frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

«Baqara» va «Oli imron»

24.07.2016   21251   20 min.
«Baqara» va «Oli imron»

1. ««Baqara» Qur’onning cho‘qqisidir, uning har bir oyati bilan saksonta farishta tushgan. «Baqara» surasining 255-oyati

اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ

Arsh ostidan chiqarilib, «Baqara»ga qo‘shilgan». (Imom Ahmad «Musnad»larida Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar.)

 

2. «Kim yettita uzun suralarni yodlasa, u olimdir».(Imom Ahmad va imom Hokimning «Musnad»larida Oisha onamizdan rivoyat qilingan)

 

3. Yaziyd ibn Asvad aytadi: «Kimki «Baqara» va «Oli Imron» suralarini kunduzi o‘qisa, to kechgacha munofiqlikdan omon bo‘ladi, kim u ikkisini kechasi o‘qisa, tong otguncha munofiqlikdan omon bo‘ladi». (Sa’iyd ibn Mansur, Bayhaqiy va Abu Ubayd rivoyat qilganlar.)

 

4.     «Kim «Oli Imron» surasini o‘qisa, u boydir». (Dorimiy va Abu Ubayd ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar.)

 

5.     «Kishi kechaning oxirida o‘qiydigan «Oli Imron» surasi kambag‘alning qanday ham yaxshi xazinasidir». (Dorimiy, Abu Ubayd va Bayhaqiy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan mavquf holatda rivoyat qilganlar.)

 

6.     «Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni sohiblariga shafoatchi bo‘lib keladi. «Zahrovayn» (ikki gul) – «Baqara» va «Oli Imron»ni o‘qinglar, chunki u ikkisi qiyomat kuni go‘yo ikki bulutdek, yoki ikki soyabondek, yoki saflangan qushlarning ikki bo‘lagidek bo‘lib, sohiblari haqida hujjat talashadi (bu shafoat qilinishining mubolag‘ali ifodasidir). «Baqara» surasini o‘qinglar, chunki uni olish baraka, tark qilish esa nadomatdir, unga sehrgarlar qodir bo‘lmaydi (yani o‘quvchisiga zarar yetkazishga qodir bo‘lmaydi)». (Imom Muslim, imom Termiziy va boshqalar Abu Umoma Bohiliydan marfu’ holatda rivoyat qilganlar.)

 

7.     «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam elchilarni jo‘natdilar, ular bir necha nafar edilar. Ulardan Qur’on o‘qishlarini so‘radilar, ulardan har bir kishi o‘zi yodlagan Qur’onini o‘qidi, navbat yoshi ulug‘laridan bo‘lgan bir kishiga keldi. «Qancha Qur’on yodlagansan, ey Falonchi?» dedilar. U: «Falon,  falon va «Baqara» surasini yodlaganman», dedi. «Baqara surasini yodlaganmisan?» dedilar.U:«Ha», dedi. «Bor, sen ularning amirisan», dedilar.Ulug‘laridan bo‘lgan bir kishi: «Allohga qasamki,«Baqara» surasini (tahajjud namozida) u bilan qoim bo‘la olmay qolishimdan qo‘rqqanim uchungina o‘rganmadim, ey Allohning Rasuli», dedi.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Qur’onni o‘rganinglar, uni o‘qinglar va o‘qitinglar.Chunki uni o‘rgangan, o‘qigan va u bilan qoim bo‘lganuchun Qur’on misoli mushk to‘ldirilgan qopdir.Hidini hamma joyga taratadi(yani qorining ko‘ksi qop kabi, undagi Qur’on mushk kabidir.Agar Qur’onni o‘qisa, uning barokati undan uyiga va eshituvchilarga yetadi). Va Qur’onni o‘rganib, u qalbida bo‘lgan holatda yotgan odamning misoli mushk solinib, og‘zi yopib qo‘yilgan qopga o‘xshaydi». (Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan)

 

8.     «Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Kecha Sobit ibn Qays ibn Shumosning uyi chiroqlar bilan yarqirab turganini ko‘rmadingizmi?» deyilgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Balki u «Baqara» surasini o‘qigandir», dedilar. Sobitdan so‘ralgan edi, ««Baqara» surasini o‘qidim», dedi». (Ibn Kasir va boshqalarning «Tafsir»larida kelganidek, Abu Dovud mursal yo‘l bilan rivoyat qilganlar.)

 

9.        Abu Munibdan, u amakisidan rivoyat qiladi: «Bir kishi «Baqara» va «Oli Imron»ni o‘qidi. Namozini tugatganidan keyin Ka’b unga: ««Baqara» va «Oli Imron»ni o‘qidingmi?» dedi. U: «Ha», dedi. Ka’b: «Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, u ikkalasida agar u bilan duo qilinsa, ijobat bo‘ladigan Allohning ismi bor», dedi. U kishi: «Menga uning xabarini bering», dedi. Ka’b: «Yo‘q, Allohga qasamki, senga uning xabarini bermayman. Agar xabarini bersam, u bilan men ham, sen ham halok bo‘ladigan bir duoni qilishing mumkin», dedi. (Abu Ubayd, «Fazoilul Qur’on», 126-bet)

 

10.     Sulaym ibn Omirdan rivoyat qilinadi: «U Abu Umomaning «Birodaringizga tushida tog‘dagi uzun, notekis yoriq oralig‘ida insonlarning ketayotgani, tog‘ning tepasida ikkita yashil daraxt: «Orangizda «Baqara» surasini o‘qigan bormi? Orangizda «Oli Imron» surasini o‘qigan bormi?» deb nido qilayotgani, agar bir kishi «Ha», desa, to osilgunicha unga yashil shoxlari bilan yaqinlashib, uni tog‘dan o‘tkazib qo‘yayotgani ko‘rindi», deyayotganini eshitdi. (Abu Ubayd, «Fazoilul Qur’on», 126-bet)

 

11.     Abu Imrondan rivoyat qilinadi. U Ummu Dardoning shunday deyayotganini eshitdi: «Qur’on yodlaganlardan bo‘lgan bir kishi qo‘shnisinikiga bostirib kirib, uni o‘ldirdi. Qasos olinib, o‘zi ham o‘ldirildi. Qur’on undan surama-sura chiqib keta boshladi, «Baqara» va «Oli Imron» suralari to‘laligicha qoldi. So‘ngra «Oli Imron» undan chiqib ketdi va «Baqara» surasining o‘zi to‘laligicha qoldi. Unga:

مَا يُبَدَّلُ الْقَوْلُ لَدَيَّ وَمَا أَنَا بِظَلَّامٍ لِلْعَبِيدِ

«Mening huzurimda so‘z o‘zgarmas va Men bandalarga zulm qiluvchi emasman» (Qof surasi 29-oyat) deyildi. U («Baqara» surasi) go‘yo ulkan bulutdek bo‘lib chiqib ketdi».

 

       Abu Ubayd aytadi: «O‘ylaymanki, «Baqara» va «Oli Imron» suralari uni muhofaza qilib va unga ulfat bo‘lib, qabrida birga bo‘ldi. Va ikkalasi u bilan qolgan Qur’on suralaridan oxirgisi bo‘ldi». (Abu Ubayd, «Fazoilul Qur’on», 127-bet)

 

 

 

 

 

 

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   35282   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari