Nazr sohibi nazr qilingan hayvonning go'shtidan eyishi mumkinmi?
Cavol: Dadam yaqinda jarrohlik amaliyotiga kirishlaridan oldin nazr qildim, ya'ni Allohga va'da qildim, insha Alloh jarrohlik amaliyotidan shifo topib chiqsalar, bitta mol so'yib ehson qilaman deb. Shu nazr qilingan go'shtni man eyishim mumkin emasmi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Ko'zlagan maqsadi hosil bo'lsa, nazrni ado etish vojib bo'ladi. Qurbonlikdan boshqa niyatda, misol uchun, “Falon hojatim ravo bo'lsa, jonliq so'yaman (dardga davo topilishi, mushkulotlarning arishi, safardagilarning eson-omon qaytib kelishi va hokazo)” degan niyatda jonliq so'yish nazr qilinganda so'yilgan jonliqning go'shtini sadaqa olishga haqli bo'lganlarga ulashib berish vojib bo'ladi. Bunda nazr sohibi va uning ahli hamda boy insonlar nazr qilingan jonliqning go'shtidan eyishi halol bo'lmaydi.
“Zakot va ushrni olishga haqli toifa fitr sadaqasi, kafforat, nazr kabi vojib sadaqalarni olish uchun haqli o'rin hisoblanadi. “Ko'histoniy”da shunday kelgan” (“Raddul Muhtor” kitobi).
“Kishining (o'zi so'ygan) nazr va kafforat uchun so'yilgan jonliqlar, ihsor (hajdan to'silgan), haramga etib bormagan ixtiyoriy qurbonliklardan garchi faqir bo'lsa ham eyishi mumkin emas. Shuningdek, orasida tug'ishganlik va er-xotinlik aloqasi borlar hamda boy shaxslar eya olmaydi. Umuman olganda zakot olishi halol bo'lmaydigan kishilarning bu jonliqdan eyish mumkin emas”. (“G'unyatun nosik” kitobi). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Madina shahrida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha o‘nta muqaddas joylar mavjud. Ulardan biri — Banu Unayf masjidi bo‘lib, u Kubo masjididan janubiy-g‘arbiy tomonga, al-U’sba mahallasiga 500 metrdan yaqinroq bo‘lgan masofada joylashgan.
IQNA axborot agentligi Saudiya Arabistonining “VAS” agentligiga tayanib xabar berishicha, ushbu tarixiy masjid o‘z nomini Kubo ahli bilan ittifoqchi bo‘lgan Bali qabilasining tarmog‘i — Banu Unayf qabilasi nomi bilan atagan.
Ba’zi tarixchilar ushbu masjidni ”As-Subh” yoki “Al-Musabbah” nomlari bilan ham bilishadi. Masjid o‘zining asl va sodda me’morchiligi bilan tanilgan: u qora tusli vulqon toshlaridan qurilgan va uning tom qismi yo‘q. Masjid maydoni taxminan 37,5 kvadrat metrni tashkil qiladi.
Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq joylarni saqlash va Saudiya Arabistonidagi “Nigoh – 2030 dasturi” maqsadlariga muvofiq ravishda ushbu masjid kapital ta’mirdan chiqarildi.
Banu Unayf masjidi madaniy va diniy turizm loyihalariga kiritilgan bo‘lib, Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi uni amalga oshirishni nazorat qilmoqda. Bu esa ziyoratchilarni Madinadagi tarixiy va diniy joylar bilan tanishtirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi sanaladi.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi