Mana, bir necha kundirki, og‘ir musibatdan o‘zbek xalqi o‘ziga kela olayotgani yo‘q. Bunday judolikni nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati his etyapti. Yaqin o‘tmishda O‘zbekiston deya atalguvchi qaddi bukilgan, sha’ni tahqirlangan muqaddas zaminni qayta oyoqqa turgazgan, turgazganda ham sarbaland maqomda, o‘zligi, e’tiqodi, jasoratini tarannum etgan millat xaloskori Rafiqi a’loga yo‘l oldi. E’tirof etilganidek, Islom Karimov qaysi lavozimda, qaysi vazifada faolyait olib bormasin doimo vatan taqdiri, yurt qayg‘usi bilan yashadi. Yurtdoshlarimiz 25 yillik hayoti davomida barcha erishgan yutuqlari, saodatli onlarini bevosita u kishining nomi bilan bog‘laydi. Bir oqil rahbar bo‘lsa shu insonchalik bo‘lar... O‘tgan asrning 80 yillariga kelib, har tomonlama qoloq mamlakatga aylangan, bir yoqlamali tizimga asoslangan iqtisodiy nochor ahvolga kelib qolgan davlatni tarixan qisqa davr ichida tenglar ichra teng yurtga aylantirib, barqaror o‘sish sur’atlariga erishtirish uchun qancha zahmatlar, qanchadan-qancha matonat, chidam, sabr, bardosh kerak bo‘larkin...Zero, bunday darajalarga birdan erishib qolganimiz yo‘q. Azizlar, bugun ko‘zlarda yosh bilan nazar tashlaylik yurtimiz qudratiga: qaysi soha, qaysib bir tarmoq, yo‘nalish rivoj topmay qolib ketdi? Hech qaysi! Alloh taolo yurt egasining tinimsiz harakatlari, shijoatlari evaziga uning yo‘lini ochishi bilan diyorga O‘z rahmatlari, barakotlarini yog‘dirdi. Ne’matlar ketidan ne’matlar kela boshladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Inson vafot etgach amallari to‘xtaydi. Faqat unga uch narsadan savob yetib turadi: sadaqai joriya (savobi davomli yaxshi ish), foydali ilm, uning haqiga duo qiluvchi solih farzand”, deya marhamat qilgan muborak hadislarini yaxshi bilamiz. Yurtboshimizning bevosita tashabbuslari bilan xalqimiz uchun bunyod etilgan minglab inshootlarni ta’riflash shart emas.
Toshkent shahrining betakror me’moriy mo‘jizasi bo‘lib barpo etilgan “Minor” masjidi ochilishidagi u kishinigng so‘zlari hamon qulog‘imiz ostida jaranglaydi: “Avvalo bunday ibodat uylari xalqimiz uchun. Mard va jasur, turli og‘ir zamonlarda matonat va chidamlik ko‘rsatgan xalqimiz uchun! O‘zbekistonimizning jahon darajasida e’tirof etilayotgan turli yo‘nalishlardagi yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani, iqtisodiyotimizning o‘sib borishi, xalqimizning tobora hayot darajasi, hayot sifatining o‘sib borishi, eng muhimi kishilar bugungi tinch osuda hayotidan rozi bo‘lib yashayotganligining sababi-Allohning marhamatidir. Tangrimiz bizni O‘zi asramoqda, O‘zi yo‘limizni ochib bermoqda!”
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq, buyuk allomalarimiz, muhaddisu, faqih ulamolarimiz ilmiy meroslarini tadqiq etish, yosh avlodni ajdodlarimizning boy ma’naviy bilimlari asosida tarbiyalashga yurtboshimiz rahnamoligida alohida e’tibor qaratildi. “Ma’naviyati yuksak xalqni yengib bo‘lmaydi", deya aytgan so‘zlari dolzarbligi bugun yanada ravshan bo‘lmoqda. Qolaversa, U kishining adabiyot, ma’naviyat, iqtisod, siyosat,jamiyat, tilshunoslik va boshqa fanlarga metodoliya bo‘lib xizmat qiluvchi asarlari manfaatli ilmni ifodalab beradi.
Ortlarida qolgan farzandlar... Butun o‘zbek xalqi farzandlari... “O‘zbekistonda unib o‘sayotgan har bir farzand mening farzandim”, deya yoshlarga alohida g‘amho‘rlik ko‘rsatar edilar. Bugun ana shu farzandlar ko‘zlarda yosh, qalblarda ayriliq firog‘i bilan u kishininig ortlaridan duolar qilmoqda, xatmi Qur’onlar o‘qib bag‘ishlamoqda. Alloh taolo ana shu oyati karimalar, qilingan barcha ezgu amallar barakotlaridan farovon hayotimiz, nurli istiqlolimiz asoschisi Prezidentimiz qabrlarini nurlarga to‘ldirsin!
Albatta, Alloh taqdiriga itoat etamiz, foniy dunyo haqiqatiga taslim bo‘lamiz. Buyuklar vafot topsa ham, hamon biz bilan hamnafas yashayotgandek tuyulaveradi. Ularning yo‘qligiga ishongisi kelmaydi kishining. Sababi ular hayotlarida bajargan ulkan ishlari bilan, qalblarga o‘rnashgan muhabbatlari bilan bir zumda yo‘q bo‘la olmaydilar. Balki, zamonlar osha avlodlarni o‘zlarining amaliy,ma’naviy jasoratlari bilan faxrlantirib keladilar! Alloh taolo Qur’oni Majidda marhamat qilganidek:
هَلْ جَزَاءُ الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَان
Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ezgulikdir. (Ar Rahmon,60)
Yurtboshimizning farovon hayotimiz uchun amalga oshirgan barcha xayrli ishlari mukofotini oxiratda Yaratganimiz o‘ziga ma’lum bo‘lgan adaddagi ajrlar ila mukofotlasin! Bu og‘ir damlarda xalqimizga Alloh chiroylik sabr bersin.
Anvar qori Tursunov
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun – Yoshlar kuni.
Avvalo, shuni aytmoqchiman: Ey yoshlar, sizlar naqadar baxtlisiz!
Sizlar ilm olish uchun eshiklari ochiq bo‘lgan yurtda yashayapsiz. Ilm olishni istasangiz, kasb-hunar o‘rganishni istasangiz ham, oliy ta’lim olishni istasangiz ham imkoniyatlar bor. Ota-onangiz tinch osmon ostida sizning kamolingizni orzu qilib yashayapti.
Bu ne’matlarning qadriga yeting.
Har bir ne’matning shukri bo‘ladi. Yoshligingizning shukri – uni Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lda sarflashdir.
Alloh taolo aytadi: “Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152-oyat).
Aziz yoshlar!
Bugun dunyo siz uchun kurashmoqda. Ammo bu kurash qurol bilan emas, qalbingiz uchun kurashdir.
Bir tomonda muallim ustozlaringiz chaqiradi.
Ikkinchi tomonda nafs chaqiradi.
Bir tomonda ota-onaning duosi.
Ikkinchi tomonda internetdagi noma’lum odamlarning chaqiriqlari.
Bir tomonda yurtimiz ulamolari.
Ikkinchi tomonda o‘zini “haqiqat tarafdori” deb ko‘rsatadigan, ammo aslida yoshlarni fitna, g‘azab va adovat sari yetaklaydigan buzg‘unchi oqimlar.
Ular sizga: “Faqat biz haqmiz”, deydi.
Ammo ularning ortidan borgan qancha yoshlar ota-onasidan, ilmidan, yurtidan ayrildi, eng achinarlisi esa, xotirjamligini ham yo‘qotdi. Ular baxt izlab chiqib, baxtini yo‘qotdi.
Islom esa, insonni ota-onasiga mehribon, yurtiga foydali, ilmga tashna, odobli va rahmli bo‘lishga chaqiradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ikki ne’mat borki, odamlarning ko‘pi ularning qadriga yetmaydi: sog‘liq va bo‘sh vaqt” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yoshlik ham mana shu ikki ne’matning eng go‘zal davridir.
Bugun telefoningizda birgina tugma bilan dunyoning har xil fikrlari kirib keladi.
Ammo unutmang...
Har ko‘p kuzatiladigan odam haq bo‘lavermaydi.
Har chiroyli gap jannatga olib bormaydi.
Ba’zan eng xavfli zahar eng shirin idishda bo‘ladi.
Shayton ham hech qachon insonni: “Kel, gunoh qil”, deb boshlamaydi. Avval: “Faqat bitta video ko‘r”, deydi. Keyin: “Faqat bitta shubhali sahifani o‘qib ko‘r”, deydi. So‘ng esa qalb asta-sekin nurini yo‘qota boshlaydi.
Bugun sen kimni tinglayotganing – ertaga kim bo‘lishingni belgilaydi.
Kim bilan yurganing – qayerga borishingni belgilaydi.
Nimani ko‘rayotganing – qalbing qanday bo‘lishini belgilaydi.
Shuning uchun ulamolarga mahkam yopishing.
Diyoringiz ulamolariga yaqin bo‘ling.
Jonajon vataningizni do‘st tuting.
Ilm-hunarni hayotingizning eng go‘zal lahzasiga aylantiring.
Ota-onangizning roziligini yo‘qotmang.
Chunki ota-onaning birgina duosi ba’zan insonni dunyo va oxirat saodatiga olib boradi.
Aziz yoshlar!
Yoshlik – o‘tib ketadigan fasl.
Bugun kuchli oyoqlar bir kun qariydi.
Bugun o‘tkir ko‘zlar bir kun xiralashadi.
Bugun tez yugurayotgan yurak ham bir kun to‘xtaydi.
Ammo yoshligingizda vataningizga qilgan bir fidoiylik, bir sadaqa, bir ilm, bir yaxshilik Qiyomat kunigacha siz bilan qoladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar berganlar: Qiyomat kuni banda besh narsadan so‘raladi. Ulardan biri “Yoshligini nimaga sarflading?”.
Shunday ekan, bugun javobini tayyorlaylik.
Ey yoshlar!
Siz bu yurtning umidisiz.
Ota-onangizning quvonchisiz.
Ustozlaringizning mevasisiz.
Ummatning ertangi kunisiz.
Shunday ekan, hech kim sizning pok qalbingizni o‘g‘irlamasin.
Hech kim sizni ilm yo‘lidan chalg‘itmasin.
Hech kim sizni fitnaga boshlamasin.
Ilm bilan yuksaling.
Odob bilan bezaning.
Shunday yosh bo‘lingki, sizni ko‘rgan ota-ona: “Allohim, O‘zinga shukur, farzandimdan roziman Sen ham rozi bo‘lgin”, deb duo qilsin.
Alloh taolo barcha yoshlarimizni iymoni mustahkam, ilmi ziyoda, odobi go‘zal, ota-onasiga sadoqatli, Vataniga foydali va ummatga xizmat qiladigan solih insonlardan aylasin.
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi