Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Islom ta’limoti iloji boricha oilani mustahkamlashga amr qiladi

26.07.2024   2655   9 min.
Islom ta’limoti iloji boricha oilani mustahkamlashga amr qiladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ota-onaga yaxshilik qilishga, ularning itoatida bo‘lishga juda ko‘p targ‘ib qilinadi. Ularning farzanddagi haqlari juda yuqori martabaga qo‘yiladi. Ammo hamma narsaning chegarasi bo‘lganidek, ota-onaga yaxshilik va itoat qilishning ham chegarasi bor. Quyida shu chegara haqida so‘z yuritiladi
عَنْ مُعَاوِيَةَ بْنِ الرَّيَّانِ؛ أَنَّهُ سَمِعَ رَجُلًا يَسْأَلُ عَطَاءً عَنْ رَجُلٍ لَهُ أُمٌّ وَامْرَأَةٌ، وَالْأُمُّ لَا تَرْضَى إِلَّا بِطَلَاقِ امْرَأَتِهِ، قَالَ: لِيَتَّقِ اللهَ فِي أُمِّهِ وَلِيَصِلْهَا. قَالَ: أَيُفَارِقُ امْرَأَتَهُ؟ قَالَ عَطَاءٌ: لَا. قَالَ الرَّجُلُ: فَإِنَّهَا لَا تَرْضَى إِلَّا بِذَلِكَ. قَالَ عَطَاءٌ: فَلَا أَرْضَاهَا اللهُ، امْرَأَتُهُ بِيَدِهِ إِنْ طَلَّقَهَا فَلَا حَرَجَ، وَإِنْ حَبِسَهَا فَلَا حَرَجَ.

Muoviya ibn Rayyondan rivoyat qilinadi:
«U bir kishining Atodan onasi va xotini bo‘lgan, onasi xotinini taloq qilishidan boshqa ishga rozi bo‘lmayotgan bir kishi haqida savol so‘raganini eshitdi. Shunda u: «Onasi borasida Allohga taqvo qilsin va unga silai rahm qilaversin», dedi. «Xotinini qo‘yib yuboradimi?» dedi. «Yo‘q», dedi Ato. Shunda haligi odam: «Onasi shundan boshqaga rozi bo‘lmayapti», dedi. «Uni Alloh rozi qilmasin! Xotini qo‘lida. Taloq qilsa ham tanglik yo‘q, tutib qolsa ham tanglik yo‘q», dedi».


Sharh: Ota-ona farzandni Allohning g‘azabini keltiradigan narsaga buyurganda uni qilmaslik kerak bo‘ladi. Taloq xuddi shunday narsa. Agar taloq tushsa, Rahmonning Arshi larzaga keladi, deyiladi. Shuning uchun bu rivoyat ona bolasidan xotinini taloq qilishni qattiq talab qilsa ham, bunga ruxsat yo‘qligining dalili sifatida keltirilibdi. 


Allohning amriga, dinning ta’limotiga qaralsa, ota-onaning haqqi juda ulug‘. Bu haqiqatni har bir musulmon, kim bo‘lishidan qat’i nazar, yaxshi biladi va ota-onaning haqqini qo‘ldan kelganicha ado etishga harakat qiladi. Ammo dunyodagi barcha maxluqotlarga oid narsalarning chegarasi bo‘lgani kabi, ota-ona haqqining ham chegarasi bor. Bandaning Allohning amriga zid bo‘lgan xohishi rad qilinadi. Xoliqqa ma’siyat bo‘ladigan narsada maxluqqa itoat qilinmaydi.


Islom ta’limotida iloji boricha oilani mustahkamlashga amr qilingan. Boshqa birovning, agar o‘sha birov ota-ona bo‘lsa ham, xohishiga binoan oilani buzishga ruxsat yo‘q. Bu haqiqatni barcha ulamolar o‘zlarining qadimgi va yangi kitoblarida ta’kidlaganlar.


Muhammad ibn Muflih ibn Muhammad Maqdisiyning «Al-Odobush-Shar’iyya» nomli kitobida bu ma’noda alohida fasl bor. Unda jumladan, quyidagilar aytiladi:
«Fasl: Xotinini taloq qilishda ota-onaga itoat qilish vojib bo‘lmaydi. Agar otasi unga xotinini taloq qilishni amr etsa, ijobat qilmaydi. Buni as'hoblarimizning ko‘pi zikr qilgan». 


Shayx Taqiyyuddin onasi tomonidan xotinini taloq qilish amr qilingan kishi haqida: «Uning uchun xotinini taloq qilish halol bo‘lmaydi. U onasiga yaxshilik qilaveradi. Xotinini taloq qilish onasiga yaxshilik qilishdan emas», degan.


Bu ma’nodagi hukmlar hozirgi fiqhiy kitoblarda ham kelgan. 
Xuddi shu ma’no qizini majburlab ajratib olishga urinadigan ota-onalar haqida ham aytiladi.


Shariatning hukmi shu bo‘lganidan keyin, ota-onalar insof qilishlari va o‘z farzandlarining oilasini buzishni o‘zlariga ep ko‘rmasliklari kerak.


«Bir kishi imom Ahmaddan: «Otam xotinimni taloq qilishimni buyurmoqda», deb fatvo so‘radi. «Uni taloq qilma!» dedi. «Umar roziyallohu anhu o‘g‘li Abdullohga xotinini taloq qilishni amr qilgan emasmi?» dedi. «Otang Umar roziyallohu anhudek bo‘lganda sen ham qilasan», dedi».


Ya’ni «Otang Umarga o‘xshab haq va adolatni, havoyi nafsga ergashmaslikni biladigan darajaga yetmaguncha, xotiningni taloq qilmay tur» («Mavsu’a Fiqhiyya». 80-juz. 71-72-betlar).
عَنْ حُمَيْدٍ، عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: قِيلَ لَهُ: رَجُلٌ أَمَرَتْهُ أُمُّهُ أَنْ يُطَلِّقَ امْرَأَتَهُ؟ قَالَ الْحَسَنُ: لَيْسَ الطَّلَاقُ مِنْ بِرِّهَا فِي شَيْءٍ.

Humayddan rivoyat qilinadi:
«Hasanga: «Bir kishini onasi xotinini taloq qilishga buyurdi?» deyishdi. (Shunda) Hasan: «Taloq onaga yaxshilik qilish ishlaridan emas», dedi».


Sharh: Odamlar tarafidan Hasan Basriy rahmatullohi alayhiga: «Bir odamning onasi «Xotiningni taloq qilasan», deb turib olsa, nima qiladi?» deyilgan ekan. Hasan Basriy rahmatullohi alayhi aytibdilarki, «Xotinini taloq qilish onaga yaxshilik bo‘ladigan ishlardan emas». Ya’ni onaning xursandchiligi uchun qilinadigan ish emas. Bu esa onasi «Xotiningni taloq qilasan», deb turib olsa, taloq qilish kerak emas. Onasining bu talabi noto‘g‘ri talab, noshar’iy talab. Uni qilmasa, bolasi gunohkor bo‘lmaydi, deganidir.


عَنْ أَبِي سِنَانٍ قَالَ: سَمِعْتُ سَعِيدَ بْنَ جُبَيْرٍ قَالَ: لُدِغْتُ، فَأَمَرَتْنِي أُمِّي أَنْ أَسْتَرْقِيَ، فَكَرِهْتُ أَنْ أَعْصِيَهَا، فَنَاوَلْتُ الرُّقَا بِيَدِي الَّتِي لَمْ تُلْدَغْ.

Abu Sinandan rivoyat qilinadi:
«Sa’id ibn Jubayrning shunday deganini eshitdim: «Meni chayon chaqib oldi. Onam menga riqoni ishlatishimni amr etdi. Unga osiy bo‘lishni istamadim va riqoni chaqilmagan qo‘lim bilan tutdim».


Sharh: Sa’id ibn Jubayr tobe’inlarning juda ulug‘ olimlaridan bo‘lgan. Bir kuni u kishining qo‘llarini chayon chaqib olibdi. Onalari jon holatda johiliylarning «riqo» deb nomlanadigan tumorini tutqazib: «Mana shuni surkasang, yaxshi bo‘ladi, shuni surkasang, yaxshi bo‘ladi», debdi. «Shunda, onamning ko‘ngli qolmasin, ya’ni men u kishiga osiy bo‘lmayin, dedim-da, haligi tumorni olib, sog‘ qo‘limga surtdim», deydi Sa’id ibn Jubayr. 
Bu yerda onani xafa qilmaslik uchun hiyla ishlatilgan, lekin e’tiqodga zarar yetadigan narsa qilinmagan. O‘sha narsa meni tuzatib yuboradi, deb e’tiqod qilish shirkka olib boradi. Albatta, mo‘min-musulmon odam bunday qilmaydi. Ona tushunmasdan, haligi gapni aytib turibdi. Olim odam onamni xafa qilmay, deb, tumorni olib, sog‘ qo‘liga surtibdi. Chaqilgan qo‘l og‘rib turgan, lekin bir yo‘la ikki narsaning ham uddasidan chiqqan ekanlar. Ya’ni onalarini ham rozi qilganlar, shirkka ham yo‘l qo‘ymaganlar.


Demak, ba’zi ota-onalar tushunmasdan, noshar’iy ishlarni qilishni talab etganlarida, hiyla ishlatib bo‘lsa ham, gunohga yaqin yo‘lamaslik chorasini axtarish kerak.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ قَالَ: كَانَتْ عِنْدِي امْرَأَةٌ، وَكُنْتُ أُحِبُّهَا، وَكَانَ أَبِي عُمَرُ يَكْرَهُهَا، فَأَمَرَنِي أَنْ أُطَلِّقَهَا، فَأَبَيْتُ، فَذَكَرَ ذَلِكَ لِلنَبِيِّ ، فَدَعَانِي: «يَا عَبْدَ اللهِ، طَلِّقِ امْرَأَتَكَ».

Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilinadi:
«Mening bir ayolim bor edi. Uni yaxshi ko‘rar edim. Lekin otam Umar uni yoqtirmas edi. U menga uni taloq qilishimni buyurdi. Men xohlamadim. U buni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zikr qildi. Shunda u zot meni chaqirib: «Ey Abdulloh! Xotiningni taloq qil!» dedilar». 


Sharh: Bu yerdagi rivoyat oldingilariga tamoman teskari. Ota taloq qilishni so‘rayapti. Bola esa xohlamayapti. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa otani qo‘llayaptilar. Bu yerda gap kimning ustida ketayotganiga e’tibor berish lozim, ya’ni hazrati Umar roziyallohu anhuning ilmlariga va e’tiqodlariga zarracha shubha bo‘lmagani uchun gap boshqacha bo‘lmoqda. Zero, hazrati Umar – ulug‘ odam, mujtahidlarning mujtahidi, Rasulullohning eng yaqin kishilari. U kishi o‘g‘illarining adashganini yaxshi bilgan bo‘lsalar kerak. Kelindagi bir narsani ko‘rib, aniqlamasalar va shariatga muvofiq bo‘lmasa, gapirmas edilar. Ya’ni, hazrati Umar roziyallohu anhu noshar’iy gapni o‘g‘liga aytib, «Shunday qil», deb buyurmasdilar. 


Shu aytayotgan buyruqlarida o‘g‘illariga ham, o‘zlariga ham, taloq qilinayotgan xotinga ham shar’iy jihatdan yaxshilik borligi uchun qilganlar bu ishni. Ana shuni e’tiborga olish lozim. 


Buni umumiy qilib, hazrati Umar o‘g‘liga xotinini taloq qilish haqida buyruq bergan ekan, biz ham shunday qilsak, sunnat bo‘lar ekan, demaslik kerak. Biz sahobiyning amalini qilamiz, degan gap bo‘lmasligi lozim. U kishi buni bilib turib, hamma yog‘ini joy-joyiga qo‘yib qilganlar.


Yuqorida ham zikr qilib o‘tilganidek, imom Ahmad ibn Hanbaldan bir odam: «Otam xotinimni taloq qilishimni buyurmoqda», deb fatvo so‘radi. «Uni taloq qilma!» dedilar. «Umar roziyallohu anhu o‘g‘li Abdullohga xotinini taloq qilishni amr qilgan emasmi?» dedi haligi odam. Shunda u kishi: «Otang Umar roziyallohu anhudek bo‘lganda sen ham qilasan», deb rad qildilar.


Mashhur hanafiy olimlardan Mullo Ali Qori ota-onaga zulm bo‘lsa ham, yaxshilik qilish haqidagi gap borasida: «Bu ayni kamoldir. Ammo joizlikning asli e’tiboridan, (ota-ona tomonidan) xotini bilan ajrashish haqida amr bo‘lsa, uni taloq qilish lozim bo‘lmaydi. Agar ota-ona qattiq ozor topsalar ham», degan.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mehr-oqibat, shodlik, xayr-saxovat ayyomi

06.06.2025   6185   4 min.
Mehr-oqibat, shodlik, xayr-saxovat ayyomi

Shukuh


Mamlakatimizda muborak Qurbon hayitini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlash yaxshi an’anaga aylangan. Bayram kunlari yurtimizda mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘ladi.

Ushbu muborak ayyomda qarindosh-urug‘lar, yaqinlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinadi, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam beriladi, qisqacha aytganda, jamiyatda birdamlik va ahillik muhiti yana ham mustahkamlanadi.

Kezi kelganda, bugun mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqanini, barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham ko‘plab islohotlar amalga oshirilayotganini, yutuqlarga erishilayotganini alohida qayd etish lozim.

Yangi O‘zbekistondagi bu muvaffaqiyatlar zamirida fuqarolarning vijdon erkinligi huquqlarini ta’minlash borasidagi yangilik va yengilliklarni alohida qayd etish, xususan, ikki muhim hujjatni eslab o‘tish lozim.

Birinchisi — “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun, ikkinchisi — Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni. Ushbu ikki muhim hujjat tom ma’noda diniy-ma’rifiy soha samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi.

Farmonga asosan, ko‘hna Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu xalqimiz, xususan, diniy-ma’rifiy soha vakillari uchun katta xushxabardir. Ushbu markaz tom ma’noda buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish kabi asosiy vazifalarni bajaradi. Naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etadi. Tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qiladi va soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.

Sirasini aytganda, ushbu markaz ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi singari uchinchi Renessansni qaror toptirish yo‘lidagi yana bir mustahkam ilm va aql markazi bo‘ladi, albatta.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Prezidentining Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi — Samarqand shahri 2025 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

Poytaxtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz hamda xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanajak, albatta.

Shukrki, maqtansak arziydigan bu kabi xushxabar va yangiliklar bisyor. Ayniqsa, ayni hayit kunlarida bu yurtdoshlarimiz kayfiyatini yanada ko‘tarishi, bayramga o‘zgacha shukuh qo‘shishi muqarrar.

Kezi kelganda aytish joizki, muborak Qurbon hayitining ahamiyati yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi sharoitda tobora ortib bormoqda. Bu muborak kunda yaqinlar bilan ko‘rishish, uzoqlashgan do‘stlar bilan yarashish, qarindosh-urug‘larga ziyoratga borish — barchasi mehr-oqibat va insonlar o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustahkamlaydi.

Hayit faqat bayramgina emas, balki ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz tarannumi hisoblanadi. Odatda ushbu ayyomda hamma bir-birini bayram bilan samimiy muborakbod etadi, qurbonliklar qilinadi. Qurbonlik go‘shtidan va taomidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan insonlar, turli millat va din vakillariga ulashiladi. Bu, o‘z navbatida, saxiylik, shukronalik, jamiyatdagi tenglikni ta’minlashga qaratilgan ulkan ibrat hamda muhtojlar, yetim-yesirlar va e’tiborga muhtoj insonlar haqida qayg‘urishning amaliy ifodasi, qolaversa, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.

Hayit ayyomingiz muborak bo‘lsin!

 

Homidjon ISHMATBЕKOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.

Maqolalar