frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Yaxshilik va yomonlik barobar bo‘lmas

18.08.2016   8548   5 min.
Yaxshilik va yomonlik barobar bo‘lmas

Bismillahir rohmanir rohim

Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf qiling! (Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur. Unga faqat sabrli zotlargina erishurlar, unga faqat ulug‘ nasiba egasigina erishur. Agar Sizni shayton tomonidan vasvasa tutmoqchi bo‘lsa, u holda Allohdan panoh so‘rang. Zero, U eshituvchi va biluvchi zotdir (Fussilat, 34-35).

Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Ibn Abbos (Roziyallohu anhu): “Yaxshilik “La ilaha illalloh”, yomonlik qo‘pollikdir”, degan. Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu): “Yaxshilik Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning oilasini sevish, yomonlik ularga g‘azab qilishdir”, degan. Imom Zahhok (rahimahulloh): “Yaxshilik ilm, yomonlik fahshdir”, degan. Yaxshilikni toat-ibodatning biror naviga, yomonlikni ham gunoh masiyatning biror turiga xoslab qo‘yilmaydi. Oyatdagi so‘z umumiy bo‘lib, barcha yaxshiliklarni va yomonliklarni qamrab oladi. 

Imom Zajjoj (rahimahulloh) ushbu oyatning tafsirida shunday deydi “Toat bilan masiyat, imon bilan kufr barobar bo‘lmas”. Boshqa olimlar ham uni turlicha tafsir qilganlar “Ko‘ruvchi bilan ko‘zi ojiz, sabrli bilan besabr, ozorga bardoshli bilan yomonlik qiluvchi teng bo‘lmas”, deganlar. Payg‘ambarimizga Abu Jahl ko‘p ozor bergani uchun uni ko‘rsalar g‘azablanardilar, shunda Alloh taolo uni afv qilishga, kechirishga buyurdi.  

Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf qiling! Yaxshilik va yomonlik o‘rtasida katta farq bor. Sizda ikkita yaxshilik qilishni imkoniyati bor, shu ikkisining go‘zali bilan ba’zi dushmanlar tomonidan kelgan yomonlikni daf qiling. Shuningdek, sizga bir kimsa yomonlik qilsa uni kechirishingiz yaxshilik bo‘lsa, sizga yomonlik qilgan joyda yaxshilik qilishingiz go‘zal bo‘ladi. Yoki bolangizni o‘ldirgan kimsaning farzandini dushman qo‘lidan qutqarib qolish yaxshilikning go‘zalidir.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) “go‘zalroq (muomala) bilan” degan ma’nodagi oyatning qismini “G‘azab chiqqanda sabr qilish, johillik vaqtida halim bo‘lish, yomonlik qilinganda afv etish”, deb tafsir qilgan. Imom Mujohid (rahimahulloh) “Yomon ko‘rgan kimsa bilan uchrashib qolganda salom berish, ro‘baro‘ kelib qolganda qo‘l berib ko‘rishish degan ma’no tushuniladi”, degan. 

Yaxshi so‘z bilan yomonini, la ilaha illalloh bilan shirkni, sabr bilan g‘azabni daf qilish kabi ma’nolar tushuniladi.

(Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur. Yomonlikni go‘zal muomala bilan daf qilsangiz siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qarindoshingiz kabi yaqin bo‘lib qoladi.

Ushbu oyatni Nabiy (alayhissalom)ga ko‘p ozorlar beradigan dushman bo‘lib, keyinchalik u zotga yaqin do‘stga aylangan Abu Sufyon ibn Harb haqida nozil bo‘lgan deyiladi. Boshqa rivoyatda Nabiy (alayhissalom)ga ko‘p aziyat bergan Abu Jahl ibn Hishom haqida nozil bo‘lgan deyiladi. Alloh taolo Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ni sabrga chaqirib, u bilan qo‘l berib so‘rashishga buyurgan.

Unga faqat sabrli zotlargina erishurlar, unga faqat ulug‘ nasiba egasigina erishur. Yaxshi so‘z va yomonlikni daf qilish, Allohni toati hamda farzlarni ado qilishda sabr qilgan va oxiratda buyuk nasibasi bor bandalarga beriladi.

Ali ibn Abu Tolha (roziyallohu anhu) ushbu oyatni tafsiri haqida ibn Abbos (roziyallohu anhu) dan rivoyat qiladi. Alloh taolo mo‘minlarni g‘azab chiqqanda sabrga, jahl kelganda halim bo‘lishga, yomonlik qilinganda afv qilishga buyurdi. Mana shularni bajarsa, Alloh uni shaytondan saqlaydi, dushmanlarini bo‘ysundirib yaqin do‘stdek qilib qo‘yadi. 

Ibn Abbos roziyallohu anhu “ulug‘ nasiba” kalimasini savob deb tafsir qilgan. Imom Hasan (rahimahulloh) esa jannatdan boshqa ulug‘ nasiba bo‘lmaydi degan. Qatoda (rahimahulloh) “ulug‘ nasiba” jannat bo‘ladi. Shuning uchun u jannat vojib bo‘lgan insonlarga beriladi deb aytgan.  

Agar Sizni shayton tomonidan vasvasa tutmoqchi bo‘lsa, u holda Allohdan panoh so‘rang. Shayton sizni vasvasa qilsa uni yomonligidan Alloh panoh berishini, bardosh bilan turishni so‘rang. Imom Muqotil (rahimahulloh) ushbu oyat tafsirida “Shaytondan sizga fitna bo‘lsa Allohdan panoh so‘rang”, deganlar. Imom Kalbiy (rahimahulloh) “Yomonlikni daf qilish mobaynida biror gunoh sodir bo‘lish xavfi paydo bo‘lsa, Allohdan panoh so‘rang”, deb aytganlar.

Ikki kishi Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning oldilarida bir-birlarini so‘kdilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Bir so‘zni bilaman kim uni aytsa, g‘azabi ketadi”, dedilar. Buni eshitgan kishilarning biri “Meni majnun deb o‘ylayapsanmi?” dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): “Agar Sizni shayton tomonidan vasvasa tutmoqchi bo‘lsa, u holda Allohdan panoh so‘rang. Zero, U eshituvchi va biluvchi zotdir” oyatini o‘qidilar (Imom Buxoriy, Muslim rivoyati).

Zero, U eshituvchi va biluvchi zotdir. Alloh taolo panoh so‘rashingizni eshituvchi, kofirlarni so‘zini ham azoblanishini ham biluvchi zotdir.

 

Manbalar asosida

Bahriddin Jo‘rabek o‘g‘li

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

10.08.2026   14801   1 min.
YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

Sayyor yig‘ilish

Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.

Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari