Majlis odobi
20.07.2016
6147
5 min.
Bismillahir rohmanir rohim
Inson ijtimoiy maxluqdir. Shu sababli xar bir inson xayoti davomida turli davralarda va turli majlislarda ishtirok etadi. Albatta, majlislar turli xil bo‘ladi. Ularni ikkita asosiy toifaga ajratadigan bo‘lsak, birinchisi; xayrli, foydali bo‘lgan majlislar. Ikkinchisi; befoyda, zararli bo‘lgan majlislar. Musulmon kishi qilayotgan xar bir ishida Allohning roziligini ko‘zlashi lozim. Shunday ekan, ishtirok etayotgan majlislari o‘zining foydasiga bo‘lishi va Allohning roziligini topishi uchun majlislarda o‘zini tutishda shariat ko‘rsatmalariga amal qilishi lozim bo‘ladi. Majlisning bir nechta odoblari mavjud.
- Majlisni Allohning zikri bilan obod qilish. Ya’ni, birorta davrada o‘tirsa, o‘sha davrada, albatta Allohning zikri bo‘lishligi kerak. Imom Amad ibn Hanbal rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Qaysi bir qavm biror majlisga o‘tirsa-yu, unda Allohni eslamasa, mana shu majlisini qiyomat kunida xasrat va nadomat ekanligini ko‘radi”.
- Yaxshi hamsuhbatni tanlash. Imom Termiziy rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kishi do‘stining dinida bo‘ladi. Har bir inson kimni do‘st tutayotganiga qarasin”.
- Majlisga kirib kelganida va undan ketayotganida salom berish. Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Sizlardan birortangiz bir majlisga kelsa, salom bersin. Agar o‘tirishga fursat bo‘lsa, o‘tirsin. Qachon majlisdan tursa, salom bersin. Birinchi salom ikkinchisidan ko‘ra haliroq emas. (ya’ni, birinchi salom qanchalik muhim bo‘lsa, ikkinchisi ham shunchalik muhimdir)”.
- Qo‘l berib ko‘rishish. Imom Abu Dovuddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallhou alayhi va sallam aytdilar: “Ikki musulmon uchrashib, bir-biri bilan qo‘l berib ko‘rishsa, Allohga hamd aytib, istig‘for aytsa, ularning gunohlari kechiriladi”.
- Uy egasi ko‘rsatgan joyga o‘tirish. Imom Termiziydan rivoyat qiliadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Kim bir qavmning uyiga kirsa, unga ko‘rsatilgan joyga o‘tirsin. Chunki o‘sha qavm uyining avratini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi”. Ko‘rsatilgan joyga o‘tirmasa, mehmonning bexosdan istalmagan narsalarga ko‘zi tushib qolish mumkin.
- Majlisga kelib o‘tirganida ikkita odamning o‘rtasiga ularning iznisiz o‘tirib olmaslik. Imom Abu Dovuddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ikki kishining orasiga ularning iznisiz o‘tirilmaydi”.
- O‘tirgan kishini o‘rnidan turg‘izmaslik. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir kishini turg‘izib o‘rniga o‘tirishdan qaytardilar”.
- Chap qo‘lni oraga qilib, yerga tayanib o‘tirmaslik. Umar ibn Sharikdan rivoyat qilinadi: “Men chap qo‘limni orqaga qilib yerga tayanib o‘tirganimda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) meni oldimdan o‘tib qoldilar va menga: “Ustiga g‘azab tushganlarni o‘tirishiday o‘tirmagin”, dedilar”, dedi.
- Majlisga kelgan kishi bo‘sh joyga o‘tirishligi. Jobir ibn Sumra (roziyallohu anhu) aytadi: “Biz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oldiga kirsak, majlisning oxiri qayerda bo‘lsa, o‘sha yerga o‘tirar edik”.
- Majlisda uch kishi bo‘lsa, undagi ikki kishi uchinchi odam oldida pichir-pichir qilmaslik. Chunki bunday holatda, uchinchi odam men haqimda gaplashishyapti degan gumonga borib qoladi. Majlisda uch kishidan ko‘p odam bo‘lsa, ikki kishining pichirlashishida karohiyat yo‘q.
- Yonidagi suhbatlashayotgan odamlarning gapini poylamaslik. Imom Buxoriy rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Kim bir qavm gaplashyotganida ularning gapiga quloq solib tursa, vaholangki, ular buni eshitishini xohlamayotgan edilar. Bunday odamning qulog‘iga qiyomat kunida qo‘rg‘oshin quyiladi”.
- Majlisdan bir kishi biror hojati uchun o‘rnidan turib majlisdan chiqsa, qaytib kelgach, o‘sha joyga o‘tiradigan eng haqli odam uning o‘zidir. Imom Muslimdan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Birortangiz majlisdagi joyidan tursa, so‘ngra qaytib kelsa, shu joyga boshqalardan ko‘ra haqliroqdir”.
- Majlisdan ketish uchun izn so‘rash. Chunki mehmonning uy egasi ko‘rsatishni istamagan narsalarga ko‘zi tushib qolishi mumkin. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytganlar: “Izn so‘rash ko‘z uchundir”, ya’ni, ko‘z biror narsani nogahon ko‘rib qolmaslik uchun so‘raladi.
- Majlis omonatini saqlash. Ya’ni, majlisdagi gaplarni tashqariga olib chiqmaslik, faqatgina majlisdagilarga zarar yetmaydigan va eshitganlarga manfaati bor gaplar bundan mustasno. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytganlar: “Majlislar omonatlari bilan bo‘ladi”.
- Duo majlisning kafforotidir. Payg‘ambarimiz sollallou alayi va sallam majlisda sodir bo‘lgan gunohlar va kamchiliklarga kafforot bo‘ladigan duoni bizga o‘rgatganlar. U zot majlis tugaganida shunday duo qilar edilar: “Subhanaka Allohumma va bihamdik, ashhadu allaa ilaaha illa anta astag‘firuk va atuvbu ilayk”.
Mana yuqorida sanab o‘tilgan odoblarga rioya qilsak, dunyoda ham oxiratda ham bizga foyda beradigan majlislar bo‘ladi, inshoalloh!
Husniddin Boyniyozov,
Toshkent viloyati Ohangaron
tuman bosh imom-xatibi
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING