Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: "Bas, namoz tugagandan so‘ng yer yuzi bo‘ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling va Allohni ko‘p eslang, shoyadki, yutuqqa erishsangiz" (Juma surasi, 10-oyat).
Kahf surasi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim juma kuni Kahf surasini o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi gunohlari kechiriladi", dedilar (Abu Bakr ibn Marduyah rivoyat qilgan).
Duxon surasi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim juma kechasi "Ha mim" (Duxon surasi)ni qiroat qilsa, mag‘firat qilinadi", dedilar.
Nabiy alayhissalom: "Kim juma kechasi "Ha mim"ni o‘qisa, yetmish ming farishta tonggacha uning haqqiga istig‘for aytib chiqadi", deganlar.
Yosin surasi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Yosin Qur’onning qalbidir. Kim uni Allohni va oxirat kunini umid qilib o‘qisa, albatta, mag‘firat qilinadi...", deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Hud surasi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Hud surasini juma kuni o‘qinglar", deganlar.
Oli Imron surasi.
Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu aytadilar: "Kimki kechasi "Oli Imron" surasini o‘qisa, unga kechani bedor o‘tkazganlik savobi yoziladi".
Bir asarda: "Kim juma kuni Oli Imron surasini o‘qisa, 70 ming farishta kechgacha istig‘for aytadi".
Ixlos, falaq va naas surasi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma namozidan keyin "Qul huvallohu ahad", "Qul a’uzu birobbil falaq" va "Qul a’uzu birobbin naas" suralarini yetti marta o‘qisa, Alloh taolo uni keyingi jumagacha yomonlikdan saqlaydi», dedilar (Ibn Sunniy rivoyati).
Juma kuni ushbu duoni 4 marta o‘qishni ham unutmang:
"Allohumma yaa g‘oniy, yaa hamiyd, yaa mubdiu, yaa mu’iyd, yaa rohiym, yaa vaduud ag‘niniy ’an haromika va bitoa’tika ’an ma’siyatika va bifazlika ’amman sivaak".
Davron NURMUHAMMAD
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati