Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Umra

29.07.2016   22917   10 min.
Umra

Umra ibodatini mukammal ado qilish uchun kishi o‘zini har tomonlama tayyorlaydi. Barcha amallar niyatga bog‘liq bo‘lgani uchun, ibodatda yagona maqsad Alloh taoloning roziligini istash bo‘lishi kerak.

 Agar dunyo noz – ne’matlariga erishmoqchi, “hoji” yoki “umraga borgan” nomlarini qozonmoqchi, “ho‘ja ko‘rsin” yoki asosiy maqsadi o‘zga yurtlarni sayr qilib, bir yo‘la umrani ado etib kelmoqchi bo‘lsa, umra ibodati qabul bo‘lmaydi.  Alloh taolo buyuradi:

 

وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّه

 “Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting!”. Baqara surasi, 196.

 

عَنْ أبِى هُرَيْرَةَ ؛ أن رَسُولَ اللهِ ( صلى الله عليه وسلم ) قَال : (العُمْرَةِ إِلَىَ العُمْرَةِ كَفَارَة لِمَا بَيْنَهُمَا

 Abu Hurayra roziyallohu anhudan naql qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Umra keyingi umragacha qilgan gunohlariga kafforatdir...”. Sahihi Buxoriy, 1773.

 عن عطاء قال سمعت ابن عباس رضي الله عنهما يخبرنا يقول قال رسول الله صلى الله عليه وسلم لامرأة من الأنصار سماها ابن عباس فنسيت اسمها ما منعك أن تحجين معنا قالت كان لنا ناضح فركبه أبو فلان وابنه لزوجها وابنها وترك ناضحا ننضح عليه قال فإذا كان رمضان اعتمري فيه فإن عمرة في رمضان حجة

 Ato roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Ibn Abbos roziyallohu anhu aytdilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ansoriy ayolga: “....Ramazon oyi kelsa u oyda umra qilgin, chunki ramazon oyidagi umra haj qilgan bilan barobar savobga egadir”-dedilar. Termiziy rivoyati. 
Mazhabimiz xulosasiga ko‘ra umra sunnati muakkadadir. U buyuk ziyoratdir! Zero, musulmon kishi bunda butun qalbi, ruhi va badani ila Alloh taolo uchun eng suyukli bo‘lgan joyni ziyorat qiladi. Bu omonlik diyorida ko‘ngillar xotirjam bo‘ladi, ko‘zlar esa uni ko‘rishlikka oshiq bo‘ladi. Bu diyor musulmonlar qalbidan ulkan o‘rin egallagan Makka va Madinadir.
Hammamizga ma’lumki, umra qilishni qasd qilgan har bir musulmon  ulug‘ ibodatni to‘la-to‘kis ado etishni istaydi. O‘z-o‘zidan biz uchun bu nafaqat ibodat, balki uzoq masofali safar hamdir. Shu sababli, umra qilishni qasd qilgan har bir kishi umra qonun – qoidalari bilan bir qatorda safar qoidalari va odoblarini yaxshilab o‘rganishi lozimdir. Ular quyidagilardir:

 

  1. Umra ibodatini avvalo xolis Alloh taolo uchun niyat qilish uning maqbul bo‘lishidagi asosiy shartlardan biridir. Zero, riyo aralashgan amal binolarining poydevorlari o‘sha binolarni qulatadi;
  2. Bu ulug‘ ibodat safariga otlanishdan oldin gardanidagi boshqalarning haqlarini o‘z egalariga qaytarishi;
  3. Mol-mulk sifatida qiymatga ega bo‘lgan narsa qo‘lida mavjud bo‘lsa safardan oldin uni vasiyat qilib qo‘yishi;
  4. Bu ibodat safari uchun mo‘ljallangan mablag‘ halol yo‘l bilan topilgan bo‘lishi;
  5. Yo‘lga chiqishdan avval oilasiga hadisda aytilganidek quyidagi duoni aytadi:

 أسْتَوْدِعُكُمُ اللهَ الّذِي لَا تَضِيعُ وَدَائِعُهُ

 “Astavdi’ukumulllohal-laziy la tazi’u vada’iuhu (ma’nosi: “Sizlarni Unga topshirilgan omonatlar zoye bo‘lmaydigan Zot Allohga omonat topshirdim”)”. Ibni Moja rivoyati;

 

  1. Avtomashina, tayyora yoki shunga o‘xshash safar ulovlariga minganida ushbu hadisga amal qiladi:

 

عن ابن عمر رضي الله عنهما ( أن رسول الله ( صلى الله عليه وسلم ) كان إذا استوى على بعيره خارجاً للسفر حمد الله تعالى وسبح وكبر ثلاثاً ثم قال سبحان الذي سخر لنا هذا وما كنا له مقرنين وإنا إلى ربنا لمنقلبون اللهم إنا نسألك في سفرنا هذا البر والتقوى ومن العمل ما ترضى اللهم هون سفرنا هذا واطو عنا بعده اللهم أنت الصاحب في السفر والخليفة في الأهل اللهم إني أعوذ بك من وَعْثَاءِ السفر وكآبة المنظر وسوء المنقلب في الأهل والمال والولد وإذا رجع قالهن وزاد فيهم آيبون تائبون عابدون لربنا حامدون ) قوله وعثاء السفر : يعني تعبه وشدته ومشقته وكآبة المنظر وسوء المنقلب الكآبة الحزن والمنقلب المرجع وذلك أن يعود من سفره حزيناً كثيباً أو يصادف ما يحزنه في أهل أو مال

 
Ibni umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarga chiqib tuyalariga o‘rnashsalar Allohga hamd (Alhamdulillah), tasbeh (Subhanalloh) va uch marotaba takbir (Allohu akbar)ni aytib shunday derdilar: “Subhanallaziy saxxoro lana haza va ma kunna  lahu muqriniyn. Va inna ila Robbina munqolibun. Allohumma inna nas’aluka fiy safarina haza al-birro vat-taqva va minal amali ma tarzo. Allhumma havvin safarona haza vatvi anna bu’dahu. Allohumma antas-sohibu fis-safari val xolifatu fil ahli. Allohumma inniy a’uzu bika min va’sais-safar va kaabatil manzor va suil munqolab fil ahli val mali val valad” (ma’nosi: “Bizlarga bu (ulov)ni bo‘ysundirib qo‘ygan zotga tasbeh aytamiz. Bizlar o‘zimiz bunga qodir emas edik. Albatta, bizlar (barchamiz) Rabbimiz (huzuri)ga qaytuvchidirmiz. Yo, Alloh! Biz Sendan ushbu safarimizda yaxshilik, taqvo va O‘zing rozi bo‘ladigan amalni so‘raymiz. Yo, Alloh! Ushbu safarimizni yengillashtir va uzog‘ini yaqin qil. Yo, Alloh! Sen safarda hamroh va ahli-oilaga kafildirsan. Yo, Alloh! Men Sendan safar qiyinchiliklari, g‘amga soluvchi manzara hamda ahli-oila, mol va farzandga yomon holda qaytishdan panoh tilayman”).

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytganlarida esa: “Ayibuna taibuna abiduna lirobbina hamiduna” (ma’nosi: “Yo, Alloh! Qaytishimizni tavba qiluvchi, ibodat qiluvchi va hamd aytuvchi holda qilgin”), jumlasini qo‘shib qo‘yardilar. Muslim rivoyati.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon ulovga minmoqchi bo‘lsalar oyoqlarini uzangiga qo‘yishlari bilan: “Bismilloh”, – der ekanlar. Egarga o‘rnashib olganlaridan keyin: “Alhamdu lillahi ala kulli hal. Subhanallaziy saxxoro lana haza, vama kunna lahu muqriniyn. Va inna ila Robbina lamunqolibun”, – deb qo‘yar ekanlar. Ulovga miniladigan hayvonlardan tashqari zamonaviy yo‘l vositalari ham kiradi.

  1. Safarlari davomida balandlikka ko‘tarilsalar “Allohu akbar”, pastlikka tushsalar “Subhanalloh”deyishlari Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifga ko‘ra sunnatdir;
  2. Duo qilishni ko‘paytirish yaxshidir:

 

أبي هريرة عن النبي قال: "ثلاث دعوات مستجابات لا شك فيهن: دعوة المظلوم، ودعوة المسافر، ودعوة الوالد لولده"

 Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Uchta duo borki, shaksiz mustajobdir. Mazlumning, musofirning va ota-onaning farzandiga qilgan duosi”. Termiziy rivoyati.

  1. Allohni zikr qilish, qiroat qilish va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovatni ko‘paytirish umra odoblaridandir. Xususan, masjidul haromda ibodatni ko‘paytirishga targ‘ib qilingan:

 

عن عبد الله بن الزبير قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : " صلاة في مسجدي هذا أفضل من ألف صلاة فيما سواه من المساجد إلا المسجد الحرام وصلاة في المسجد الحرام أفضل من صلاة في مسجدي هذا بمائة صلاة"

 Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu aytdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:“Mening ushbu masjidimda o‘qilgan namoz undan boshqa masjidlarda o‘qilgan mingta namozdan afzaldir. Faqatgina masjidul harom bundan mustasnodir. Masjidul haromda o‘qilgan namoz mening masjidimda o‘qilgan yuzta namozdan afzaldir”. Imom Ahmad rivoyati.

  1.  Ushbu ulug‘ umra ziyoratidan oldin umra ziyoratiga oid barcha qonun-qoidalarni yaxshilab, xususan ilm egalaridan o‘rganishi umrani to‘la-to‘kis bo‘lishidagi asosiy omillardan biridir.Xususan, bizning diyorimizda boshqa joylardan farqli o‘laroq haj yoki umra ibodatini vatandoshlarimiz to‘liq ado qilishlari uchun ahli ilmlardan iborat har ellik kishilik guruhlarga yellikboshilar biriktiriladir.
  2. Hamrohlaridan ajralmaslikka harakat qiladi. Chunki ba’zi sahobalar bir yerga tushib, so‘ng har xil qishloq va vodiylarga tarqalib ketishganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bunday tarqalib ketishingiz shaytondandir” deb tanbeh berganlar. Imom Abu Dovud rivoyati.
  3. Shariatimiz buyrug‘iga ko‘ra ishboshilarga bo‘ysunish shart bo‘lganidek, har bir umra qiluvchi o‘z guruhi rahbari ellikboshiga bo‘ysunishi lozim. Chunki yellikboshi aynan diniy ilmalar, xususan, haj va umra ilmlarini yaxshi bilganlari sababli vatandoshlarimizning haj va umralarini to‘liq va mukammal bo‘lishini ta’minlash uchun shu xizmatga bo‘ladilar;
  4. Umra davomida hamrohlari bilan urishmaydi. Tiqilinch hosil qilmaydi. Gunoh ishlardan chetlashadi. Toqati va ilmi darajasida yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaradi. Hech kimga qo‘li va tili bilan ozor bermaydi. Chaqimqilik, g‘iybat va yolg‘on gaplarni aytmaydi. Unga odamlarning hojati tushsa yordamlashadi;
  5. Umradan qaytgandan keyin uni kutib olishga chiqqanlar bilan quchoqlashib ko‘rishadi. Uyga kelganlarni mehmon qilishi va hadyalar ulashishi mustahabdir.

 Alloh taolo umra ziyoratiga otlangan vatandoshlarimizning safarlarini bexatar, ibodatlarini o‘z dagohida qabul qilsin!

 

Jahongir Ubaydulloh,
T

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari — ilmiy kengash yig‘ilishida muhokama qilindi

16.09.2026   25843   4 min.
Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari — ilmiy kengash yig‘ilishida muhokama qilindi

Xalqaro media maydonida yo‘lga qo‘yilayotgan yangi hamkorliklar va ilmiy-madaniy loyihalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi doirasida boshlangan hamkorliklarning keyingi bosqichi sifatida Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida maxsus taqdimot, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ko‘rgazma o‘tkazish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalarning natijalari va ularga tayyorgarlik jarayoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.


Yig‘ilishda Ilmiy kengash a’zolari, olim va tadqiqotchilar hamda tegishli yo‘nalishlar uchun mas’ul xodimlar ishtirok etdi.


Unda dastlab xalqaro mediaforumning natijalari tahlil qilindi. Qayd etilganidek, mazkur forum Markazning xalqaro axborot va ilmiy maydondagi faoliyatini kengroq namoyish etish, xorijiy jurnalistlar, media ekspertlar, olim va tadqiqotchilar bilan yangi professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.


Forum davomida Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyati, O‘zbekiston hududida shakllangan islomiy ilm-fan va madaniyat merosi, shuningdek, ushbu merosni zamonaviy media vositalari orqali xalqaro auditoriyaga yetkazish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Xorijiy OAV vakillarining Markaz faoliyatiga bildirgan qiziqishi hamda o‘zaro muloqotlar kelgusidagi hamkorliklar uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirgani ta’kidlandi.


Shu munosabat bilan forum doirasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalarni izchil davom ettirish, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Markazning ilmiy loyihalari va tadqiqotlarini xalqaro auditoriyaga kengroq yetkazish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.


Ilmiy kengash yig‘ilishida Markazning xalqaro ilmiy-madaniy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan istiqbolli loyihalardan biri — Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan maxsus taqdimot, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ko‘rgazma loyihasiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Mazkur tadbirlar orqali Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-tadqiqot faoliyati, mamlakat hududida shakllangan ilm-fan, ma’rifat, madaniyat va tarixiy merosning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini xalqaro ilmiy jamoatchilikka kengroq tanitish maqsad qilingan.


Ayni paytda loyiha doirasida xalqaro olim va tadqiqotchilarni tadbirlarga jalb etish, ilmiy muassasalar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, taqdimot va konferensiya dasturini shakllantirish, shuningdek, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini ilmiy va mazmun jihatdan tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.


Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov Parijdagi tadbirlarga tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot berdi:

“Fransiyadan 50 ga yaqin olim va tadqiqotchiga taklifnomalar yuborilgan. Shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar vakillarini jalb etish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirning yana bir muhim qismi — YUNЕSKO Bosh qarorgohida tashkil etiladigan ko‘rgazma loyihasi. Besh ekspozitsiyadan iborat ko‘rgazma orqali O‘zbekiston hududida shakllangan ilm-fan, madaniyat va tarixiy merosning muhim jihatlarini xalqaro jamoatchilikka namoyish etish rejalashtirilgan. Ko‘rgazma uchun 35 ta muhim artefakt va 200 ga yaqin qadimiy kitob, shuningdek, tarixiy obidalar maketlarini taqdim etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”.


Ilmiy kengash a’zolari tomonidan mazkur loyihalarning mazmun-mohiyati, ilmiy asoslanganligi va ularni xalqaro auditoriyaga taqdim etish usullari yuzasidan ham fikr almashildi.


Xususan, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini shakllantirishda tarixiy manbalarning ilmiy qiymati, artefaktlarning tarixiy ahamiyati va ularning O‘zbekiston hududidagi islom sivilizatsiyasi taraqqiyoti bilan bog‘liq jihatlarini aniq va ishonchli ma’lumotlar asosida yoritish muhimligi qayd etildi.


Shuningdek, xalqaro auditoriyaga taqdim etiladigan materiallarda O‘zbekiston zaminida yuzaga kelgan ilmiy maktablar, buyuk allomalarning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi hamda bugungi kunda ushbu ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng qamrab olinishi zarurligi ta’kidlandi.


Yig‘ilish yakunida xalqaro mediaforumda erishilgan natijalarni amaliy loyihalar bilan davom ettirish, xorijiy OAV va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarga tayyorgarlik ishlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyati va O‘zbekistonning boy islomiy ilmiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi. 

 

iccu.uz

Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari — ilmiy kengash yig‘ilishida muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari