Inson bosh miyasi eng kam o‘rganilgan, tananing juda muhim qismidir. Dunyodagi mashhur tibbiyot olimlari inson miyaning yangi omillarini o‘rganish ustida ko‘plab tadqiqotlar olib bormoqdalar.
Ma’lumki, bosh miya markaziy asab tizimi organi bo‘lib, u bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan asab hujayralari va tolalaridan tashkil topadi.
Keling, endi bosh miyamiz haqida quyidagi qiziqarli ma’lumotlarni keltirib o‘tsak:
1. Har safar biror nimani eslab qolganingizda, miyada yangi neyron aloqalari shakllanadi.
2. Kishi uyg‘ongach, uning miyasi uncha katta bo‘lmagan lampochka ishlashi uchun yetarli bo‘lgan energiyani ishlab chiqaradi.
3. Inson miyasi 50 yoshgacha shakllanadi.
4. Alkogol tufayli miya vaqtinchalik eslab qolish qobiliyatini yo‘qotadi.
5. Inson tug‘ilganda asab hujayralari ulg‘aygan davriga nisbatan ancha ko‘p bo‘ladi.
6. Bosh miyaning faqatgina o‘ng yoki chap taraf pallasi ishlashi haqidagi gaplarning barchasi uydirma. Aslida, ular o‘zaro ma’lumot almashgan holda ishlashadi.
7. Oiladagi shafqatsizlik bolaning miyasiga juda qattiq salbiy ta’sir qiladi.
10. Shokolad hidi teta-ritmni ishlab chiqarishni faollashtiradi, bu esa o‘z navbatida insonni tinchlantirib, bo‘shashtiradi.
11. Albert Eynshteynni tanasini yorib ko‘rgan patologoanatom uning miyasini o‘g‘irlab, 20 yil davomida formalinli eritmada saqlagan.
13. Uyali aloqa vositalarida uzoq suhbatlashish, bosh miyada o‘simta paydo bo‘lishi xavfini kuchaytiradi.
14. Yosh bolalar miyasi organizmdagi glyukozaning 50 foizini sarflaydi, shu tufayli bolalarga ko‘p uyqu zarur.
15. Miya tanadagi barcha kislorod va qonning 20 foizini sarflaydi.
16. Siz biron bir yangilikni aniqlasangiz, miyaning tuzilishi o‘zgaradi.
18. Me’yordan kam uxlash miya faoliyatiga ya’ni reaksiyalar sekinlashuviga va mulohaza yuritish yomonlashuviga ta’sir qiladi.
19. Miyaning yarmi jarrohlik yo‘li bilan xotiraga ta’sir qilmagan holda olib tashlanishi mumkin.
20. 2015 yilda quvvati bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turuvchi superkompyuterga inson miyasining bir soniyalik faolligini ko‘rsatish uchun 40 daqiqa vaqt kerak bo‘ldi.
21. Amerikalik ixtirochi Reymond Kursveylning fikriga ko‘ra, 2023 yilda shaxsiy kompyuterlar inson miyasi quvvatini hisoblash darajasiga yetadi.
22. Inson miyasi 100 milliard neyronlardan va trillion hujayralardan tashkil topgan.
24. Olimlarning fikriga ko‘ra, diyeta (parhez) miya “o‘zini o‘zi” yeyishga olib kelishi mumkin.
25. Unutish – miya uchun foydali bo‘lib, kerakmas ma’lumotlarni miyadan o‘chirib yuborish, miya egiluvchanligini saqlab qoladi.
Mohira ZUFAROVA
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Shukuh
Mamlakatimizda muborak Qurbon hayitini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlash yaxshi an’anaga aylangan. Bayram kunlari yurtimizda mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Ushbu muborak ayyomda qarindosh-urug‘lar, yaqinlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinadi, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam beriladi, qisqacha aytganda, jamiyatda birdamlik va ahillik muhiti yana ham mustahkamlanadi.
Kezi kelganda, bugun mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqanini, barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham ko‘plab islohotlar amalga oshirilayotganini, yutuqlarga erishilayotganini alohida qayd etish lozim.
Yangi O‘zbekistondagi bu muvaffaqiyatlar zamirida fuqarolarning vijdon erkinligi huquqlarini ta’minlash borasidagi yangilik va yengilliklarni alohida qayd etish, xususan, ikki muhim hujjatni eslab o‘tish lozim.
Birinchisi — “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun, ikkinchisi — Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni. Ushbu ikki muhim hujjat tom ma’noda diniy-ma’rifiy soha samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi.
Farmonga asosan, ko‘hna Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu xalqimiz, xususan, diniy-ma’rifiy soha vakillari uchun katta xushxabardir. Ushbu markaz tom ma’noda buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish kabi asosiy vazifalarni bajaradi. Naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etadi. Tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qiladi va soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
Sirasini aytganda, ushbu markaz ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi singari uchinchi Renessansni qaror toptirish yo‘lidagi yana bir mustahkam ilm va aql markazi bo‘ladi, albatta.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Prezidentining Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi — Samarqand shahri 2025 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Poytaxtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz hamda xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanajak, albatta.
Shukrki, maqtansak arziydigan bu kabi xushxabar va yangiliklar bisyor. Ayniqsa, ayni hayit kunlarida bu yurtdoshlarimiz kayfiyatini yanada ko‘tarishi, bayramga o‘zgacha shukuh qo‘shishi muqarrar.
Kezi kelganda aytish joizki, muborak Qurbon hayitining ahamiyati yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi sharoitda tobora ortib bormoqda. Bu muborak kunda yaqinlar bilan ko‘rishish, uzoqlashgan do‘stlar bilan yarashish, qarindosh-urug‘larga ziyoratga borish — barchasi mehr-oqibat va insonlar o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustahkamlaydi.
Hayit faqat bayramgina emas, balki ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz tarannumi hisoblanadi. Odatda ushbu ayyomda hamma bir-birini bayram bilan samimiy muborakbod etadi, qurbonliklar qilinadi. Qurbonlik go‘shtidan va taomidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan insonlar, turli millat va din vakillariga ulashiladi. Bu, o‘z navbatida, saxiylik, shukronalik, jamiyatdagi tenglikni ta’minlashga qaratilgan ulkan ibrat hamda muhtojlar, yetim-yesirlar va e’tiborga muhtoj insonlar haqida qayg‘urishning amaliy ifodasi, qolaversa, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.
Hayit ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Homidjon ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.