Qori va muhaddislar ustozi, mujavvid va qiroat ilmi ulamolarining imomi, o‘zi zamonasidan tortib to bizning davrimizgacha qiroat va tajvid ilmining shayxi va olimlar gultoji bo‘lib kelayotgan,“Al-Jazariy” taxallusi bilan tanilgan bu zotning to‘liq ismi shariflari Alloma Hofiz Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Yusuf ibn al-Jazariy, Shamsiddin ad-Damashqiy ash-Shofi’iy bo‘lib, kunyalari “Abul Xayr”dir. Tavalludlari hijriy 751 yili Ramazon oyining yigirma beshinchi kuni, milodiy 1350 yilning o‘ttizinchi noyabr, juma kuniga to‘g‘ri keladi.
U zotning tavalludlari ham ajoyib voqea bo‘lgan. Hikoya qilinishicha, qirq yil farzand ko‘rmagan keksa otalari omonatdor tojirlardan bo‘lib, 750 hijriy yili muborak haj safariga boradilar. Bu ibodat amallarini bajarib bo‘lgach, tavof qilganlaridan so‘ng Alloh taolodan o‘zlariga solih, olim farzand ato etishini so‘rab, Zamzam suvidan ichib duo qiladilar va diyorlariga qaytadilar. Bir yil o‘tgach, Ramazon oyining yigirma beshinchi kechasida taroveh namozidan so‘ng biz “Imom Jazariy” deb ulug‘layotgan inson dunyoga keladi.
Muhammad ibn al-Jazariy tug‘ilgan shaharlarida o‘sib ulg‘aydilar va 13 yoshida Qur’oni karimni to‘laligicha yod olib, 14 yoshida odamlarga imomlik qila boshlaydilar. 15 yashar o‘smirlik davrlarida Shayx Abdulvahhob ibn Sallor, Ahmad ibn Ibrohim ibn Tahhon va Ahmad ibn Rajab huzurlarida qiroatlarni ifrod (alohida-alohida) tajvid asosida o‘qib berganlar. O‘n yetti yoshga yetganlarida esa, Shayx Abul Maoliy ibn Al-Labbon nazoratlari ostida qiroatlarni kitob qilib jamlaydilar. Yoshliklaridanoq zamonasining ko‘plab yetuk qiroat sohiblari va ilm ahllaridan qiroat ilmlari bilan birga tafsir, hadis, fiqh, usulul fiqh, aqoid, balog‘at, sarf va nahv kabi ilmlarni saboq olib, o‘zlashtiradilar. Bir necha marta haj ibodatini ado etadilar. Misrga qayta-qayta safar qilar ekanlar, u yerdagi qiroat imomlaridan saboq olar va o‘z qiroatini ham ular imtihonidan o‘tkazar edilar.
Dimyotiy va Abarquhiy as'hoblari, shuningdek, Faxr ibn Buxoriyning bir jamoasi va boshqalardan hadis ilmini ta’lim oladilar. Fiqh ilmini esa, Shayx Abdurahim al-Isnaviy va uning safdoshlaridan o‘rganadilar. “Usul, ma’oniy va bayon” ilmlarini Misrda Shayx Ziyouddin Sa’dulloh al-Qazviyniy va boshqalardan o‘zlashtiradilar. U zotga vafotidan oldin, hijriy 774 yili Shayxul Islom muhaddis, muarrix Abu Fido Ismoil Ibn Kasir, 779 yili Shayx Ziyouddin, shuningdek, 785 yili Shayxul Islom al-Bulqiyniylar fatvo chiqarishga izn berishgan.
Umaviylar barpo etgan jomeda qiroat ilmini mukammal o‘zlashtirib, o‘sha joydagi mashhur qorilarga rais bo‘ladilar va ko‘pchilikka qiroat ilmini o‘rgatadilar. Damashqda Qur’oni karimga bag‘ishlab “Dor al-Qur’on al-karim” nomli madrasa bino qiladilar. Hijriy 793 yildan boshlab Shom(Suriya)da bir necha yil qozilik qilganlaridan so‘ng, 798 yili Rum (hozirgi Turkiya)ga safar qilib, Bursa shahrida Boyazid ibn Usmon[1] bilan uchrashadilar.
Alloma ilm olish va tarqatish yo‘lida ko‘p yurtlarga safar qilgan. Jumladan, haj ibodatini ado etgach, Hijozga borganida ba’zi kishilar Imom Jazariyga: “Bursa shahrida Qur’oni karimni o‘rganmoqchi bo‘lgan tolibi ilmlar bor, ular sizdan tahsil olishni orzu qilishadi. Lekin yoningizga kelib, ilm o‘rganish uchun yetarli mablag‘lari yo‘q”, deyishadi. Shunda ul zot: “Unday bo‘lsa, ularning oldiga men boraman”, deydi-da, Jiddadan kemaga chiqib, Qohiraga yo‘l oladi. Qohiradan Iskandariyaga, undan O‘rta Yer dengizi orqali Antokiyaga yetib keladi va shu yerlik bir kishining uyida mehmon bo‘ladi. Imom Jazariydan Qur’on ilmlarini o‘rganishni orzu qilgan bursalik tolibi ilm olimni Hijozda ekani xabarini olgach, shu tomon otlanib, Bursadan Antokiyaga keladi. Talaba xufton namoziga azon aytilgach, masjidga kiradi. Namoz tugab, odamlar tarqay boshlaydi. Shunda antokiyalik bir kishi uning musofir ekanini sezib, turar joyi bor-yo‘qligini so‘raydi. Talabadan boradigan yeri yo‘qligini eshitgach, o‘z uyiga olib borib mehmon qiladi. Kechki ovqat paytidagi suhbat asnosida: “Bugun yurtimizga Islomning buyuk ulamolaridan Muhammad ibn Jazariy keldi”, deydi mezbon. Bu gapni eshitgan ilm tolibi o‘rnidan sakrab turadi: “Allohga qasamki, u zotni ko‘rmagunimcha uxlamayman!” Mezbon: “Bu kecha dam ol, ertaga ko‘rasan”, desa ham, baribir ko‘nmay turib oladi. Shunda ikkovlari Imom Jazariy mehmon bo‘lib tushgan uyni so‘rab-surishtirib yo‘lga chiqishadi. Tolibi ilm olim bilan ko‘rishgach, yig‘lab yuboradi, sevinchidan terisiga sig‘maydi. Olim bo‘lgan voqeani eshitgach, mehri tovlanadi. Talaba Qur’oni karimni to‘laligicha yod olgach, Antokiyada qoladi. Undan so‘ng Bursaga borib, tolibi ilmlarga saboq beradi.
Boyazid ko‘rsatgan hurmat va ehtiromga javoban imom u yerda bir necha yil istiqomat qilib, yurt aholisiga qiroat va hadis ilmini ta’lim beradilar. Ko‘pchilik bundan unumli foydalanadi. Shuningdek, u zotdan ko‘p kishi o‘n xil qiroatni mukammal o‘rganadi. O‘sha diyorda ikki jildli “An-Nashr fiy al-qiroot al-ashr” nomli asarini ta’lif etadilar. Hijriy 805 yili bobokalonimiz Amir Temur u zotni Rumdan Movarounnahr diyoriga olib keladi. Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahrida Sohibqiron saltanati ostida hayot kechiradilar. Kesh va Samarqand aholisining bir jamoasi u zotdan tahsil oladi. Amir Temur bu buyuk imomga doimo hurmat-ehtirom ko‘rsatib, ulug‘lar edilar.
Keshda Abdulqodir ibn Tilla ar-Rumiy, Hofiz Boyazid Keshiy va Hofiz Mahmud ibn Muqriylar u kishidan o‘n xil qiroat ilmini o‘rganib, qiroatlar shayxlari unvonini olishadi.
Hikoya qilinishicha, Imom Muhammad Jazariy Rumdan Samarqandga kelganlarida Sohibqiron katta bazm uyushtiradilar. Unga taklif etilgan amir va zodagonlarga chap tarafdan, olimlarga esa, o‘ng tarafdan joy ajratishni buyuradi. Imom Jazariyga esa ulamolarga ajratilgan joyning old qismidan, Alloma Sayyid Sharif Jurjoniydan[2] yuqoriroqdan o‘rin hozirlashga amr qiladi. Sababi so‘ralganida, Sohibqiron: “Kitob va sunnat bilimdoni bo‘lgan zotni hurmat qilmay bo‘ladimi?!” deya javob bergan ekanlar[3].
Alloma Muhammad Jazariy Amir Temur vafotlaridan so‘ng, hijriy 807 yili Movarounnahrni tark etib, Xurosonning Hirot shahriga safar qiladilar. U yerda ham ko‘pchilikka o‘n xil qiroatdan dars beradilar. So‘ng Yazdinga qaytib kelganlarida, u yerlik aholining ham bir guruhi u zot qo‘lida o‘nta qiroatni mukammal o‘rganadi. Hofiz al-muqriy al-fozil Shamsiddin ibn Muhammad ad-Dabbog‘ al-Bag‘dodiy shular jumlasidandir. Keyin Asbahonga safar qiladilar. U yerda ham aholining ko‘pchiligi u zotdan saboq oladi. Hijriy 808 yili Ramazon oyida Sheroz[4] shahriga yetib keladilar. Yurt sultoni Bir Muhammad u zotni o‘z diyorida olib qolish maqsadida unga qozilik vazifasini topshiradi. Shunday qilib, u yerda ham bir oz muddat qoladilar. Bundan ko‘pchilik yaxshi foydalanib, u zotdan qiroat ilmini o‘rganadi. Haj ibodatini ado etish niyatida Basra orqali yo‘lga chiqadilar. Ikki dovon oshib, Unayza shahriga yetgach, Bani Lom a’robiylari u zotni tutib, bor narsalarini tortib olishadi. Unayzaga qaytib, u yerda uchta qiroatga bag‘ishlab “Ad-Durra” nomli nazmiy asarini yozadi. So‘ng Alloh taolo unga haj ibodati amalini ado qilishni nasib etadi. Haramayn ash-sharifaynda bir muddat istiqomat qiladilar. Shu muddat ichida ham ko‘pchilik u zotdan ta’lim oladi.Qohira va Yamanga bir necha marta safar qiladilar. Safar davomida o‘zlari ilm olishlari bilan birga juda ko‘p insonlarga qiroat, hadis va boshqa ilmlardan ta’lim beradilar.
Imom Jazariyning ustozlari ko‘p bo‘lib, eng mashhurlari quyidagilardir:
Muhammad Jazariy zamonasining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan ta’lim olish bilan birga o‘zlari ham ko‘plab shogird yetishtirganlar. Ularning eng mashhurlari quyidagilar:
Imom Jazariy ilmiy faoliyatlari davomida tafsir, hadis, fiqh, tarix va arab tili grammatikasi kabi turli fanlarga doir yetmishdan ortiq ilmiy asartasnif etganlar.Ularning ko‘plari qiroat va tajvid ilmiga bag‘ishlangan. Bugungi kunda u zotning asarlari ichida nashr qilinganlari, qo‘lyozma nusxalari va bizgacha yetib kelmaganlari bo‘lib, eng mashhurlariushbulardir:
Qur’on va qiroat ilmiga doir asarlari:
Hadis ilmiga doir asarlari:
Fiqh ilmlariga doir asarlari:
Nahvga(arab tili grammatikasi) doir asarlari:
Tarixga doir asarlari:
Turli mavzularga doir asarlari:
Qiroat ilmining beqiyos olimi Muhammad Jazariy sermazmun umrlarining oxirini Sherozda o‘tkazdilar. U zot hijriy 833yili rabiul avval oyining beshinchi, juma kunining tongida 82 yoshda vafot etdilar va o‘zlari qurdirgan “Dorul Qur’on” madrasasiga dafn qilindilar. U zotning janozalariga katta-yukichik, xosuavomdan iborat juda katta jamoat yig‘ildi. Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lib, rahmatiga olsin va yotgan joylarini munavvar qilsin!
“Jazariy matni” kitobidan
[1] Ko‘pgina tarix kitoblarida “Yeldirim Boyazid” nomi bilan mashhur.
[2] U zotning to‘liq nomi Ali ibn Muhammad ibn Ali bo‘lib, “Sayyid Sharif” nomi bilan tanilgan. Hijriy 740, milodiy 1340 yili Astrobod yaqinida tavallud topgan. Ilm talabida o‘smirlik davri asosan Sherozda o‘tgan. Diniy fanlarda chuqur ilmga ega bo‘lgan. Shuningdek, tabiiy fanlarni ham o‘zlashtirgan. Hijriy 789 yili Samarqandga kelib, Amir Temur e’tiborini qozongan. Jami bo‘lib ellikka yaqin kitob tasnif qilgan va hijriy 816, milodiy 1413 yili Sherozda vafot etgan.
[3] “Shaqoiqun-nu’moniyya”, 4-juz, 398-bet.
[4] Qadimgi Fors yurti poytaxti bo‘lgan, Eronning janubi-sharqida joylashgan.
[5] Hijriy 702-782 yillari yashab o‘tgan. Imom Jazariy undan Ibn Omir va Kisoiylarning qiroatlarini ta’lim olgan.
[6] Damashqlik buyuk imom, qozi, hijriy 691 yili tug‘ilib, hijriy 779 yili Damashqda vafot etgan.
[7] Laqablari “Shamsiddin”. Hijriy 704 yili Qohirada tug‘ilgan. Qiroat ilmidan tashqari ko‘p ilmlarda mohir bo‘lgan. Hijriy 777 yili vafot etgan.
[8] Hijriy 698 yili tug‘ilgan. Imom, muqri’, muhaqqiq va orif zotlardan, yetti qiroat sohiblaridan bo‘lgan. Hijriy 782 yili sha’bon oyida vafot etgan va “Sufiyya” maqbarasida dafn qilingan. Vafotidan so‘ng shogirdlariga ta’lim berishda ImomJazariy u zot o‘rniga o‘tirgan.
[9] Madinai munavvara shayxi, masjid an-Nabaviyda ko‘p yillar imom-xatib bo‘lgan. Imom Jazariy 768 yili haj ibodatini ado etish uchun Makka va Madinaga safar qilganida u zot bilan uchrashgan.
[10] Laqablari “Imodud-din”. Hijriy 701 yili Misrda tug‘ilib, 774 yili Damashqda vafot etgan. U zot mufassir va muhaddislar imomi, buyuk muarrix va muhaqqiq olim bo‘lib, ko‘p kitoblar muallifidir.
[11] Hijriy 724 yili Misrning Bulqiyniya shahrida tug‘ilgan. Qohirada zamonasining buyuk ulamolari qo‘lida ta’lim olgan. Asrning tengsiz olimi bo‘lmish bu zot hijriy 805 yilning zulqa’da oyida vafot etgan.
[12] Imom Bag‘aviyning “Al-Masobiyh” kitobiga uch jildlik sharh.