Islom dini odamlarning doimo bir-birlariga yaxshilik qilishga amr qiladi. Jumladan, shu go‘zal dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan ota-onasiga yaxshlik qilish lozimligini tushuntirgan. Ota-ona har bir inson uchun juda mo‘tabar, e’zozli ulug‘ kishilardir. Ota-ona kim bo‘lishidan qat’i nazar, ularni hurmat-ehtirom bilan ularga yaxshilik qilish har bir farzand uchun zarur bo‘lgan vazifalardandir. Alloh taolo Qur’oni karimda ota onasiga yaxshilik qilishga amr qilib bunday deydi: “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik...” (Ankabut, 8).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar: «Allohning roziligi ota-onaning roziligi va Allohning g‘azabida ota-onaning g‘azabidadir» (Abu Dovud rivoyati).
Shuningdek, kimki Alloh taoloni rozi etaman desa, ota-onasini rozi qilishga harakat qilsin. Chunki ota-ona farzandi uchun qilgan duolari maqbul bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilarki: “Uch duo darhol qabul bo‘ladi. Ularda hech qanday shak-shubha yo‘qdir. Mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandlarini koyib qilgan duosi” (Buxoriy rivoyati).
Bir kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam! Sizning huzuringizga hijrat qilish va jihod qilishga bay’at qilish uchun keldim”, – dedi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota-onangdan birortasi hayotmi?”, – deb so‘radilar. U: “Ha, ikkisi ham hayotlar”, – dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan ajr olishni istaysanmi?” – dedilar. U kishi: “Ha”, – dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota-onang huzuriga qaytib bor, keyin ular bilan birga bo‘lib, yaxshilik qil”, – dedilar.
Bu hadisdan bizga ma’lum bo‘ladiki, bizning hayoti dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni hurmat-izzitini joyiga qo‘yib, ularga xizmat qilib duolarini olishimiz kerak ekan. Chunki, ota-onaning xizmati barcha ezgu amallardan, qolaversa, o‘zi o‘nib o‘sgan diyoridan boshqa joyga mol-dunyo va ahli-oilasini tashlab hijrat qilishdek, hamda mushriklar tamonidan ezilyotgan mo‘minlarga yordam berish savobidan ko‘ra sharafli amal ekanligi ko‘rinib turibdi. Alloh barchalarimizniing dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni o‘tganlarini Alloh rahmat qilsin va borlarini salomat qilsin.
Manbalar asosida tayyorlandi.
Qodirxon Azizov,
Kosonsoy tuman bosh imom xatibi.
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati