Insonda ruh va nafs bordir. Ruhning ozuqasi shariatga muvofiq bo‘lgan barcha amallar bo‘lib, kimki biron shar’iy amalni qilsa ruh quvvatlanadi. Mana shu sababdan namoz o‘qib bo‘lgach ruhiy taskinlik topiladi.
Nafsning istagi esa shariatning xilofi bo‘lgan narsalar bo‘lib, o‘sha amal sabab nafsi ammora quvvatlanadi. Namoz qazo bo‘lganida, qazoni o‘qimay yuraverish, o‘qish qiyin bo‘lishi o‘sha nafsi ammora istagi bo‘lib, u shundan quvvatlanaveradi.
Ruh va nafs bir-birining ziddi bo‘lib birining quvvatlanishi ikkinchisini kuchsizlanib, quvvatsiz bo‘lishiga olib boradi.
Musulmon kishi ibodatlarga qancha haris bo‘lsa, namozini vaqtida o‘qisa, zakotini ta’xirsiz ado qilsa, sadaqotlari to‘kis bo‘lsa, Kalamulloh tilovatida bardavom bo‘laversa, ruhi quvvatlanib, nafsi ammorasi kuchsizlanaveradi. Ibodatlar unga sevimli bo‘laveradi.
Kimki shahvatiga qul bo‘lib, zinoga giriftor bo‘lsa, halol-harom farqiga bormasdan luqmasiga e’tiborsiz bo‘laversa, nafsi kuchayib, ruhi quvvatsizlanaveradi. Oqibatda ibodatlar uning uchun qiyin, yoqimsiz bo‘laveradi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qiladi:
وَمَا أُبَرِّئُ نَفْسِي ۚ إِنَّ النَّفْسَ لَأَمَّارَةٌ بِالسُّوءِ إِلَّا مَا رَحِمَ رَبِّي ۚ إِنَّ رَبِّي غَفُورٌ رَّحِيمٌ
«Va o‘z nafsimni oqlamayman. Albatta, nafs, agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka ko‘p undovchidir. Albatta, Robbim mag‘firatli va bilguvchidir», dedi. Yusuf surasi. 53 oyat.
Mana bu muborak oyatda Robbimiz jalla sha’nuhu bizlarga nafsi ammoramiz holatini bayon qilib, O‘zi rahm qilmasa holimiz xarob bo‘lishini ta’kidlamoqda. Robbimizning bizga rahm qilishi esa, shariatga muvofiq amallarga muyassar qilishi bilan bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni istiqomati shariatda mahkam qilsin.
Imom Rabboniy (q.s)ning
Maktubot kitobi asosida
Sunnatulloh Abdulbosit tayyorladi.
No‘monxon Yahyoxon,
Toshkent islom instituti talabasi.