Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2025   |   25 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
21 Iyun, 2025, 25 Zulhijja, 1446

Qon chiqsa tahorat sinadimi?

30.07.2024   10785   3 min.
Qon chiqsa tahorat sinadimi?

Ikki yo‘ldan odatda chiqadigan bavl, axlat, yel, maziy, vadiy, maniy hamda noodatiy chiqadigan qurt, tosh, ozgina qon singari narsalar tahoratni buzuvchi ekanligida jumhur ulamolar ittifoq qilishgan. Faqatgina Imom Molik rohimahulloh odatdan tashqari holda ikki yo‘ldan chiqadigan qurt, tosh, istihoza qoni va doimiy siydik tomim turishi, ich ketishi, tinmay yel kelib turishi singari narsalar tahoratni buzuvchilarga kirmasligini aytganlar.

Ikki yo‘ldan boshqa joydan chiqqan narsalar borasida esa mazhabboshilar o‘rtasida ham ixtiloflar mavjud.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra ikki yo‘ldan boshqa joydan chiqqan narsa najosat bo‘lsa va u tananing poklanishi lozim bo‘ladigan qismiga oqib o‘tsa tahorat buziladi. Bularga qon, yiring kabilar kiradi. Bunday najosatlar tahoratni buzishi uchun oquvchi bo‘lishi darkor. 

Oquvchi bo‘lish sharti jarohat doirasidan tashqariga oqib chiqadigan bo‘lishligidir.  Ko‘zdan va jarohatdan chiqqan qon ko‘z va jarohat doirasidan chiqmasa tahorat buzilmaydi.

Mazhabimizga ko‘ra oquvchi qon tahoratni buzuvchi sanaladi.  Boshqa mazhablarda va ayrim toifalarda esa ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiqqan qon tahoratni buzmasligini aytishadi. Imom Ahmad rohimahulloh “ko‘p qon chiqsa tahoratni buzadi”, deganlar. 

Keling, mazhabimizni qo‘llab quvvatlovchi dalillardan ba’zilarini keltirib o‘taylik:

1) Rosulloh sollallohu alayhi vasallam:

الوضوء من كل دم سائل

ya’ni, “Har bir oquvchi qondan tahorat qilish bor”, deganlar (Doroqutniy rivoyati, 581).

2) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Tahorat yetti narsadan qayta qilinadi”, deganlar. Og‘iz to‘la qayt qilishni, oquvchi qonni, qahqaha otib kulishni (namozda) va uxlashni ular jumlasidan sanab o‘tganlar (Bayhaqiy rivoyati).

3) Oisha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda onamiz aytadilar: “Fotima bintu Abu Hubaysh Payg‘ambar alayhissalom oldilariga kelib: “Ey Allohning rosuli men istihoza qoni ko‘raman. Hech pok bo‘lmayman. Namoz o‘qishni tark qilib turayinmi?”, deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom: “Yo‘q, bu narsa hayz emas, faqatgina tomirdan keluvchi qondir. Qachon odatda hayz ko‘radigan kunlaring kelsa, namoz o‘qimay turasan. U kunlar tugasa o‘zingdan qonni yuvib tashlab, (g‘usl qilgach) har bir namoz (vaqti) uchun alohida tahorat olasan ”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim).

Bu hadisda Payg‘ambar sollallohu alayh vasallam tahorat qilishni vojib qiluvchi illatni bayon qilib berganlar. U esa ayoldan chiqqan qon tomirdan chiquvchi qon ekanligidir. Tomirdan chiquvchi deb ifodalanishi ikki yo‘ldan chiquvchi qonni ham ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiquvchi qonni ham o‘z ichiga qamrab oladi. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayh vasallam Fotima bintu Abu Hubayshga har bir namoz uchun tahorat qilishga buyurdilar.

Shu va shunga o‘xshash dalillar hamda ibodat masalalarida ehtiyotini olish afzalligi sababli mazhabboshilarimiz ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiquvchi qon poklanishi lozim bo‘lgan joyga oqib o‘tsa tahoratni buzishligiga hukm qilganlar. Boshqa o‘ringa oqishligi chiquvchi qon ko‘pligi ma’nosidadir. Zero, ukol qilishda shpritsga qon tortilsa, poklanishi lozim bo‘lgan joyga oqmasada tahorat buziladi. Chunki tortilgan qon oquvchi hukmiga o‘tadi.

A’zamjon Saminov,
“Hidoya” madrasasi mudarrisi

Boshqa maqolalar

Xatolarni necha marotaba avf qilay?

18.06.2025   4594   1 min.
Xatolarni necha marotaba avf qilay?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Bandadan xato sodir bo‘lmasligi mumkin emas, balki sodir bo‘lgan xatolarni tuzatishga intilish — ana shu bandalik xususiyatidir. Odam bolasidan xato sodir bo‘lishi oddiy hol. Xatolarni afv etish esa hamma ham qila olmaydigan, oxiratda sharaf bo‘ladigan xislatdir.

Yevropalik bir faylasuf: «Olovni haddan ziyod yoqib yuborma, dushmandan oldin o‘zingni kuydirib qo‘ymasin», deydi.

Bir odam hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Men seni shunday haqorat qilamanki, u sen bilan birga qabringgacha boradi», dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu: «Sening haqorating qabrgacha men bilan emas, balki o‘zing bilan birga boradi», dedilar.

Xullas, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uning axloqsizligiga e’tibor ham bermadilar.

Qur’oni Karim johil kishilardan yuz o‘girib o‘tib ketishni va behuda ishlardan batamom saqlanishni ta’lim bergan va ta’kidlagan.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli! Xizmatkorimning xatolarini necha marotaba avf qilayin?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga javob qilmay jim turdilar. U yana qayta so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har kuni yetmish marotaba» dedilar.

Imom Termiziy rivoyati.

Hadisdan olinadigan foyda shuki, xatolarni avf qilishning haddi belgilangan emas. Agar xodim har kuni yetmish marotaba xato qilsa ham, uni kechirish go‘zal xulq va rahm-shafqatning talabidir.

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan