o‘xshab, inson ham onadan sof tabiat bilan tug‘iladi, u yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onasining tarbiyasi tufayli yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘ladi.
Alloh taolo bu dunyodagi narsalarni sababiyat qonuni ila bir-biriga bog‘lab qo‘ygan. Och inson taom yemasa, qorni to‘ymaydi. Ota-ona qo‘shilmasa, bola tug‘ilmaydi. Xuddi shuningdek, tarbiya bo‘lmasa, inson tarbiya ko‘rgan bo‘lib voyaga yetmaydi. Shuning uchun ham Islomda bola tarbiyasiga alohida e’tibor beriladi.
Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: “Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan: “Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” Chunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. Shuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.
Ikkinchidan: “Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur’oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.
Uchinchidan: “Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.
Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollalloxu alayxi vasallam aytdilar: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan ko‘ra afzal narsa bera olmaydi”.
Albatta, farzand ilmli va odobli bo‘lsa ota–ona hurmatini va haq-huquqlarini yaxshi ado qiladi. Oilada yaxshi tarbiya topgan farzand yaxshi va yomonni farqlay oladi. Qaysi oilada, qaysi mahallada yoshlar tarbiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla, o‘sha yurt gullab yashnaydi. Bu esa jamiyatning ravnaq topishiga olib keladi.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.