Sayt test holatida ishlamoqda!
31 May, 2026   |   13 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:53
Peshin
12:26
Asr
17:33
Shom
19:53
Xufton
21:27
Bismillah
31 May, 2026, 13 Zulhijja, 1447

Tarvuz haqida ajoyib ma’lumotlar

05.08.2016   32594   4 min.
Tarvuz haqida ajoyib ma’lumotlar

Ko‘pchiligimiz sevib iste’mol qiladigan tarvuzning biz bilgan va bilmagan ko‘plab foydalari bor. Quyida tarvuz haqida siz uchun qiziqarli va foydali bo‘lgan ajoyib ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.

  1. Tarvuz sportchilarga koni foyda

Tarvuz o‘zida L-sitrullin – aminokislotasi ko‘p bo‘lib, bu bo‘g‘imlar orasidagi og‘riqni to‘xtatadi. Agar mashg‘ulotdan keyin achish va og‘riq sezilishini xohlamasangiz, u holda mashg‘ulotdan avval yangi tarvuzning 1/3 qismidan tayyorlangan sharbatni ichish tavsiya qilinadi.

  1. Tarvuz po‘chog‘i va urug‘ini iste’mol qilish

Albatta, bu gap sizga yoqimsiz tuyulgandir, ammo biz tarvuz po‘chog‘ini tashlab yubormasligingizni tavsiya qilamiz. Birinchidan, ular judayam mazali. Po‘choqlarni bir nechta kichik bo‘laklarga bo‘ling va limon, bodring va muz bo‘laklari bilan blenderga soling. Ta’bga ko‘ra shakar va ko‘katlar solishingiz mumkin. Natijada S, V1, V2, karotin, foliy va pantoten kislotalariga boy bo‘lgan ajoyib sharbat tayyor bo‘ladi. Tarvuz urug‘i teri holatini yaxshilaydi va yallig‘lanishga qarshi samarali vosita vazifasini o‘taydi. Bundan tashqari u temir, rux, oqsillarga boy.

  1. Tarvuz suvga boy meva

Tarvuzni 91 foiz qismi suvdan iborat. Bundan tashqari u kam kaloriyali poliz mahsuloti hisoblanadi. 100 gr tarvuzda atigi 38 kaloriya mavjud.

  1. Tarvuz ko‘z va miya faoliyati uchun foydali

2 karch tarvuz iste’mol qilish sizning ko‘zingiz va fikrlash qobiliyatingiz uchun juda foydalidir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tarvuzning mazali mevasida A va V6 vitaminlarining mavjudligi birinchidan ko‘zning turli infeksiyalardan himoya qilib, tiniq ko‘rishini ta’minlasa, ikkinchidan xotirani mustahkamlab, fikrlash tezligini oshiradi.

  1. Tarvuz ultrabinafsha nurlaridan himoyalaydi

Inson organizmi ultrabinafsha nurlariga qarshi kurash olib borishiga bir nechta mahsulotlarni o‘rni beqiyosligi ilmiy jihatdan isbotlangan. Tarvuz ham aynan shu mahsulotlar qatoriga kiradi. Unda likopin moddasining mavjudligi turli nurlanishga qarshi kurashishda yordam beradi.

  1. Tarvuz qandni to‘playdi

Yangi tarvuzda 5-13 foizgacha yengil birikadigan qand mavjud. Tarvuz kesilganda fruktoza va glyukozalari umumlashadi. Saxaroza (qand) bunga qaraganda kechroq hosil bo‘ladi. Shuning uchun qandli diabetga chalinganlarga barra kesilgan tarvuzdan kam miqdorda iste’mol qilish tavsiya etiladi.

  1. Tarvuz tanadagi ortiqcha shlaklarni tozalaydi

Tarvuz ovqat hazm qilish faoliyatini yaxshilaydi, yurak-qon tomir tizimi hamda buyrak va jigarni tozalaydi. Tanadan xolesterinni chiqarib tashlashga yordam beradi. Toshlar bilan bog‘liq muammolari bor bemorlarga tarvuzni ko‘proq yeyish tavsiya qilinadi. Agar sizda tarvuz iste’mol qilmaslik uchun jo‘yali sabab bo‘lmasa, u holda kundalik yegulikda 2-3 kg tarvuz yeyishni maslahat beramiz.

  1. Tarvuzni zararli yoki zararsiz ekanini tekshiring

Tarvuz eng bezarar poliz mahsuloti sanaladi. Chunki uning qattiq po‘stlog‘i turli zararli moddalarni tashqi muhitdan kirishiga yo‘l bermaydi. Ayniqsa so‘nggi yillarda tarvuzni yetishtirish bir muncha ortdi. Unda turli zararli moddalar bor yo‘qligini hamma ham bilavermaydi. Tarvuz "sog‘lom"ligini aniqlash uchun, tarvuzni mevasidan ozroq kesib toza suvga solamiz, suv biror soatlardan keyin rangida xiralik paydo bo‘lsa, unda hammasi joyida, agar solingan suv yorqin pushti, qizil va sap-sariq tusga kirsa, u holda tarvuzdan voz kechganingiz ma’qul.

Tarvuzni qanday tanlash mumkin?

  1. O‘rtacha vazni 5-7 kg keladigan tarvuzni tanlang.
  2. Cho‘ziqroq, biroz yassi bo‘lgan tarvuz shirin va urug‘i kamroq bo‘ladi.
  3. Tarvuz dum qismi quruq va sarg‘ish bo‘lsa, uni g‘arq pishganidan dalolat beradi. Dum qismi yashil bo‘lsa, tarvuzning yetilishiga biroz borligidan dalolat.
  4. Shirin tarvuzni urganda jarangsiz, qo‘l bilan ezganda esa darz ketgan tovush chiqadi.
  5. Yaxshi tarvuzning usti yoqimli yaltiroq tusga va yerda yotgan tarafida sariq dog‘lari bo‘ladi.

Internet ma’lumotlari asosida

Ne’mat Musayev

tayyorladi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

HAJNING MAS’ULIYATLI KUNLARI BOSHLANMOQDA

25.05.2026   14944   2 min.
HAJNING MAS’ULIYATLI KUNLARI BOSHLANMOQDA

Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. 24 may – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 25 may – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.


Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Ishchi guruhi rahbari - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
 

Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.


Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va Podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish, begona shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish kabilarga urg‘u qaratildi.
 

Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.



Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari