Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Fevral, 2025   |   11 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:05
Quyosh
07:24
Peshin
12:42
Asr
16:08
Shom
17:54
Xufton
19:08
Bismillah
10 Fevral, 2025, 11 Sha`bon, 1446

Oila qurish ham ibodatdir

16.08.2016   12349   5 min.
Oila qurish ham ibodatdir

Nikoh barcha payg‘ambarlarning sunnati hamda aziz-avliyolarning odatidir. Zero, u Allohning amri, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatlari hamda mo‘min-musulmonlarning guvohliklari asosida quriladi.

Imom Shofi’iydan boshqa barcha ulamolar: “Nikoh ibodatdir. Zotan, oila qurishni Alloh va Rasuli buyurgan. Alloh va Rasuli amr etgan amal, albatta, ibodat bo‘ladi”, deyishgan. Mujtahidlarning peshvosi, mazhabboshimiz, imom A’zam Abu Hanifa (rahimahulloh) “Nikoh ibodatdir” deya hukm chiqarganlar.

عن أبي ذر رضي الله عنه: أنّ أناساً من أصحاب رسول الله صلى الله عليه وسلم قالوا للنبي صلى الله عليه وسلم: يا رسول الله، ذهب أهل الدثور بالأجور، يصلون كما نصلي ويصومون كما نصوم ويتصدقون بفضول أموالهم. قال: «أو ليس قد جعل الله لكم ما تصدقون به: إن لكم بكل تسبيحة صدقة، وكل تكبيرة صدقة، وكل تحميدة صدقة، وكل تهليلة صدقة، وأمر بالمعروف صدقة، ونهي عن منكر صدقة وفي بضع أحدكم صدقة». قالوا: يا رسول الله، أيأتي أحدنا شهوته ويكون له فيها أجر؟ قال: «أرأيتم لو وضعها في حرام أكان عليه وزر؟ فكذلك إذا وضعها في الحلال كان له أجر». رواه مسلم.

Abu Zar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning bir guruh faqir sahobalari Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga: «Yo Rasululloh! Moli ko‘p kishilar ajr-savoblarni egallab qo‘yishmoqda. Ular biz namoz o‘qiganimiz singari namoz o‘qiydilar, ro‘za tutganimiz kabi ro‘za tutadilar va sarmoyalarining ortiqchasini sadaqa qiladilar», deyishdi. Shunda u zoti bobarakot: “Alloh sizlarga sadaqa qiladigan narsalarni berib qo‘ymadimi?” Albatta, sizlar uchun har bir tasbeh[1] sadaqa[2]dir, har bir takbir[3] sadaqadir, har bir tahmid[4] sadaqadir, har bir tahlil[5] sadaqadir, amri ma’ruf (yaxshilikka chaqirish) sadaqadir, nahyi munkar (yomonlikdan qaytarish) sadaqadir. Har biringizning (jufti haloli bilan bo‘lgan jinsiy) yaqinligi ham sadaqadir», dedilar. Ular: «Yo Rasululloh! Birimiz shahvatini qondirsa, unga ham shu ishida ajr bo‘ladimi?» deyishdi. U zot: «Aytinglar-chi, agar u o‘sha (shahvati)ni haromga qo‘ysa (zino qilib qondirsa), unga gunoh yozilarmidi? Xuddi shunday. Qachon u (shahvati)ni halolga qo‘ysa (nikohidagi ayoli bilan yaqinlik qilib qondirsa), bu uning uchun ajr bo‘ladi», dedilar» (Imom Muslim rivoyati).

Zotan, nikoh davomida er-xotin bir-birini isloh etishga va Alloh taoloning ibodatida bir-biriga yordam berishga harakat qiladi. Dinimizda uylanmasa, zinoga ketish xavfi aniq bo‘lgan kishilarga oila qurish farz hisoblanadi. Zero, u shu orqali iffatini saqlaydi. Shu bois, bunday kishiga uylanish hatto haj ibodatidan ham oldinga qo‘yilgan. Zotan, oila qurganlar katta baxt-saodatga erishadilar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): 

مَنْ رَزَقَهُ الله امْرَأَةً صَالِحَةً فَقَدْ أَعَانَهُ عَلَى شَطْرِ دِينِهِ فَلْيَتَّقِ الله فِي الشَّطْرِ الْبَاقِي

«Alloh kimni soliha ayol bilan rizqlantirgan bo‘lsa, haqiqatan, unga dinining yarmiga yordam beribdi. Qolgan yarmida esa, Allohga taqvo qilsin», dedilar (Imom Tabaroniy va Hokim rivoyatlari).

Yana Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): 

إذا تزوج العبد فقد استكمل نصف الدين فليتق الله في النصف الباقي

«Qachon banda oila qursa, haqiqatan, dinning yarmini mukammal qilibdi. Qolgan yarmida esa, Allohga taqvo qilsin», dedilar» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Demak, uylanmoqchi kishi oila qurishdan oldin shariatimiz ko‘rsatmasi bo‘yicha quyidagilarga amal qilishimiz lozim:

  1. Uylanishdan faqat Allohning roziligiga erishishni maqsad qilish kerak. Zero, niyat har bir amal uchun muhimdir. Shunga ko‘ra, Allohning buyrug‘iga amal qilish, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga ergashish niyati bilan oila qurgan odam islomiy odoblar, ayniqsa, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak axloqlari bilan ziynatlanadi. Zero, oila barcha insoniylik fazilatlar shakllanadigan makondir.
  2. Oilaviy hayotdan, er-xotinlik munosabatlaridan faqat ezgu maqsadlarni ko‘zlash kerak. Zero, oila er-xotinga mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. Jumladan, solih va soliha farzandlar yetishtirishda erkakka o‘ziga xos, ayolga esa o‘ziga mos vazifalarni belgilaydi. Ana shularni vijdonan bajargan oila a’zolari dinlari hamda vatanlariga katta hissa qo‘shgan bo‘ladilar.
  3. Eru xotin orasidagi oilaviy munosabat mehr-muhabbat asosida bo‘lishi kerak. Zero, nikoh ko‘ngil taskinidir. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:

هُوَ الَّذِي خَلَقَكُمْ مِنْ نَفْسٍ وَاحِدَةٍ وَجَعَلَ مِنْهَا زَوْجَهَا لِيَسْكُنَ إِلَيْهَا

“U (Alloh) sizlarni bir jondan yaratib, undan uning juftini unga (uylanib) taskin topishi uchun paydo qilgan zotdir” (A’rof surasi, 189-oyat).

Alloh subhonahu va taolo uylanmaganlarga dinining yarmini topishni, oila qurganlarga esa, dinining qolgan yarmiga erishishni nasib qilsin!

 

Tolibjon QODIROV

tayyorladi.

 

 

 

 

 

[1] Tasbeh – “Subhanalloh” – Alloh barcha nuqson-kamchiliklardan pokdir, deyish.

[2] Ya’ni, sadaqa berganchalik savobga tengdir.

[3] Takbir – “Allohu akbar” – Alloh buyukdir, deyish.

[4] Tahmid – “Alhamdu lillah” – Allohga hamd bo‘lsin, deyish.

[5] Tahlil – “La ilaha illalloh” – Allohdan o‘zga iloh yo‘q, deyish.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tavbangizda 6 shart bormi?

7.02.2025   4300   3 min.
Tavbangizda 6 shart bormi?

Inson gunohdan xoli bo‘lmaydi. Ba’­zan bilib-bilmay gunoh ishga qo‘l urib qo‘yishi mumkin.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilin­gan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qi­luv­chidir. Xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termi­ziy rivoyati).

Alloh taolo ko‘plab oyatlarda insonlarni tavba qilishga buyurgan. Jumla­dan, Tahrim surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Robbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa” (8-oyat).

Boshqa oyati karimada «...Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat), deyilgan.

Inson tavbani o‘ziga lozim tutishi kerak. Ammo uning tavbasi qabul bo‘lishi uchun e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. Xususan, tavba qilishda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, Alloh taolodan yolvorib so‘rashi kerak. So‘ngra istig‘for uchun ma’lum bir duolar, ijobat bo‘ladigan onlar fazilatidan foyda­lanish zarur.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim quyosh mag‘ribdan chiqishidan oldin tavba qilsa, Alloh (uning) tavbasini qabul qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Inson tavbaga shoshilishi lozim. Luq­mo­ni Hakim o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘lim, tavbani kechiktirma! Chunki o‘lim to‘satdan keladi. Kim tavbani kechiktirib, najotga shoshilmas ekan, ikkita katta xatar ichida qoladi: 1) gunohlar zulmati to‘planib, qalb­ni qoplaydi, so‘ngra uni muhrlab tashlaydi. Gunoh muhrlangan qalbdan o‘chmaydi; 2) kasallik yoki o‘lim tavbadan ilgari kelib, xatolarni o‘ng­lash uchun vaqt qolmaydi”, degan.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning tavba qabul qi­lishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat Egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo bilmay qo‘l uringan gunohga zudlik bilan qilingan tavbani qabul etishini bayon qilyapti.

Inson Alloh va uning Rasuliga itoat qil­magani, shaytonning hiylasiga ergashib, shu gunohni sodir qilgani uchun qattiq nadomat chekishi lozim. Chunki gunoh ishga pushaymon bo‘lish xolis tavbaning shartlaridan biridir. Shu bilan birga, nadomatning o‘zi ham tavbaga dalolat qilishi mumkin.

Bu haqda hadisi sharifda bunday de­yil­­gan: «Abdulloh ibn Ma’qildan ri­voyat qilinadi. U: “Men otam bilan bir­ga Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu­ning huzuriga kirdim. Otam unga: “Na­biy sollallohu alay­hi vasallamning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganmisiz?” deb aytdi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Ha, u zotning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganman”, dedi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Demak, inson qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lib, afsuslansa, tavbasi xolis bo‘lishi uchun bir necha shartlar bor:

– gunoh qilishdan darhol to‘xtash;
– qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lish;
– bu gunohga aslo qaytmaslikni niyat qi­lish;
– tavbasini Alloh taolo qabul qilishiga ishonish;
– istig‘for aytish;
– gunohga qaytmaslikni barcha a’zolari bilan amalga oshirish;
– gunoh odamlarning haqqi bo‘ladigan bo‘l­sa, ulardan uzr so‘rab, rozi qilish.

Shokirjon MADAMINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.