Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Istiqlol nuridan yashnayotgan dargoh: Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta -maxsus islom bilim yurti

17.08.2016   7123   4 min.
Istiqlol nuridan yashnayotgan dargoh: Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta -maxsus islom bilim yurti

Tomirlari moziyning tiniq buloqlaridan suv ichgan yurtimizga mustaqillik bergan ne’matlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmasa kerak. Tarix uchun mo‘jaz, lekin bunyodkorlik ishlari samarasiga qarab, ulkan yutuqlarga erishilgan 25 yil davomida O‘zbekiston dunyo bilan bo‘ylasha oldi. Chunonchi, yosh avlod tarbiyasi, jamiyat rivoji, insonlarning farovonligi darajasi oshishi, milliy qadriyatlarimizning tiklanishi, qo‘yingki, barcha sohalarda kelajak uchun mustahkam poydevor barpo etildi.

Andijon viloyatida 1998  yildan buyon  faoliyat yuritib kelayotgan «Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti ham mustaqillik inom etgan ne’matlardan biridir. Mustaqillik yillarida hukumatimiz tomonidan qabul qilingan tegishli hujjatlarga asosan o‘rta-maxsus islom bilim yurti bitiruvchilarining diplomlari davlat ta’lim hujjati sifatida e’tirof etildi.

Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta-maxsus islom bilim yurtini faoliyat boshlagan yildan buyon 800 nafarga yaqin talaba bitirib, Dinshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha imom, boshlang‘ich arab tili va odobnoma murabbiysi mutaxassisligi bo‘yicha tegishli hujjatga ega bo‘ldilar. Madrasamiz bitiruvchilari hozirda mamlakatimizning taraqqiy etishiga hamda jamiyatimiz rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Talabalarimizning ta’lim olib, hozirda katta yutuqlarga erishayotgani biz mudarrislarga hamisha faxr-iftixor baxshida etadi. Erishilgan muvaffaqiyatlar esa, muassasada ta’lim-tarbiya ishlarining ijobiy tashkil etilayotganidan darak beradi.

Bilim yurti talabalari xorij davlatlarida o‘tkazilgan Qur’on musobaqalarida ham o‘z bilim va malakalarini muvaffaqiyatli namoyish etib keladi. Jumladan, Misr, Saudiya Arabistoni, Jazoir va Eron davlatlaridagi tanlovlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishmoqda.  

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi islom o‘rta maxsus bilim yurti talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Yagona olimpiada”, “Qorilar musobaqasi” tanlovlarida madrasamiz talabalari munosib ravishda ishtirok etib, ulardan  bir qanchasi grant asosida Toshkent islom institutiga kirish xuquqiga ega bo‘lganini alohida e’tirof etish joiz. Talabalar tomonidan nafaqat fan yo‘nalishlari, balki sport sohalarida  ham erishilgan yutuqlar bisyor.

Bilim yurtida talabalarga Qur’oni karim tajvidi, tafsir, hadis, fiqh, nahv, islom tarixi, muhovara kabi mutaxassislik fanlari, shuningdek, ona tili, fizika, matematika, informatika, ingliz va rus tillari, kimyo, biologiya, ma’naviyat asoslari singari umumta’lim fanlaridan o‘z fanining yetuk mutaxassisi bo‘lgan 20 nafardan ziyod mudarris–o‘qituvchilar ta’lim bermoqda.

Bilim yurti mudarrislarining ommaviy axborot vositalari bilan olib borayotgan hamkorliklari samarasiga ham alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Ijodkor muallimlarning viloyat televideniyesi orqali turli dolzarb mavzulardagi ishtiroklari, davra suhbatlari muntazam berib boriladi. Bilim yurti mudarris-o‘qituvchilari o‘zlari o‘tayotgan fanlaridan o‘quv qo‘llanmalar ham tayyorlab boradilar. Xususan, madrasamiz mudarrislari tomonidan tayyorlangan voizlik ilmi xususidagi “Xatoba” nomli risola hozirda yurtimizdagi barcha o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida o‘quv qo‘llanma sifatida o‘qitib kelinmoqda. M.Mo‘minovning “Mazhablar va yo‘nalishlar” fanidan “Hizbut-tahrir oqimiga raddiyalar” risolasi, R.Mahmudovning “Tafsir” fanidan o‘quv qo‘llanmasi va o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan “Mir’otus soliqiyn”, “Ramazon tuhfasi” kitoblari talabalarning fanlarni chuqur o‘zlashtirishlariga xizmat qilmoqda.

Bilim yurti o‘quv, moddiy-texnika bazasini yaxshilashda, mudarris va talabalarni ishlash va o‘qishlari uchun sharoitlarni tashkil etishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xamda bir qator homiy tashkilot va mexr-muruvvatli, saxovatli insonlar tomonidan ko‘mak berib kelinmoqda.

Bilim yurti talabalari dam olish vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun qulay sharoitlarga ega sport maydochasi, mashg‘ulot zali va bir qator fanlardan to‘garaklar faoliyat ko‘rsatadi.

Muxtasar qilib aytganda, istiqlol bergan ne’matlardan biri bo‘lgan mazkur o‘quv dargohi, mudarris va o‘qituvchilari yosh avlodni jamiyatimiz rivoji uchun munosib voris etib tarbiyalash yo‘lida xizmat qilmoqdalar.    

 

Muhammadyusuf TO‘RAQULOV

Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta -maxsus

islom bilim yurti mudarrisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Fotiha surasining shifo ekanini qayerdan bilding?

13.06.2025   7986   2 min.
Fotiha surasining shifo ekanini qayerdan bilding?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.

Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.

Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.

Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.

Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan