Ulamolar mazhablarga ergashish Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta'kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko'rsangiz, o'zingizga ko'pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondoshishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma'qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar'iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta'kidlaydilar. Bunga Qur'ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so'rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur'on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o'ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo'lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo'q bo'lib, “Qur'on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da'vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra'yiga va nafsiga to'g'ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko'plab noto'g'ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da'volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
- bemazhablar “Qur'on bitta va Paygambar bitta bo'lsa, to'rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba - Qur'on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur'on va sunnatga ergashgan bo'ladi.
- Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo'lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o'xshash ilmi ijtihod darajasiga etgan, o'zi ijtihod qilganlar ko'p bo'lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka etgan odam, o'zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o'sha davrdagi kabi mujtahidlar yo'q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur'on va sunnatdan har kim o'zboshicha yangi hukm chiqarish musulmonlarni kufrda ayblash, ularning qonini to'kishni halol hisoblash, bog'iylik (hukumatga qarshi chiqish), tinch jamiyatda vahima uyg'otish va fitna qo'zg'ash, obod joylarni vayron qilish kabi islomda qat'iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo'lmoqda. Shu nuqtai nazardan, marhum Shayx Muxammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid'atdir”.
Ming afsuslar bo'lsinki, mana shunday etuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to'g'riligini e'tirof qilib turgan bir paytda ba'zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko'nikmalarni hosil kilmagan bo'lsalarda: “Men Qur'on va hadisdan o'zim hukm olaman” deb, da'vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmokdalar. Ba'zida o'zlari adashgani etmagandek, o'zgalarni ham yo'ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O'z hidoyatida sobit qilsin.
Mansurxon To'xtaxo'jayev,
Kosonsoy tumani "Mulla Otavoy Oxun" jome masjidi imom-xatibi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati