Haj Islom arkonlaridan biridir. Qodir bo‘lgan kishilarga bu ibodatni umri davomida bir marta ado etish farzdir. Uning farzligiga dalil bu oyati karimadir:
وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا
“Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi 97-oyat).
“Haj” so‘zi, lug‘atda qasd qilish ma’nosini anglatadi. Ulamolar ta’rifida esa, maxsus vaqtda, maxsus makonda, niyat bilan maxsus ibodatlarni ado etishga “haj” deyiladi.
Maxsus vaqt deyilganida, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni Arafotda turish, Nahr (qurbonlik qilinadigan kun)ning tongidan boshlab Baytullohni tavof qilish tushuniladi. Maxsus makon deyilganida, Ka’ba va Arafot anglanadi. Maxsus ibodatlar deyilganida esa, haj va uning arkonlarini bajarish niyatida ehromga kirish anglanadi.
Bu ibodat, ko‘pchilik ulamolar fikricha, hijriy to‘qqizinchi yilning oxirida farz qilingan. Har yili zulhijja oyida butun yer yuzidagi qodir bo‘lgan musulmonlar bu joyga ham moliyaviy, ham jismoniy, ruhoniy amal hisoblanuvchi shu ibodatni ado etish uchun to‘planadilar.
Namoz, ro‘za va zakotning farzligini inkor qilgan kishi dindan chiqqanidek, bu hajning farzligini inkor qilish ham dindan chiqishga olib keladi.
Haj amali o‘zining ehtiyoji va qaramog‘idagilarning nafaqasidan tashqari oshiqcha – Baytullohga borib kelishga yetarli mablag‘i bor har bir aqli raso, bolig‘ (balog‘atga yetgan), ozod, sog‘lom musulmonga (ayollar iddada bo‘lmasligi va ularga mahram-yo‘ldosh ham bo‘lishi lozim) yo‘llar xatarsiz bo‘lsa, haj ibodatini keyingi yilga qoldirmay, ado etish farzdir. Bunday sharoitlarda kechiktirsa, gunohkor bo‘ladi. Haj ibodati umrda bir marta ado etiladigan farz amaldir. Undan ortig‘i nafl hisoblanadi.
Haj ibodati davomida gunoh qilmagan, fahsh so‘zlar aytmagan hoji, onadan yangi tug‘ilgandek gunohlaridan pok bo‘ladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar:
من حج البيت ولم يرفث ولم يفسق خرج من ذنوبه كيوم ولدته أمه
«Kim Baytullohni haj qilsa, (unda) axloqsiz so‘zlarni gapirmasa va fisq-fujur ishlarni qilmasa, xuddi onasi uni tuqqan kundagi kabi (barcha) gunohlardan poklanib qaytadi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Buning uchun hoji quyidagilarga amal qilishi zarur:
– eng avvalo, xolis niyat qilishi. Zero, hadisi sharifda aytilganidek, amallar natijasi niyatga bog‘liqdir. Har bir kishi niyatiga yarasha savob oladi.
– hajning arkon va amallarini to‘la-to‘kis bajarishi;
– musulmon uchun eng muhim ishlardan yana biri topgan va to‘plagan mablag‘ining halol, pok bo‘lishidir. Bu uning barcha yaxshi amallari, jumladan, haj ibodati ham maqbul bo‘lish shartlaridan sanaladi. Zotan, Alloh taolo pokdir. Faqat pokiza amalnigina qabul qiladi;
– agar zimmasida qarzi bo‘lsa, ularni uzishi. Zero, bandaning boshqa kishi zimmasidagi haqini o‘sha odam kechmagunicha Alloh taolo kechmaydi;
– olgan omonatini qaytarishi;
– o‘zidan ranjiganlar ko‘nglini olishi;
– qaytib kelgunicha qaramog‘idagilarga yetadigan nafaqani hozirlashi;
– haj yo‘liga tushgan mo‘min o‘tgan gunohlariga chin dildan tavba qilishi, o‘zini go‘yo dunyodan oxiratga safar qilayotgandek his etishi;
– solih amallarni ko‘paytirishi;
– Alloh taoloning roziligidan boshqa o‘y-xayollarni qalbidan chiqarishi;
– muborak haj safarida yo‘ldoshlari bilan go‘zal munosabatda bo‘lishi. Ular bilan tortishmasligi, e’tirozlariga sabab bo‘ladigan ishlarni qilmasligi, ularga ozor yetkazmasligi va ulardan yetgan aziyatlarga sabr qilishi;
– safar davomida gunohdan, behuda ishlardan va buzuq so‘zlardan yiroq bo‘lishi va qolgan hayotida ham bunga doimo qat’iy amal qilishi;
– ehromda bo‘lganida birinchi Aqobada tosh otgunicha har namozdan so‘ng, tepalik va pastlik yerga chiqib tushayotganida, hojilar guruhiga yo‘liqqanda talbiya (“Labbaykallohumma labbayk, labbayka la sharika laka labbayk, innal hamda van-ne’mata laka, valmulka la sharika lak” – labbay, Parvardigorim labbay. Labbay Sening sheriging yo‘q, labbay. Albatta, hamd va ne’mat Seniki, mulkingda sheriging yo‘qdir) aytishi;
– Haram hurmatiga rioya etishi;
– Haramdagi giyohlarni yulmasligi, daraxt shoxlarini sindirmasligi, hayvonlarni ovlamasligi va o‘ldirmasligi;
– zamzam suvidan to‘yib-to‘yib ichishi. Zotan, zamzam suvidan to‘yib ichish nifoqdan qutulishdir. Janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Zamzam suvi va do‘zax o‘ti kishining ichida jam bo‘lmaydi», deb marhamat qilganlar. Bu zamzam suvi haqidagi bashoratlardandir;
– boshi va tanasi ustidan zamzam suvini quyishi.
– Madinai munavvarani ham Makkai mukarrama kabi e’zozlashi;
– Rasululloh (sollalllohu alayhi va sallam)ning qabrlarini ziyorat etishni g‘animat bilishi. Zero, bu ishi Rasululloh (sollalllohu alayhi va sallam)ni tirik chog‘larida ziyorat qilish bilan barobardir. Zotan, u zoti bobarakotni ziyorat qilish shafoatlariga yetishuvga sabab bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizga bu ulug‘ ibodatni to‘la-to‘kis ado etishni va uning fayzu barakotlariga erishishni nasib aylasin. Omin!
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhmurid va yaqinlariga «safar qilsangiz va yukingiz sizga bepul olib ketishingizga ruxsat bergan miqdordan ortiq bo‘lsa, albatta, ortiqcha yukning haqqini ado eting va keyin safar qiling», deya ko‘rsatma berar edilar.
Bir kuni u kishi safar qilish uchun vokzalga yetib keldilar. Poyezd kelishiga yaqin qolgan edi. Hazrat yuklarini olib, yuklar tortiladigan joyga yetib keldilar va navbatga turdilar. Tasodifan poyezdda birga ketadigan konduktor u yerga keldi va hazratni tanib qoldi. Darhol: «Hazrat, siz bu yerda nega turibsiz?» deb so‘radi.
Hazrat: «Yukimni torttirish uchun kelganman», dedilar.
Konduktor: «Sizga yukingizni torttirishga zarurat yo‘q. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men siz bilan birga poyezdda ketaman. Ortiqcha yuk uchun haq to‘lashingiz shart emas», dedi.
Hazrat: «Siz men bilan birga qayergacha borasiz?» deb so‘radilar.
Konduktor: «Falon bekatgacha boraman», dedi.
Hazrat: «Keyin u yog‘iga nima bo‘ladi?» deb so‘radilar. Konduktor: «U bekatda boshqa konduktor keladi. Men unga bu hazratning yuklari, deb aytib qo‘yaman», dedi.
Hazrat: «U konduktor men bilan birga qayergacha boradi?» deb so‘radilar.
Konduktor: «U uzoqqa ketadi. Undan ancha oldin sizning bekatingiz keladi», dedi.
Hazrat: «Yo‘q, men ancha uzoqqa ketaman, oxirat tarafga ketaman, qabrimga ketaman. Qaysi konduktor men bilan birga ketadi?» dedilar. Keyin: «Oxiratda mendan bir davlatga oid poyezdda yukning haqqini ado qilmay qilgan safaring va o‘g‘irliging hisobini ber degan talab bo‘lsa, u yerda qaysi konduktor menga yordam bera oladi?!» dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan